Qozog‘iston madaniyat vazirligi lotin imlosiga o‘tish kechiktirilishi haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi

Jahon 01:00 / 17.07.2019 3181

Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi Rossiya ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilgan Qozog‘istonda lotin imlosiga o‘tish go‘yoki 10 yilga kechiktirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi, deb xabar bermoqda informburo.kz.  

«Lotin imlosiga o‘tish 2030–2035 yillargacha uzaytirilishi to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyevning «Qozoq tili alifbosini kirill imlosidan lotin imlosiga o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, Qozog‘iston Respublikasi Hukumati tomonidan 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlangan», — degan Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vazirligining til bo‘yicha siyosat qo‘mitasi raisi G‘alimjon Meldeshov.

Uning eslatishicha, o‘tish uch bosqichdan iborat bo‘ladi va ularning har birida harakatlar aniq belgilab qo‘yilgan:

  • 2018–2020 yillarda — normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borish, yangi alifboda imlo qoidalarini hamda matnlarni lotin imlosiga o‘giruvchi IT-ilova ishlab chiqish;
  • 2021–2023 yillar — davlat va mahalliy ijroiya organlari tomonidan qabul qilingan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni lotin imlosiga o‘tkazish, pasport, guvohnoma va boshqa hujjatlarni berish;
  • 2024–2025 yillar — markaziy davlat organlari hamda mahalliy ijroiya organlarining ish yurituvini, davlat OAVlari, shuningdek, ta'lim muassasalarini lotin imlosiga o‘tkazish.

Ayni paytda Qozog‘istonda 2020–2025 yillar mobaynida tillarni rivojlantirish va amalda bo‘lishi bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqilmoqda. Uning asosiy vazifasi lotin imlosiga asoslangan qozoq alifbosini modernizatsiya qilishdan iborat bo‘ladi.

«Shu sabab bilan butun ishlar tasdiqlangan tadbirlar rejasiga ko‘ra olib borilmoqda», — dedi vazirlik vakili.

Eslatib o‘tamiz, «Izvestiya», «Komsomolskaya pravda» kabi rus propagandasiga ixtisoslashgan nashrlarda nomi ishkor qilinmagan diplomatik manbalarga asoslanib, Qozog‘iston hukumati alifboni o‘zgartirishni yana 10 yilga — 2035 yilgacha kechiktirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabar e'lon qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: