Sarvarxon Buzrukxonov: «Bugun OTM professorlari eng yuqori maosh oladigan bo‘ldi»

O‘zbekiston 17:36 / 15.07.2019 14724

Xalqaro Press-klubning O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoniga bag‘ishlangan brifingi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov oliy ta'lim tizimidagi oylik-maoshlar, talabalarning stipendiyalari, to‘lov-kontrakt summalari haqida gapirdi.

«Hech ikkilanmay ayta olamanki, budjetdan moliyalashtiriladigan muassasalarda eng yuqori oylik OTM professorlariga beriladigan bo‘ldi», - deya ta'kidladi u.

Vazir o‘rinbosari bunga sabab bo‘lgan omillarga ham to‘xtalib o‘tdi: «Avvallari ularning bu sohadan ketib qolishi ham bo‘ldi, shu bilan birga ilmga intilish ham susaydi. Professor yoki dotsentda ilmiy ish qilishga rag‘bat yo‘q edi, chunki ularning oylik maoshi assistent bilan atigi 700 mingga farq qilardi».

U prezidentning olimlarga alohida e'tiborini ta'kidlar ekan, xususan, OTM professor-o‘qituvchilarining oylik maoshi bosqichma-bosqich oshirilganiga urg‘u berdi.

«Bugungi kunda OTM professori 6 717 000 so‘m maosh oladi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2016 yil 1 oktyabrida professorning maoshi 2 178 000 so‘m bo‘lgan, ya'ni 3.2 baravarga oshgan. Bu o‘z-o‘zidan ilmga, ta'lim sifatini oshirishga rag‘bat uyg‘otadi. Qolaversa, korrupsiyaning oldini oladi. Bundan tashqari, 1 iyuldan OTM professorlari va rahbarlarining maoshi 25 % ga oshgandi. Yana bir ular uchun quvonarlisi OTM professorlari mehnat ta'tiliga oshirilgan oylik hisobidan chiqadi», - deydi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov.

Ko‘proq yangiliklar: