«Ko‘pchilik, hatto OAV xodimlari ham pensiya va nafaqani bir xil narsa deb o‘ylaydi» - Bahodir Umrzoqov

O‘zbekiston 16:02 / 15.07.2019 21533

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov Xalqaro Press-klubning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda ma'lum qildi.

«Shuni aytib o‘tishimiz kerakki, ko‘pchilik mutaxassislar, muxbirlar-ku u yoqda tursin, televideniye, radioda ham pensiya va nafaqani adashtirib gapirishadi. Jurnalistlarimiz va bizda shuni yoritib boradigan mutaxassislar ayniqsa, teatr, filmlarda ham nafaqaxo‘r degan so‘zlarni ishlatib yuborishadi. Yoki nafaqaga chiqdim, deb jumlalar tuzishadi. Buni ikki toifaga bo‘lishimiz zarur va bundan buyon bunaqa xatolarga yo‘l qo‘yish kerak emas», deya ta'kidladi vazir o‘rinbosari.

B. Umrzoqov pensiya va nafaqa o‘rtasidagi farqni quyidagicha tushuntirdi:

«Pensiya — bu mehnat faoliyati uchun belgilangan to‘lov. Fuqaroning pensiya yoshiga yetgandan so‘ng umrining oxirigacha to‘lanib boradigan va doim oshib boradigan to‘lov miqdori hisoblanadi.

Nafaqa deb ayrim qiyin ahvolga tushib qolgan, sog‘ligi yoki sharoiti tufayli, ijtimoiy oilaviy munosabatlari tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarga bir martalik yoki ma'lum muddatga beriladigan to‘lov tushuniladi.

Masalan, nogironligi uchun to‘lanadigan pensiya bor va nogironligi uchun, yoshligidan nogiron bo‘lib qolgan fuqarolarga to‘lanadigan nafaqa bor”, deya qo‘shimcha qildi Bahodir Umrzoqov.

Ko‘proq yangiliklar: