Tanzila Norboyeva Jahon banki vitse-prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston 12:28 / 19.07.2019 8060

2019 yil 18 iyul kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar qilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari, uning mamlakatdagi ijtimoiy va iqtisodiy loyihalarda ishtirok etish rejalari haqida fikr almashildi. Jumladan, hozirgi vaqtda ikki tomonlama hamkorlik portfeli 5,3 mlrd. dollar miqdoridagi 40 dan ortiq kredit liniyalarini o‘z ichiga oladi.

Bank vitse-prezidenti O‘zbekiston Respublikasi prezidentining mamlakat butun aholisi hayoti uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga va har bir fuqaroning manfaatlarini, jumladan “Obod qishloq”, “Har bir oila – tadbirkor” kabi dasturlar doirasida ta'minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar bo‘yicha siyosatiga yuqori baho berdi.

Bolalar mehnatiga chek qo‘yish, majburiy mehnatning oldini olish, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek gender tenglikni ta'minlash masalalarida O‘zbekistonning erishgan yutuqlari qayd etildi. Mamlakatda yuz berayotgan ijobiy yangilanishlarda va amalga oshirilayotgan islohotlarda Oliy Majlisning faol qonunchilik faoliyati orqali qo‘shayotgan hissasiga alohida urg‘u berildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti rahbarligida valuta bozorini erkinlashtirish, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, savdo va investitsiyalar yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash, investitsiyalarni jalb qilish va eksportni rag‘batlantirish maqsadida biznes yuritish va bozorlarni ochish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali milliy iqtisodiyotni va ijtimoiy sohani isloh qilish borasida salmoqli qadamlar tashlangani ta'kidlandi. Amalga oshirilgan ishlar aholi farovonligi darajasini oshirish va mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta'minlash yo‘lida sezilarli natijalarga erishish imkonini berdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha fuqarolarning turmush darajasi va daromadlarini yanada oshirishga, shuningdek aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi qonunlarni ishlab chiqishda parlament salohiyatini mustahkamlash, bank ekspertlari ko‘magidan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: