Shavkat Mirziyoyev turizm to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

O‘zbekiston 09:32 / 19.07.2019 15128

Turizm to‘g‘risidagi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonun bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga turizm obektlari to‘g‘risida ma'lumot beruvchi hamda ularni targ‘ib qiluvchi turistik axborot markazlari tashkil etiladi.

Qonunga muvofiq, turoperatorlik va turagentlik faoliyati, shuningdek sayohatlar tashkil etishga doir boshqa faoliyat turistik faoliyat hisoblanadi.

Turoperatorlar va turagentlar faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Lisenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.

Ekskursiya xizmatlari ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan jismoniy shaxslarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olish talab qilinmaydi. 

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar Qo‘mita tomonidan beriladigan sertifikat olganidan keyin, yuridik shaxs tashkil etmasdan mustaqil ravishda xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.

Qonunga muvofiq, Qo‘mita O‘zbekistonning Milliy turistik belgisini ishlab chiqadi.

Mazkur Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: