Toshkent shahri prokurori ishdan ketdi

O‘zbekiston 15:05 / 15.07.2019 108803

Toshkent shahar prokurori Sherzod Obloqulov lavozimini tark etdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Ayni vaqtda uning ishdan ketish sababi ma'lum emas. Shuningdek, uning o‘rniga kim tayinlangani haqida ham ma'lumot yo‘q.

Adliya katta maslahatchisi Sherzod Obloqulov turli yillarda Bosh prokuraturada prokuror va boshqarma katta prokurori (2007−2011 yillar), Navoiy viloyatining Xatirchi tumani prokurori (2011−2013), Jizzax viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari (2013−2016) va Sirdaryo viloyati prokurori (2016−2017) lavozimlarida ishlagan.

U O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2017 yil 12 iyundagi buyrug‘iga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va «Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan Toshkent shahar prokurori lavozimiga 5 yil muddatga tayinlangan va mazkur prokuratura hay'ati raisi etib tasdiqlangandi

Eslatib o‘tamiz, Otabek Murodov iyun oyi oxirlarida bosh prokuror lavozimidan ozod qilingach, prokuratura tizimida o‘zgarishlar boshlandi. Bosh prokurordan keyin Bosh prokuratura matbuot xizmati boshlig‘i Surayyo Rahmonova ham lavozimini tark etdi.

Iyul oyi boshida esa Bosh prokuraturada yana bir necha o‘zgarishlar amalga oshirildi. Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Mirsafayev, Bosh prokuratura Ichki xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i Najimaddin Jolamanov, Bosh prokuratura Qishloq xo‘jaligi sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Rustam Hayitov hamda Bosh prokuratura Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Toshtemirov lavozimlaridan ozod etilib, ularning o‘rnini mos ravishda Sodiqjon Nazarov, Nodirbek Boytemirov, Shavkatjon Rahimov va Sodiqjon Berdialiyev egalladi.

Ko‘proq yangiliklar: