Bu yil stajli o‘qituvchilar ham boshqa abituriyentlar kabi imtihon topshiradi

O‘zbekiston 12:57 / 16.07.2019 33104

Ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 2019 yil 4 iyuldagi 1-son bayoniga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarning sirtqi va kechki ta'lim shakliga suhbat asosida qabul qilinishi tartibi belgilanib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan e'lon qilingan edi.

Unga ko‘ra, fuqaro komissiya tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi tegishli idora va vazirlik yoki yirik xo‘jalik birlashmalaridan birining xodimi bo‘lsa, ish joyidan berilgan tavsiyanoma asosida o‘qishga hujjat topshiradi.

Va shundan so‘ng suhbat-imtihondan o‘tib, sitrqi ta'lim olishni xohlasa 5 yil, agar kechki ta'lim shaklini ma'qul ko‘rsa 4 yil muddat davomida tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydi.

Shartnoma puli esa o‘zi ishlab turgan tashkilot tomonidan to‘lab berilishi zarur.

Ushbu tartib asosida hujjat topshirish ishlari 20 iyulgacha davom etishi, suhbat esa 10 avgustdan 20 avgustgacha bo‘lgan muddatda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Respublikada jami 33ta tashkilot xodimlari suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan bir paytda bunga eng ko‘p talab bo‘lgan yo‘nalish – Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi xodimlarga yengillik berilmagan.

Matbuot anjumanlaridan birida Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning o‘zi bu tizimda ishlayotganlar malakasiga to‘xtalib o‘tib, qariyb 60 ming nafar o‘qituvchi oliy ma'lumotga ega emasligi haqida aytib o‘tgan edi.

Vaholanki, bu yil shuncha o‘rta-maxsus pedagog maxsus tavsiyanoma bilan suhbat asosida o‘qishga qabul qilinish imkoniga ega bo‘la olmadi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra esa, 2030 yilgacha vazirlikda ishlayotgan barcha pedagoglarning oliy ma'lumotli bo‘lishiga erishishga harakat qilinmoqda.

Bu nimaning hisobidan amalga oshiriladi?

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, joriy yil aynan pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMlarda qabul kvotalari sezilarli darajada o‘sgan. 5 yillik stajga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ham barcha abituriyentlar kabi kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakli uchun hujjat topshirgan. Sinov ham hamma bilan teng sharoitda yo‘nalishga qarab test yoki ijodiy imtihon tarzida o‘tkaziladi. 

Shuningdek, ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan 2019 yil 4 iyulda «2019/2020 o‘quv yilida respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlaridan davlat granti asosidagi qabul doirasida xalq ta'limi sohasida oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun maqsadli qabul ko‘rsatkichlari» tasdiqlangan. Bu bilan olis, chekka va tog‘li hududlarda joylashgan umumta'lim maktablari uchun pedagog kadrlarni davlat granti asosida o‘qitish ko‘zda tutilgan.

«Respublikaning deyarli barcha pedagogikaga ixtisoslashgan OTMlari maqsadli qabul asosida ham talabalarni qabul qilmoqda. O‘qituvchilar mana shu mavjud imkoniyatlarning biridan foydalanishi mumkin», deya tushuntirish berdi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: