O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zoligi uchun saylovlarda o‘z nomzodini ko‘rsatishga qaror qildi

O‘zbekiston 09:41 / 15.07.2019 5571

Toshkent shahridagi “Miran International” mehmonxonasida “O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi ko‘ngilli majburiyatlari” loyihasi muhokamasi bo‘yicha Milliy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Bu loyiha 2021-2023 yillar davrida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zoligiga saylanish uchun O‘zbekiston o‘z nomzodini ilgari surganligi munosabati bilan ishlab chiqilgan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati shu haqda xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston BMTning faol a'zolaridan, xususan, Inson huquqlari bo‘yicha kengashga asos solgan davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat inson huquqlarini global ko‘lamda himoya qilishning g‘oyat muhim vositasi bo‘lmish mazkur Kengashni tashkil etish bo‘yicha muzokaralarda va bu yo‘nalishda amaliy chora-tadbirlar majmuini qabul qilish jarayonlarida ishtirok etgan. 

“Mamlakatimiz bugungi kunda ham BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi faoliyatini mustahkamlashga doir sa'y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shunga qaramay, O‘zbekiston ayni paytga qadar mazkur Kengashga a'zo bo‘lmagan. 

Inson huquqlari bo‘yicha kengash a'zoligi uchun saylovlarda o‘z nomzodini ko‘rsatishga qaror qilgani O‘zbekistoning inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish ishiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.  Bunday muhim qadam mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan shiddatli va barqaror demokratik jarayonlar talabidir”, - deyiladi Markaz ma'lumotida.

Milliy maslahatlashuv ishtirokchilari e'tiboriga “O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi ko‘ngilli majburiyatlari” loyihasi taqdim etilgan.

Ushbu hujjat BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasiga muvofiq tayyorlangan. Unda O‘zbekistonning inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish ishiga qo‘shgan hissasi hamda inson huquqlari sohasidagi ko‘ngilli majburiyatlari haqida muxtasar so‘z yuritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: