«Yem mahsulotlarining birja orqali sotilishi go‘sht narxi shakllanishida hal qiluvchi omil emas». Birja internetda tarqalgan ma'lumotlarga izoh berdi

O‘zbekiston 11:43 / 16.07.2019 16268

So‘nggi paytlarda OAV go‘sht va go‘sht mahsulotlarning narxlarini o‘sishi va buning sabablaridan biri sifatida yem mahsulotlarini birja orqali sotilishi to‘g‘risida ma'lumotlar tarqatilmoqda. Masala yechimi sifatida birja savdolaridan voz kechgan holda, xo‘jalik yurituvchi korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish munosabatlariga o‘tish taklif etilgan, deb xabar bermoqda "O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati.

Ta'kidlanishicha, birja savdolari orqali sotilayotgan paxta chigiti shroti va paxta sheluxasining hajmi go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxlarining shakllanishida hal qiluvchi omil hisoblanmaydi. 2019 yil birinchi yarim yilligida birja savdolari orqali shartli chorva ozuqasi birliklari bo‘yicha 251,9 ming tonna paxta chigiti shroti va sheluxasi ozuqa birligi sotilgan, bu esa respublikadagi umumiy yirik qoramollarning taxminan 4,9% ozuqasini tashkil qiladi.
 
Qayd etilishicha, avvallari tovar resurslarini xarid qilish imkoniyatlari cheklanganligi va tizimda shaffoflik mavjud emasligi xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘g‘onoq bo‘lib kelgan. Ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlarini faqatgina belgilangan narxlarda sotishlari mumkin edi. Biroq amalda tovar uni xarid qilish uchun berilgan ijozat evaziga qo‘yilgan narx ustamasi bilan sotilgan. Shu bois belgilangan va sotilgan narxlar o‘rtasidagi tafovut ayrim “vositachilar”ning norasmiy daromad manbaiga aylangan.
 
Vaqt o‘tishi bilan respublikada zamonaviy ochiq-oydin va shaffof tovar bozorini yaratish zarurati tug‘ildi. Yuqorida ko‘rsatilgan muammoli masalalari yechimi sifatida esa birja mexanizmi taklif etilgan, deyiladi xabarda.
 
Bildirilishicha, bugungi kunda “O‘zRTXB” AJda o‘tkaziladigan shaffof va oshkora birja savdolari monopolizm va “xufiyona iqtisod” elementlarini bartaraf etishga o‘z ko‘magini berib, davlat budjetiga kelib tushayotgan soliqlarni optimallashtirmoqda va birja savdolari natijasida olingan qo‘shimcha daromad hisobiga sotuvchi-korxonalarning iqtisodiy samaradorligini oshirmoqda. 
 
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 21 noyabrdagi PQ-4023 sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 17 yanvarda qabul qilingan PQ-3479-sonli qaroriga o‘zgartirishlar kiritilib, ularga muvofiq paxta chigiti sheluxasi va shroti birja savdolarida erkin realizatsiya qilinadi. 
 
“O‘zRTXB” AJ birja bozorida chorva uchun yemlarning sotuvchisi sifatida “O‘zyog‘moysanoat” Uyushmasi tarkibiga kiruvchi yog‘-moy sanoati korxonalari ishtirok etishadi. Birja savdolarida xaridor sifatida fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar erkin va cheklovsiz ravishda ishtirok etishmoqda.
 
2019 yilning birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra birja savdolari orqali 230,9 ming tonna paxta shroti sotilgan, bu esa 2018 yilning shu davriga nisbatan 22,5% ga kamdir. 2019 yilning birinchi yarim yilligida paxta chigiti sheluxasining sotilishi hajmi 166,3 ming tonnaga teng, va 2018 yilning 6 oyiga nisbatan 20,5% kamaygan.
 
Chorva uchun yemlarni birja savdolariga qo‘yish hajmlarini qisqarishi asosan may-iyun oylariga to‘g‘ri keldi. Xususan, agarda aprel oyida paxta shrotini savdoga qo‘yilishi 55,7 ming tonnaga teng bo‘lgan bo‘lsa, iyun oyida ushbu ko‘rsatkich 23 ming tonnagacha, ya'ni 2,4 marotabaga kamaygan. Xuddi shunday holat paxta chigiti sheluxasi bozorida kuzatilgan, ya'ni uning hajmi 3 barobarga kamaydi va 12,4 ming tonnani tashkil etdi. 
 
Shu bois, yem mahsulotlarining birjadagi narxlari o‘z yo‘nalishini pasayishdan o‘sishga o‘zgartirgan. Xususan, 2019 yilning aprel-iyul oylarida paxta shrotining birjada shakllangan narxi 18,6%ga o‘sib, bir tonna uchun narxi 2 239 ming so‘mni tashkil etdi, paxta chigiti sheluxasining kotirovkasi esa 24,1% ga o‘sib, bir tonna uchun 1 711,1 ming so‘mni tashkil etdi.

Bir vaqtning o‘zida, 2019 yil birinchi yarim yilligida sotuvchi tomonidan belgilanadigan chorva uchun yemlarning boshlang‘ich narxi ko‘tarilgan. Ya'ni, 2019 yilning birinchi yarim yilligida paxta shrotining bir tonnasi uchun boshlang‘ich narx 1 881,1 ming so‘mdan 1 909 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Paxta chigiti sheluxasining boshlang‘ich narxi bir tonna uchun 1 266,3 ming so‘mdan 1 302,4 ming so‘mgacha o‘sgan.
 
Shu tarzda, o‘tgan davr mobaynida chorva uchun yemlarning birja bozoridagi kon'yunkturasi raqobat, talab va taklif kabi bozor iqtisodiyoti qoidalariga muvofiq shakllangan. “O‘zRTXB” AJ savdo tashkilotchisi sifatida chorva uchun yemlarning barcha xaridorlarini tenglik asosda birja savdolarida ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib bergan, deya yakunlanadi ma'lumot. 

Bundan oldin, Toshkentda go‘sht narxi 60 000 so‘mga chiqqani, hokimlik esa arzonlashtirilgan narxdagi go‘sht 32 000 - 36 000 so‘mdan sotilayotganini eslatgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: