«3 yillik tarix». Turkiyada amalga oshmagan davlat to‘ntarishi tafsilotlari

Jahon 21:30 / 15.07.2019 21746

2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada huquqiy demokratiyani ag‘darib, harbiylar xuntasini amalga oshirishga urinish bo‘lib o‘tdi. Turkiya hukumati tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bunda muxolifatchi Fethulloh Gulenning qo‘li bor.

15 iyul voqeasi qanday boshlandi?

Bundan uch yil avval, xuddi shu kunda Turkiya xalqi qonli davlat to‘ntarishiga urinishlarga guvoh bo‘ldi. Barchasi Turkiya armiyasi va huquq-tartibot organlari xizmatida bo‘lgan harbiylarning mamlakatning strategik obektlariga hujum qilishidan boshlandi. Ularning asosiy maqsadi amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyip Erdo‘g‘anni hukumatdan chetlashtirib, to‘ntarishni amalga oshirish edi.

Foto: AFP / Ozan Kose

Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlagan Ahmet Bashar Shenning Kun.uz'ga bergan intervyusida, Turkiyaning qiruvchi harbiy havo kemalari o‘sha tunda o‘zlarining Parlament binosiga o‘t ochganini so‘zlab bergan. 

«Harbiy qo‘mondon Hulusi Akar esa o‘g‘irlab ketildi. Voqealar rivoji shunday avj oldiki, Turkiya o‘z 95 yillik tarixida to‘rtinchi marta harbiy inqilobni boshdan kechirayotgandi», — deydi u. 

Ammo, shu paytda bir kutilmagan yoxud favqulodda hodisa yuz berdi. Voqealar tafsiloti ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi, tinch aholi vakillari oshxona buyumlari bilan qurollanib, ko‘chalarga chiqdi. Xuntaga qarshi chiqqan xalq Anato‘liya maydoniga yig‘ila boshladi. Erdo‘g‘anning ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli efirda xalqqa murojaat qilishi, ideologik birdamlik sabab ko‘chalar omma bilan to‘lib toshdi.

Foto: REUTERS/Huseyin Aldemir

Noharbiy fuqarolar va sodiq politsiya, armiya xizmatchilari kuchlarini birlashtirdi. Manbalarga ko‘ra, o‘sha kechada 240dan ortiq kishi vafot etdi, yana 2194 nafar shaxs tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.

To‘ntarish ortida kim turgandi?

Ushbu xuntada Kamolchilar harakati yaqqol sezilmaydi. 1946 yili Turkiyada tashkil etilgan ko‘p partiyaviylik demokratik boshqaruv usuli joriy etilishi bilan, Turkiya qurolli kuchlari va boshqa tuzilmalar Mustafo Kamol Otaturkning mafkuraviy himoyachilariga aylandi. Dunyoviy Turkiyani rivojlantirish yo‘lida harbiylar boshchiligida hokimiyat ayollarning ro‘mol o‘rashiga ham qarshi edi. Manfaatidan chetda qolgan partiyalarga nisbatan turli ta'sirchan choralar ko‘rildi. Ammo, ularning barchasi tarixda qoldi.

Turkiya hukumatining ta'kidlashicha, amalga oshmay qolgan to‘ntarish bir paytlar Erdo‘g‘anning yaqin maslakdoshi bo‘lgan Fethulloh Gulenning rejasi asosida yuz berdi.

«Ikki yil davom etgan sud jarayonlari, tergovda bizga ma'lum bo‘ldiki, Gulen va uning muridlari o‘zaro aloqada bo‘lib kelgan. Uning muridlari ijro apparati, ayniqsa, harbiy tuzilmalarga joylashib olgan», —  degandi Shen.

1999 yildan buyon AQShda istiqomat qilib kelayotgan 78 yoshli Fethulloh Gulen «Xizmat» tashkilotiga asos solgan. Uning tashkiloti nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda katta nufuz va ta'sirga ega. Yuqorida qayd etilganidek, Gulen va Erdo‘g‘an uzoq vaqt mobaynida hamfikr bo‘lib kelishdi, ammo 2013 yili davlat rahbari Fethulloh Gulenni katta pul yuvish amaliyoti va korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda ayblagan. Shu bilan «ittifoq»  yakuniga nuqta qo‘yildi.

Foto: REUTERS/Tumay Berkin

Ahmet Bashar Shen taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, Gulenning moliyaviy qudrati 30 milliard dollardan oshadi. Uning asosiy kirimi ta'lim muassasalari, media va nodavlat tashkilotlardan kelib turgan.

2013 yil boshlangan tergovlar oradan uch yil o‘tib jiddiy tus ola boshladi: shu zaylda «Xizmat» ning asl maqsadlari oshkor bo‘lishi muqarrar edi.

Nega to‘ntarishning oldini olish choralari ko‘rilmadi?

«Birinchidan, Gulenchilarning tarmog‘i o‘ta maxfiy va sirli ro‘yxat asosida shakllantirilgan. Ular ikkiyuzlamachilik asosida ish olib borishdi: kim dushman, kim do‘st, anglash qiyin edi» , —  deb fikr bildirgan sobiq elchi.

Ma'lum qilinishicha, Turkiya razvedka boshqarmalari bir necha oylardan buyon «Xizmat»  a'zolari o‘rtasidagi yozishmalarni kuzatib kelgan, ammo unda to‘ntarishning rejalari aytilmasdi. Bu haqiqatan, razvedkachilarning ojizligini bildirdi.

Hukumat ilk bor 2016 yil 22 iyulda rasmiy munosabatni e'lon qildi. Unga ko‘ra, davlat to‘ntarishini amalga oshirishga ko‘maklashgan «Xizmat»  a'zolari, Gulenning muridlari Turkiya davlati xizmatidan bo‘shatiladi. Shunday qilib, Gulenga qarashli barcha media kompaniyalar faoliyatini to‘xtatdi. Jurnalistlar esa tergovga tortildi. Universitetlarda rektorni saylash amaliyoti bekor qilindi, endi Erdo‘g‘anning o‘zi nomzodni tasdiqlaydi. 

Foto: AP Photo/Emrah Gurel

Bugungi kunga qadar o‘n minglab davlat mulozimlari yuqorida keltirilgan sabab bilan ishdan olingan. Sud jarayonlari to‘daning o‘ta maxfiyligi bois murakkab davom etmoqda.

15 iyul Turkiya Respublikasi va turk xalqining tarixida demokratiya g‘alabasi sifatida o‘z o‘rnini egallagan.

Ko‘proq yangiliklar: