Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimdan ozod etildi. U viloyat prokurorligiga tayinlandi

O‘zbekiston 12:00 / 19.07.2019 83626

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Akmalxo‘ja Yusupovich Mavlonov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

«O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Mavlonov Akmalxo‘ja Yusupovich Namangan viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi», deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Akmalxo‘ja Mavlonov 2018 yilning avgustidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. U endi 2019 yil martidan buyon Namangan viloyatiga prokurorlik qilib kelgan va shu kunlarda ishdan olingan Rashid Rahmatov o‘rnida ish boshlaydi.

Namangan viloyatining avvalgi prokurori Rashid Rahmatov iyul boshida, Otabek Murodov bosh prokurorlikdan olinib, uning o‘rniga Nig‘matulla Yuldashev tayinlanishidan ko‘p o‘tmay lavozimini tark etgan edi.

Mavlonov prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2002 yilda Davlatobod tuman prokuraturasida boshlab, Namangan viloyati prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda, 2006 yildan Bosh prokuratura boshqarma prokurori, katta prokurori, Marg‘ilon shahar prokurori (2017 yil martigacha), Sirdaryo viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari (2017 yil), Xorazm viloyati prokurori (2017 yil 8 oktyabridan 2018 yil 25 fevraligacha) lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018 yilning fevral oyidan 2018 yilning avgustigacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Ko‘proq yangiliklar: