Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Sanoat yarmarkasi va elektron kooperatsiya birjasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4302-son qaroriga muvofiq davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashgan elektron kooperatsiya birja portali ishlab chiqilishi va uni qo‘llab-quvvatlashning ta'minlanishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda:
davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashgan elektron kooperatsiya birja portalini O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 1 maydagi PQ-4302-son qarori 9-bandida belgilangan muddatlarda sifatli ishlab chiqilishini ta'minlaydilar;
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashgan elektron kooperatsiya birja portalining egasi etib belgilanadi.
Bunda, davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashgan elektron kooperatsiya birja portalini yaratish va doimiy texnik qo‘llab-quvvatlash ishlari bo‘yicha moliyalashtirish manbasi etib sanoat yarmarkasi va elektron kooperatsiya birja portalida tuzilgan shartnomalar (kontraktlar)dan undiriladigan vositachilik haqi, xalqaro moliyaviy institutlar va donor tashkilotlarning grant mablag‘lari, homiylik yordami, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtirilishini ta'minlaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi markaziy apparatida xodimlarining cheklangan soni 5 nafardan iborat bo‘lgan Sanoat yarmarkalari va elektron kooperatsiya birjasi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi.
Boshqarmaning asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilanadi:
respublikada sanoat mahsulotlari, shu jumladan mahalliylashtirilgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni sotish yoki sotib olish bo‘yicha shartnomalarni (kontraktlarni) onlayn tarzda tuzish imkoniyatiga ega elektron kooperatsiya birja portalini yuritish va tizimli faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlash;
elektron kooperatsiya birja portalida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasida munosabatlarning erkinligini, iste'molchilar va mahsulot yetkazib beruvchilar o‘rtasida mahsulotlar narxlari shakllantirilishida shaffoflikni ta'minlash;
sanoat mahsulotlari bozorining barcha qatlamlaridagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni maqsadli jalb qilish orqali respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining turlari, texnik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni onlayn tarzda elektron kooperatsiya birja portali orqali yetkazilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining takliflariga ko‘ra sanoat yarmarkasini vaqtinchalik “O‘zekspomarkaz MKK” aksiyadorlik jamiyati pavilonida o‘rnatilgan tartib asosida o‘tkazilishi belgilanadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda muntazam o‘tkazib boriladigan sanoat yarmarkasini doimiy joylashuvi manzili yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Kooperatsiya aloqalarini kengaytirish orqali xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, ularning ehtiyojlarini to‘liq qondirish hamda elektron kooperatsiya birja portali ma'lumotlar bazasidan samarali foydalangan holda respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning muntazam sanoat yarmarkasini o‘tkazib borilishi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanadi.
Muntazam o‘tkaziladigan sanoat yarmarkasi va elektron kooperatsiya birja portali faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki:
muntazam o‘tkaziladigan sanoat yarmarkasi va elektron kooperatsiya birjasida iste'molchilarning respublikada ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni xarid qilish bo‘yicha buyurtmachi sifatida ishtirok etishi ta'minlanadi;
mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni xarid qilish respublikaning barcha iste'molchilari uchun tenderlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron kooperatsiya birja portali orqali amalga oshiriladi.