Deputat ish haqi oshirilishi to‘g‘risidagi farmon soliq siyosati va narxlarga qanday ta'sir qilishini tushuntirdi

O‘zbekiston 15:59 / 15.07.2019 17440

Joriy yilning 28 iyun kuni prezidentning “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni e'lon qilindi. Unda 2019 yil 1 avgustdan boshlab, yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashga o‘tishi qayd etilgan.

Tabiiy savol tug‘iladi: xo‘sh, buning nima zarurati bor? Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarning yetishtiruvchi fermer va boshqa korxonalarning qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tkazilishi tufayli narxlar oshib ketmaydimi? Bu aholiga qiyinchiliklar tug‘dirmaydimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev mazkur mavzu yuzasidan qisqacha to‘xtalib o‘tgan.

Bildirilishicha, iqtisodiy islohotlar jarayonida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning narxi oshishi tabiiy holat. Busiz iqtisodiy barqarorlikka erishish mumkin emas.

Biroq prezident farmonida ilgari surilgan masalalarga to‘g‘ri yondashish va islohotlar jarayonida xalq hisobidan ortiqcha daromad orttirish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning narxlari sun'iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barchamiz mas'ulmiz. Shuning uchun aholimizga kundalik ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishlatiladigan mahsulotlarning narxlari keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur, deydi deputat.

Qabul qilinayotgan qonunlar, qaror va farmonlardan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar faqat o‘z manfaatdorligini ko‘zlamasdan, avvalo, xalqning turmush sharoitini yaxshilash borasida o‘ylab foydalansa, maqsadga muvofiq bo‘lishi aytiladi. 

Deputat fermer xo‘jaligi o‘zi yetishtirgan mahsulotning realizatsiya etilishida va farmon talablarini to‘g‘ri bajarish, eng muhimi, bozorlarda ayrim tadbirkorlar tomonidan mahsulotlarning narxlari sababsiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida jamoatchilik va tegishli nazorat organlari tomonidan o‘rganish ishlarini olib borish zarur, deb hisoblaydi.

Narx-navo borasida aholi hadigi nimadan iborat?

Deputat buni bir-ikki mahsulot — chorvachilik fermer xo‘jaligi tomonidan go‘sht yetishtirish misolida hisob-kitob qilib, ko‘rib chiqqan.

Misol uchun, 1 kilogramm go‘sht mahsulotini yetishtirish tannarxi o‘rtacha 38075 so‘m. Shundan mehnat haqlari 2300 so‘m, yoqilg‘i-moylash mahsulotlariga 275 so‘m, mineral o‘g‘itlar uchun 31000 so‘m, sug‘orish xarajatlariga, elektr energiya 200 so‘m, boshqa xarajatlariga (10 foiz) 4500 so‘m, sotish narxi 45000 so‘m, ya'ni 6925 so‘m sof foydaga erishilmoqda. Rentabellik 18,2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, Farmon qabul qilingandan keyin ushbu fermer xo‘jaligi uchun 1 kilogramm go‘sht tannarxi o‘rtacha 32113 so‘mga tushadi. Ya'ni, tannarx 5963 so‘mga kamayishi kerak. Negaki, ayrim xarajatlar QQS bilan amalga oshirilgan, mehnat haqlari 2300 so‘m (o‘zgarishsiz), yoqilg‘i-moylash mahsulotlariga 229 so‘m (- 46 so‘m), mineral o‘g‘itlar uchun 25833 so‘m (-5167 so‘m), sug‘orish xarajatlariga va boshqa xarajatlarga (10 foiz) 3750 so‘m (-750 so‘m), sotish narxi 48375 so‘m, shundan QQS 8062 so‘m hisoblandi.

Endi ushbu hisoblangan summadan QQS bilan qilingan xarajatlarni chegirib tashlash kerak. Ya'ni, 5996 so‘m chegiriladi. Qolgan 2067 so‘m budjetga soliq to‘lanishi lozim. Sof foyda esa 8200 so‘m (48375-8062-32113)ni va rentabellik 25,5 foizni tashkil qilmoqda.

Bu degani mahsulot ishlab chiqargan tashkilot hech qanday zarar ko‘rmaydi. Lekin aholiga sotilayotgan go‘sht narxi 3375 so‘mga 7,5 foizga, ya'ni 48375-45000 so‘mgacha oshishi kerak.

Ikkinchi misol. Amalda fermer xo‘jaligi tomonidan sholi mahsulotini yetishtirish mexanizmini tahlil etadigan bo‘lsak, 1 kilogramm guruchning tannarxi o‘rtacha 5040 so‘m, mehnat haqlari 2500 so‘m, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari 564 so‘m, mineral o‘g‘itlar uchun 607,3 so‘m, urug‘lik uchun 468,5 so‘m, mexanizator xarajatlariga 200 so‘m, boshqa xarajatlarga (10 foiz) 700 so‘m, sotish narxi 7000 so‘m, ya'ni 1960 so‘m sof foydaga erishilmoqda. Rentabellik 38,9 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, Farmon qabul qilingandan keyin ushbu fermer xo‘jaligi tomonidan yetishtirilgan 1 kilogramm guruchning tannarxi o‘rtacha 4617 so‘mni tashkil qiladi. Ya'ni, narx 424 so‘mga kamayishi kerak. Negaki, ayrim xarajatlar QQS bilan amalga oshirilgan (mehnat haqlari 2500 so‘m (o‘zgarishsiz), yoqilg‘i-moylash mahsulotlariga 470 so‘m (-94 so‘m), mineral o‘g‘itlar uchun 506 so‘m (-101 so‘m), urug‘lik uchun 390 so‘m (-78 so‘m) mexanizator xarajatlariga 167 so‘m (-34 so‘m), sug‘orish xarajatlariga, boshqa xarajatlarga (10 foiz) 584 so‘m (-117so‘m), sotish narxi 7700 so‘m, shundan QQS 1283 so‘m hisoblandi.

Endi ushbu hisoblangan summadan QQS bilan qilingan xarajatlarni chegirib tashlash kerak. Ya'ni, 590 so‘m chegiriladi, qolgan 693 so‘m budjetga soliq to‘lanishi lozim. Sof foyda esa, 1800 so‘m (7700-1283-4617)ni va rentabellik esa, 39 foizni tashkil etmoqda. Bu mahsulot ishlab chiqargan xo‘jalik hech qanday zarar ko‘rmaydi, deganidir.

Lekin aholiga oldin 7000 so‘mdan sotilayotgan guruch narxi 10 foizga oshirilib, 7700 so‘mga chiqib ketishi kutiladi.

Kuni kecha prezident tomonidan joriy yilning 1 avgustidan e'tiboran respublika bo‘yicha eng kam ish haqi 10 foizga oshirilgani e'lon qilindi. Demak, ushbu farmon yuqoridagi narxlarning oshishini aholi iqtisodiga ta'sirini sezilarli darajada kamaytirishni ta'minlaydi, deb yozadi deputat.

Ko‘proq yangiliklar: