Aqliy qobiliyatlaringizni yomonlashtiradigan to‘rtta “beozor” odat

Light 16:25 / 13.07.2019 27822

Ko‘pchilik  ish kunini sinchkovlik bilan rejalashtiradi. Biroq bo‘sh vaqti juda unumsiz o‘tib ketadi. Uning katta qismini bir qarashda beozor bo‘lgan odatlar egallashi mumkin. Neyroolim Tara Svort doimiy ravishda o‘zingizni o‘zgalar bilan taqqoslash aqliy qobiliyatlaringizni kuchsizlantirishi mumkin, deb hisoblaydi Fast Company.

Aqliy qobiliyatlarga yomon ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan narsalar quyidagilar.

Foto: Unsplash

Yangiliklarni ko‘zdan kechirish

Ko‘pchilik dunyoda nima yuz berayotganini bilishni istaydi. Ilgari buning uchun yangiliklarning kechki soni yoki tonggi gazetalarni kutishardi. Endi esa telefonlar sababli yangiliklar haqida istalgan vaqtimizda ma'lumot olishimiz mumkin. Bu esa bizni doimiy ravishda yangiliklarni tekshirish va so‘nggi voqealardan xabardor bo‘lishga o‘rgatdi.

Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash kerakligini tushunadi. Ayrimlar xabarnomalarni o‘chirib qo‘yishadi, muayyan muddatga ilovalardan voz kechadilar va lentani o‘qish uchun maxsus vaqt ajratishadi.

Biroq yangiliklar sayti va ilovalardan «bosh ko‘tarish» mushkul. Asurion 2018 so‘rovnomasi odamlarning ko‘pchiligi har 12 daqiqada o‘z telefonini tekshirishini ko‘rsatdi. Bunda siz vaqtning o‘zinigina yo‘qotmaysiz.

Ko‘pchlik neyroolimlar yangiliklarni o‘qimaslikka harakat qilishadi, chunki ulardagi salbiy jihatlar yuz berayotganlarga ta'sir ko‘rsatish imkonini bermasa-da, tushkunlik holatini chaqirishi mumkin. Bu his esa diqqatingiz va kuchingizni oladi. Amerika psixologiya assotsiatsiyasi so‘rovnomasi yangiliklar odamlarning 56 foizida zo‘riqish chaqirishini ko‘rsatdi.

Tabiiyki, har kim ham yangiliklarni o‘qishdan butunlay voz kecha olmaydi. Hech bo‘lmaganda ayrim cheklovlarga kiritishga harakat qiling. Masalan, doimiy ravishda ochib o‘qish istagini uyg‘otuvchi yangilik ilovalarini o‘chirib qo‘ying.

O‘zingizni o‘zgalar bilan taqqoslash

Bu odat dunyo kabi qadimiy. Ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lishi bilan taqqoslash uchun yanada ko‘proq sabablar paydo bo‘ldi. O‘zingizni o‘zgalar bilan taqqoslash insonga tabiat tomonidan berilgan.

O‘zingizni o‘zgalar bilan taqqoslash odatidan xalos bo‘lish uchun ijtimoiy tarmog‘ingiz lentasini tartibga solish kerak. U yerdan sizda hasad hissini uyg‘otadigan narsalarni olib tashlang.

Agar real hayotda o‘zingizni biror kimsa bilan taqqoslashda davom etsangiz, bu odamga o‘zgacha nazar tashlashga harakat qiling. Shaxsiy jihatlaringiz, kamchiliklaringiz, o‘zingizdagi umumiy jihatlar haqida o‘ylab ko‘ring. Ana shunda hasadingiz g‘amxo‘rlikka aylanadi.

Foto: Unsplash

Zo‘riqishni ovqat bilan yeyish

Odatda «zo‘riqishni yeyish» haqida gapirganimizda bir chelak muzqaymoq iste'mol qiladigan odamni tasavvur qilamiz. Aslida esa odamlar nafaqat zo‘riqish, balki xavotirlilik va zerikishni ham «yeyishadi». Ovqat iste'moli sizni tinchlantirishi mumkin.

Hislaringizga bog‘langan odatni qanday o‘zgartirish mumkin? Buning uchun muammoni «yeyishga» harakat qiladigan vaqtingizni kuzatish kerak. Kundalik yoki telefoningizda sababsiz biror narsa yeyish istagi paydo bo‘lgan holatni qayd etishga harakat qiling. Xulq-atvoringizda biror qonuniyatlar bormi? Zerikkaningizda, bekorchilikda, xafa bo‘lganingizda yoki jahlingiz chiqqanida biror nima yeyish istagi paydo bo‘ladimi? Istagingiz sababini topganingizda o‘zingizni to‘xtatishni o‘rganasiz.

Shuni unutmaslik kerakki, zararli yegulik odatlanishni chaqiradi. Shakar va yog‘ga boy ovqatlarni iste'mol qilish bizni ana shunday mahsulotlardan yanada ko‘proq yeyishga undaydi. Ular miyamizga katta foyda keltirmaydi. Shuning uchun ratsioningizda to‘yimli mahsulotlar bor ekanini kuzating. Ular nafaqat odamni to‘ydiradi, balki aqliy qobiliyatlarni ham yaxshilaydi.

Ko‘p vazifalilik

Yuzlab majburiyatlaringiz mavjud bo‘lganida ko‘p vazifalilik zarurdek bo‘lib ko‘rinadi. Biroq tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, u miya faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Har safar bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni bajarishga harakat qilganimizda miyamizni charchatamiz va ko‘p quvvat sarflaymiz.

Bir vaqtning o‘zida bir necha ish bilan shug‘ullanish odatidan xalos bo‘lish uchun nimani qachon bajarishni aniq chegaralab olish kerak. Bitta vazifani bajarish uchun ko‘proq vaqt sarflang va sizni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan barcha narsalardan xalos bo‘ling.

Ushbu odatlarning bari beozor bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Biroq ularga juda tez-tez berilsangiz, sizning aqliy qobiliyatingizga ta'sir qilishi mumkin. Shunday ekan, keyingi safar ana shu odatlardan birini o‘zingizda sezsangiz, ularni qanday foydali mashg‘ulotlar bilan almashtirish mumkinligi haqida o‘zingizga savol bering. Miyangiz buning uchun sizga minnatdorchilik bildiradi.

Ko‘proq yangiliklar: