O‘zbekiston va Rossiya avtomobilda yuk tashish hajmini oshiradi

O‘zbekiston 15:07 / 16.07.2019 4250

Moskva shahrida avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Transport vazirligining avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Avazjon Tursunov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi transport vazirligi vakillari bilan uchrashdi. Jumladan, «Rosavtotrans» bosh direktori Aleksey Dvoynix bilan davlatlar o‘rtasida o‘zaro yuk tashish hajmini oshirish bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan muzokara bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv qatnashchilari ikki tomonlama savdo-sotiq munosabatlari rivojlanib borayotganini, davlatlar o‘rtasida avtomobilda yuk tashish ko‘rsatkichlari sezilarli o‘sganini qayd etishdi. 2018 yilda ikki davlat o‘rtasida avtomobilda tashilgan yuk hajmi 888,5 ming tonnani tashkil etgan. Bu 2017 yilgi ko‘rsatkichlardan 48 %ga ortiq deganidir. Import tashuvlari 29 %ga, eksport tashuvlari esa 75,5 %ga ortgan. 2019 yilning birinchi choragida esa ikki tomonlama yuk tashuvlari hajmi 211,8 ming tonnani tashkil etgan. Bu 2018 yilning xuddi shu davri bilan solishtirganda 74,2 % o‘sishga erishilganini anglatadi. Jumladan import tashuvlari xajmi 1,5 marotabaga, eksport esa deyarli 2 foizga ko‘paygan. 

Uchrashuvda milliy tashuvchilarning mavjud ehtiyojlarini inobatga olib, uchinchi davlatlardan yoki uchinchi davlatlarga tashuvlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma blankalarini joriy yilda 5000 taga qadar ko‘paytirishga kelishib olindi. Bir oy davomida qo‘shimcha 1000 ta ruxsatnoma blankalarini almashtirish rejalashtirildi. Ikki davlat o‘rtasida transportda tashuvlar hajmini ko‘paytirish uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida tomonlar 2020 yil uchun ruxsatnoma blankalari sonini 6000 ta etib belgilashga kelishib olishdi. 

Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasida yo‘lovchilarni muntazam ravishda tashishni tashkil etish, xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar bazasi to‘g‘risida ma'lumot almashish masalalari muhokama etildi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: