Davlat budjeti hisobidan davolanish huquqini beruvchi kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi

O‘zbekiston 11:28 / 19.07.2019 35443

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolanish huquqini beruvchi kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida patologiyali homilador ayollar uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolanish huquqini beruvchi kasallik (holat)lar ro‘yxati:

1. Yurak qon tomir kasalliklari:

Tug‘ma va orttirilgan yurak nuqsoni bor va qon aylanishi buzilishi kuzatilgan;

barcha turdagi kardiomiopatiyalar;

yurak ritmi buzilishi bilan miokardit va endokarditlar;

yurakda rekonstruktiv jarrohlikdan so‘nggi holatlar.

2. Nafas sistemasi kasalliklari:

nafas yetishmovchiligini II-III darajasi bilan asoratlangan o‘pka kasalliklari;

bronxial astma og‘ir shakllari;

3. Jigar kasalliklari:

jigar sirrozi;

faol davridagi surunkali gepatitlar “S”, “D”, “V”.

4. Qandli diabet kasalligi.

5. Toksik buqoq kasalligining dekompensatsiya bosqichi yurak ritmi buzilishi bilan: tireotoksikoz, diffuz toksik buqoq III darajasi.

6. Buyrak kasalliklari:

yagona buyrak;

ikkilamchi burishgan buyrak kasalligi;

glomerulonefrit;

surunkali buyrak yetishmovchiligi;

nefrostoma qo‘yilgan homilador ayollar.

7. O‘ta og‘ir akusherlik anamnezi bor homilador ayollar:

uchtadan ko‘p bo‘lgan 22 haftagacha homila tushgan holatlar anamnezda kuzatilgan homilador ayollar;

ikkitadan ko‘p bo‘lgan 22 haftadan katta erta tug‘ish holatlar (perinatal yuqotishlar bilan) anamnezda kuzatilgan homilador ayollar;

anamnezida ikkita va undan ko‘p kasal/nogiron tug‘ilgan chaqaloqlar bor homilador ayollar.

8. Qon va qon yaratuvchi a'zolar kasalliklari:

kamqonlikning og‘ir shakli (gemoglobin 70 g/l va undan kam) tug‘ma va orttirilgan trombotsitopatiyalar va b.

9. Biriktiruvchi to‘qimalar tizimli kasalliklari (kollagenoz):

tizimli qizil yugurik, poliarteriit, sklerodermiya, gemorragik vaskulit, Bexterev kasalligi.

10. Ko‘krak qafasida, qorin bo‘shlig‘ida, kichik chanoq bo‘shlig‘ida (o‘pka, buyrak, jigar, siydik pufagi, siydik yullari, qora taloq, ingichka va to‘g‘ri ichak, chanoq suyaklarida) rekonstruktiv jarrohlik amaliyoti o‘tqazilgan homilador ayollar.

11. Kuz kasalliklari: glaukoma.

12. 18 yoshgacha o‘smir qizlar (homiladorlar)

13. Turli yomon sifatli va chegaradosh o‘sma kasalliklari bor homilador ayollar

14. Tuberkulyoz (sil) bilan homilador ayollar

15. Surunkali va uzoq kechuvchi ruhiy buzilishlar bilan kasallangan homilador ayollar

16. Nevrologik kasalliklar: miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, bosh miya va orqa miyada jarrohlik amaliyoti o‘tqazganlar, tutqanoqning (epilepsiya) og‘ir turlari, miasteniya, Giyen - Barre sindromi, tromboz va tromboembolik asoratlar.

Ko‘proq yangiliklar: