AQSh federal savdo komissiyasi (Federal Trade Commission, FTC) foydalanuvchilar ma'lumotlari Cambridge Analytica konsalting kompaniyasiga berilgani uchun Facebook kompaniyasiga 5 mlrd dollar jarima solinishini ma'qulladi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.
Gap 2018 yilda Cambridge Analytica kompaniyasi ijtimoiy tarmoqning 87 mln foydalanuvchisi haqidagi ma'lumotlarni ularga xabar qilmasdan qo‘lga kiritgani haqida bormoqda.
Facebook va FTC bu borada izoh berishdan bosh tortdi.
Agarda ushbu ma'lumot tasdiqlansa, bu texnologiya kompaniyasiga solingan rekord miqdordagi jarima bo‘ladi.
Avvalroq Facebook ma'lumotlar sizib chiqqani uchun Buyuk Britaniya tomonidan 500 ming funt jarimaga tortilgandi.