O‘zbekiston delegatsiyasi yozgi universiadani 8ta medal bilan yakunladi

Sport 10:50 / 15.07.2019 8418

Italiyaning Neapol shahri mezbonlik qilgan XXX Butunjahon yozgi universiada o‘yinlari yakunlandi.

O‘n kun davom etgan ushbu nufuzli musobaqada 112ta davlatdan tashrif buyurgan 5971 nafar sportchi sportning 18 turi bo‘yicha 222ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib borishdi. 

O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu musobaqadagi ishtirokini 13 iyul kuni o‘tkazilgan bahslarda oltin va kumush medalni qo‘lga kiritgan tennischilar yakunlab berishdi.

Shunday qilib, 30-Universiada o‘yinlarida jami 8ta (2ta oltin, 2ta kumush va 4ta bronza) medal jamg‘argan O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada umumjamoa hisobida 112 mamlakat orasida 19-o‘rinni egalladi. Bu Osiyo mamlakatlari orasida oltinchi, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha esa eng yaxshi natija bo‘ldi. 

Bu yilgi universiadada eng ko‘p medal jamg‘arish bo‘yicha 33ta oltin, 21ta kumush va 28ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan Yaponiya termasi yetakchilik qildi.  Bu borada ikkinchi va uchinchi o‘rinni Rossiya va Xitoy termalari band etishdi. 

O‘zbekiston jamoasining Universiada-2019 o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan medallari: 

Oltin
Tennis (juftlikda,  Humoyun Sultonov va Sanjar Fayziyev)

Tennis (umumjamoa hisobida)

Kumush
Niyoz Po‘latov (taekvondo, -63 kg. )

Humoyun Sultonov (tennis, yakkalik)

Bronza
Diyora Keldiyorova (dzyudo, -52 kg. )

Hikmatillo To‘rayyev (dzyudo, -73 kg. )

Muhammadkarim Xurramov (dzyudo, -100 kg. )

Davlat Bobonov (dzyudo, mutlaq vazn)

O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari 15 iyul kuni tungi soat 1:00 da va 16 iyul kuni ertalab soat 8:30da Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olinadi.

Ko‘proq yangiliklar: