Talabalar kontrakt to‘lovlarining ish beruvchi korxonalar tomonidan amalga oshirilishi tartibi joriy etiladi 

O‘zbekiston 12:13 / 16.07.2019 18423

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Talabalar kontrakt to‘lovlarining ish beruvchi korxonalar tomonidan amalga oshirilishi tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, hujjat O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 5 iyundagi PQ-3775-son qarorida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash hamda ish beruvchilarning zaruriy ta'lim yo‘nalishi mutaxassisliklariga bo‘lgan talablarini hisobga olgan holda, ish beruvchi, oliy ta'lim muassasasi va bakalavriat (magistratura) bosqichlarida to‘lov-kontrakt asosida kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta'lim shaklida ta'lim oluvchi talabalar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarni tartibga solish jarayonidagi ishtirokini mustahkamlash maqsadida qabul qilinishi mumkin.

Qaror bilan talabalar kontrakt to‘lovlarining ish beruvchi korxonalar tomonidan amalga oshirilishi tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Ish beruvchi korxonalar tomonidan talabalar kontrakt to‘lovlarining amalga oshirilishida ayrim toifadagi (chin yetimlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta'minlangan, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlar hamda iqtidorli) fuqarolarga imtiyozlar berilishi tavsiya etiladi.

Talaba, oliy ta'lim muassasasi va korxona (ish beruvchi) o‘rtasida oliy kasbiy ta'limga ega bo‘lgan mutaxassislarni shartnoma asosida maqsadli tayyorlash bo‘yicha Namunaviy shartnomaga ko‘ra, ta'lim muassasasi quyidagi majburiyatlarni oladi:

davlat ta'lim standartiga muvofiq talabaga tanlangan mutaxassislik yoki yo‘nalish bo‘yicha asosiy ta'lim dasturini o‘zlashtirish uchun ta'lim dasturining kunduzgi, sirtqi, kechki shaklida, bakalavriat yoki magistratura darajasida ta'lim olishi uchun sharoitlar yaratish;

davlat ta'lim standartidan tashqari (ish beruvchining roziligi bilan uning moliyaviy manbalari hisobiga) quyidagi qo‘shimcha fanlarni o‘rganish uchun sharoitlar yaratish (fanlar nomi);

kontrakt asosida mutaxassis tayyorlash doirasida ta'lim olayotgan talabaga o‘qish uchun kontrakt summasi to‘langandan keyin stipendiya to‘lash;
 
yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkazilib, o‘qish tugagandan keyin talabaga oliy ta'lim darajasini tugatganligi to‘g‘risida diplom berish;

talabaga kutubxonaning o‘quv zallaridan foydalanish huquqini berish;

talabaga shartnoma muddati davomida oliy o‘quv yurtlarida tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini ta'minlash;

talabaning sessiyalar yakuni bo‘yicha natijalari haqida korxonani yilda ikki marta xabardor qilish;

har yili, o‘quv yili tugagandan keyin korxonaga talaba tomonidan o‘quv yilining tugatganligi va keyingi bosqichga o‘tganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma taqdim etish. Agar talaba talabalar safidan chiqarilsa yoki ta'limning boshqa yo‘nalishiga o‘tkazilsa, 10 kalendar kuni mobaynida korxonaga shartnoma to‘xtatilganligi yoki ta'lim yo‘nalishining o‘zgarganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma taqdim etish.

Korxona:

korxonada o‘quv-ilmiy, diplomoldi amaliyot va diplom ishi loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini ta'minlash;
 
joriy o‘quv yili uchun belgilangan o‘qitishning to‘liq qiymatini o‘z vaqtida to‘lash;
 
ta'lim olishning to‘lov-kontrakt shakliga qabul qilingan talaba tomonidan taqdim etilgan to‘lov taqdimnomasi bo‘yicha shartnoma asosida zarur summani OTMning hisobvarag‘iga quyidagi muddatlarda o‘tkazish orqali to‘lash:

OTMning birinchi kursiga qabul qilingan talabalar uchun to‘lash uchun belgilangan summaning kamida 50 foizi – 15 sentyabrgacha, ikkinchi va uchinchi kurs talabalari uchun – 1 oktyabrgacha, to‘lash uchun belgilangan summaning qoldig‘i – 1 martgacha;

eng kam oylik ish haqi miqdori yoki tariflar o‘zgarganda, o‘qishning qolgan muddati uchun bir oy muddat ichida ta'lim muassasasiga haq to‘lash va kontraktga tegishli o‘zgartirishlar kiritish;
 
ta'lim yunalishi (mutaxassisligi)ni o‘quv rejasiga muvofiq ishlab chiqish, diplom oldi amaliyotini o‘tash va shu davrda talabaga sharoit yaratish;
 
oliy ta'lim muassasasini tugatgach talabani haq to‘lanadigan shtat lavozimiga ishga qabul qilish, ish joyi bilan ta'minlash, ishlashga sharoit yaratish va uning o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirish majburiyatini oladi.

Talaba:

ta'lim yo‘nalishining tegishli malaka talablarida nazarda tutilgan, shuningdek, “Ta'lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablariga muvofiq mustaqil kasb-hunar faoliyatini bajarish uchun zarur bo‘lgan barcha bilimlarni egallash majburiyatini oladi;
 
oliy ta'lim muassasasining ichki tartib, kirib-chiqish nazorati qoidalari va Nizomiga, kutubxona va o‘quv zallari fondlaridan foydalanish, shuningdek, talabalar yotoqxonasida yashash (yotoqxonada yashash uchun shartnoma tuzilganda) qoidalariga amal qilish;
 
ta'lim muassasasini bitirganligi to‘g‘risidagi tegishli hujjatni olgandan keyin ma'lum bir oydan kech bo‘lmagan muddatda Korxona bilan mehnat shartnomasini tuzish majburiyatini oladi;
 
“Ish beruvchi korxona bilan korxona hisobidan oliy ta'lim muassasalari talabasiga to‘lov-kontrakt pullarini to‘lash va oliy ta'lim muassasasini bitirgandan keyin ish beruvchi korxona bilan mehnat shartnomasini tuzish majburiyati bo‘yicha tuzilgan shartnoma”da ko‘rsatilgan shartlarni bajarish majburiyatini oladi.

Shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish faqatgina tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida, shartnoma shartlariga va amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarga amalga oshirilishi mumkin.

Shartnomaga kiritiladigan o‘zgarishlar yozma shakldagi qo‘shimcha kelishuv orqali tuziladi va ushbu shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: