Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudda soddalashtirilgan tartibda ish yuritish – haqiqatdan ham soddami?

Iqtisodiyot 19:00 / 15.07.2019 9989

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy-protsessual kodeksi (keyingi o‘rinlarda IPK)ga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlardan yuriskonsult sifatida ishimiz osonlashishidan xursand bo‘ldik.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni (Qonunchilik palatasi tomonidan 22.02.2019 y. qabul qilingan, Senat tomonidan 28.02.2019 y. ma'qullangan) bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy-protsessual kodeksiga 5ta moddadan iborat «Soddalashtirilgan tartibda ish yuritish» deb nomlangan 231-bob bilan to‘ldirildi.

Mazkur qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda agar da'voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan - eng kam oylik ish haqining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa - besh baravaridan oshmasa, da'vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilishi lozim.

Ushbu o‘zgartirishlar kiritilguniga qadar esa, da'vo ishlari da'vo summasidan qat'i nazar da'vo ishlarini yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha amalga oshirib kelingan edi.

Qonun amalga kiritilganiga 4 oydan ortiq vaqt o‘tdi va qonunni amalda qo‘llash davomida o‘zining xato va kamchiliklarini namoyon qila boshladi yoki soddalashtirilgan tartibda ish yuritishning soddaligi shubha ostida qoldi.

Sababi, birinchidan, o‘zgartirish kiritilguniga qadar IPKning 149-moddasiga ko‘ra, da'vogar da'vo taqdim etganda javobgarga va uchinchi shaxslarga da'vo arizasining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuborishi shart edi. Ko‘chirma nusxalar pochta orqali buyurtma xat bilan jo‘natilar va bu haqdagi pochta kvitansiyasi da'vo arizasiga ilova qilinar edi, xolos!

Endi-chi? Endi, soddalashtirilgan tartibda ish yuritishda sudga topshirish uchun da'vo arizasiga IPKning 151-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinishi bilan bir qatorda, da'vo arizasiga da'vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga topshirilgani haqida dalillar ilova qilinishi belgilandi.

Hamma muammo shundan keyin boshlandi. Javobgarga topshirilgani haqidagi dalillar deganda biz nima tushunamiz? Javobgarga shaxsan yetkazib berib, da'vo ariza nusxasiga uni qabul qilgani to‘g‘risida imzo qo‘ydirib, muhr bilan tasdiqlatib olish kerakmi yoki hujjatlar nusxasini buyurtma xat orqali topshirilgani to‘g‘risida xabarnomaning o‘zi yetarlimi?

Unisiyam, bunisiyam da'vogar uchun juda noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, da'vogar Toshkent shahrida, javobgar esa poytaxtdan uzoq bo‘lgan viloyatlardan birida joylashgan bo‘lsa, unda da'vogar yuzlab kilometr yo‘l yurib, o‘sha viloyatga borib, javobgarni izlab, agarda birinchi kunning o‘ziyoq javobgarni topa olsa, unga da'vo arizasini topshirib, agarda javobgar da'vo arizani olishdan bosh torsa, xolis topib kelib, bu haqda bayonnoma rasmiylashtirib, keyin qaytib kelib, sudga arizani topshirishi kerakmi?

Yoki, da'vogar javobgarga da'vo arizasi va unga ilova hujjatlarni pochta orqali buyurtma xat bilan yuborib, xat topshirilgani to‘g‘risidagi xabarnomani kutib o‘tirishi kerakmi? Bu kutish muddati hozirda eng kamida 20 kunni tashkil qilmoqda.

Ikkinchidan, yuqoridagi holatdan ham qizig‘rog‘i, bir amallab da'vo arizani sudga topshirib ham oldik. Endichi, endi da'vogarga nima to‘sqinlik qilyapti deysizmi? Yo‘q, hech qanday to‘sqinlik yo‘q, faqat ozgina qog‘ozbozlikni aytmasa!

IPKning yangi kiritilgan 2035-moddasiga ko‘ra, soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha qaysi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar (ya'ni 10 kun ichida) ixtiyoriy tartibda ijro etilmagan bo‘lsa, o‘sha hal qiluv qarori taraflarning iltimosnomasi bo‘yicha sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida ushbu Kodeks V bo‘limining qoidalariga binoan, sud xarajatlarini undirishga taalluqli qismi esa sud tashabbusi bilan majburiy ijro etilishi lozim.

Jumladan, sud hal qiluv qarori qabul qilib, taraflar (da'vogar (arizachi) va javobgar)ga uning nusxasini jo‘natadi. Hal qiluv qarorini olganidan so‘ng u qonuniy kuchga kirguniga qadar da'vogar javobgardan hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etishini kutib o‘tiradi.

Mana, hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirdi va javobgar o‘z ixtiyori bilan uni ijro qilmadi. Endi, da'vogar yana sudga iltimosnoma bilan chiqib, suddan javobgar hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro qilmaganini, shuning uchun ijro varaqa berishni so‘raydi va shundan keyingina da'vogar, nasib bo‘lsa, ijro varaqa oladi.

Buning nimasi yomon deyishingiz mumkin. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilguniga qadar esa, hal qiluv qarori qabul qilinganidan so‘ng, u qonuniy kuchga kirganidan keyin sud ijro varaqani da'vogarga shaxsan topshirar yoki pochta orqali yuborar edi, ya'ni sud bitta ijro varaqada da'vogar foydasiga undirilishi kerak bo‘lgan barcha summalarni ko‘rsatar edi, hozirgidek, faqat sud xarajatlarini emas. Endi esa, sud oldin sud xarajatlarini undirish bo‘yicha ijro varaqa chiqaradi, keyin taraflar iltimos qilganidan keyingina, asosiy qarzdorlik bo‘yicha ijro varaqa chiqaradi. Buning hammasi, qog‘ozbozlik va vaqt degani emasmi?

Normativ-huquqiy hujjatlarni shoshma-shosharlik bilan qabul qilmasdan, avval huquqiy eksperimentdan o‘tkazish, eksperiment davomida aniqlangan takliflarni inobatga olgan holda qonunni qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bunaqada umuman normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilmasdan, faqat eksperimentdan o‘tkazib o‘tiramiz deysizmi? Ha albatta, zero, shoshma-shosharlik bilan qabul qilib qo‘yib, keyin muddatini uzaytirish yoki bekor qilishdan ko‘ra, yaxshiroq yo‘l deb o‘ylaymanda.

Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, yuqoridagi soddalashtirilgan tartibda ish yuritishning murakkabliklari hali ko‘p muddat o‘tmagan bo‘lsa-da sudga da'vo ariza bilan murojaat etuvchilarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda, bunday murakkabliklarni aylanib o‘tish uchun taraflar nimalar o‘ylab topishlarini taxmin qilish esa, qiyin emas, masalan, da'voning bahosini sun'iy ravishda eng kam oylik ish haqining besh yoki yigirma baravaridan oshirib ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘yishi mumkin va hokazo.

Aytishingiz mumkin, shuncha muammoni o‘ylab topibsan, uni yechimi ham bormi deb, albatta bor, uning yechimi soddalashtirilgan tartibda ish yuritishni taraflar uchun majburiy emas, balki ixtiyoriy qilish kerak. Kimning vaqti bemalol bo‘lsa, marhamat, shoshmasdan, da'vo ariza tayyorlab, uning nusxasini javobgarga shaxsan olib borib berib yoki pochta orqali jo‘natib, xabarnoma kelishini kutib, keyin nizoni sud orqali qilaversin, lekin kimdir buni xohlamasa, uni bunga majburlamasligimiz kerak, umumiy tartibda da'vo bilan murojaat qilaversin.

Ya'ni, agar da'voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan — eng kam oylik ish haqining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa — besh baravaridan oshmasa, da'vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilishi «lozim» deb emas, balki «mumkin» deb o‘zgartirsak kifoya, muammo hal bo‘ladi.

Vaqtning o‘zi, qaysidir normani o‘z-o‘zidan ishlamaydigan qilib qo‘yadi va bekor qilishga mahkum etadi.

Baxriddin Bobokeldiyev

huquqshunos

Ko‘proq yangiliklar: