O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan kompleks tashkiliy-texnik choralar telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini yaxshilash va turlarini oshirish, shu jumladan mobil aloqa qamrovini kengaytirishga imkon bermoqda.
Shu bilan birga, DXSh rivojlantirish Agentligi xabariga ko‘ra, olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion hududlarda, magistral avtomobil va temir yo‘llari bo‘yida telekommunikatsiya infratuzilmasini, shuningdek, Internet tarmog‘iga simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish sur'atlari yetarli emas.
O‘zbekiston hukumati Jahon bankining dasturi asosida ushbu sohani yanada rivojlantirish va mavjudlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Moliya vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Jahon banki mutaxassislaridan iborat delegatsiya Digital Casa dasturi asosida davlat-xususiy sherikligi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muhokamalar olib bordi. Jahon banki mutaxassislarining qayd etishicha loyihaning umumiy qiymati 178 mln AQSh dollarini tashkil etadi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, mazkur dastur asosidagi loyiha 5 ta komponentni o‘z ichiga qamrab oladi. Muhokamalarda tomonlar loyihani amalga oshiruvchi guruhga IT sohasida katta bilim va tajribaga ega mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish masalasini ko‘rib chiqishdi.
Dastur asosida Davlat-xususiy sherikligi loyihalarini hayotga tatbiq etishning samaradorligi va afzalliklari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar dastur asosida DXSh loyihalarini amalga oshirish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Jahon banki DXSh asosidagi loyihalarni boshlashga tayyor ekanliklarini qayd etishdi.
Shuningdek, uchrashuvda ushbu sohadagi ishlarni jadallashtirish maqsadida aniq yo‘l xaritasini ishlab chiqish lozimligi va bu jarayon yaqin vaqtda nihoyasiga yetishi kerakligi qayd etildi. Ayni yo‘nalishdagi barcha ma'lumotlar batafsil o‘rganib chiqilgach, loyiha-baholash hujjati tayyorlanadi. Ushbu hujjat tasdiqlangach, 2020 yilning yanvar oyidan loyiha-baholash hujjati asosida ishlar boshlanadi.