Picodi.com tahliliy bo‘limi dunyoning 115 mamlakatida o‘rtacha ish haqiga necha litr benzin sotib olish mumkinligini aniqladi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ba'zi mintaqalarda neft qazib olish yo‘q ekaniga qaramay, aholi uchun benzin ancha hamyonbopdir; boshqalarida esa, maosh miqdori va yoqilg‘i litri uchun narx hisobga olinsa, avtomobil harakatlanish vositasi emas, balki hali ham hashamatli narsa bo‘lib qolmoqda.
Tojikistonda AI-95 litri nisbatan arzon ($0,81) bo‘lsa-da, o‘rtacha ish haqi juda past, bu pulga faqat taxminan 130 litr sotib olish mumkin.
Qozog‘istonda benzin deyarli ikki barobar arzonroqdir ($0,45), mamlakat aholisi 800 litrdan ziyodni sotib olish imkoniyatiga ega. Markaziy Osiyoda Qozog‘iston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi.
Mintaqa bo‘yicha boshqa ma'lumotlar: O‘zbekiston - 238 litr, Qirg‘iziston - 305 litr.
Janubiy Kavkaz va Kaspiybo‘yi mintaqasi davlatlarida bu raqamlar ancha yaxshi. Misol uchun, Armaniston va Ozarboyjonda AI-95 uchun narxlar AQSh dollari ekvivalentida bir xil (88 sent), bu mos ravishda 335 va 354 litr benzin sotib olish imkonini beradi. Eng yaxshi natija Gruziyada. O‘rtacha oylik ish haqi 434 litrga yetadi.
Rossiyada o‘rtacha oylik ish haqi joriy yilning dastlabki olti oyida 40 ming rublni tashkil etgan. Ushbu davlat ko‘p yillar davomida neft qazib olish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab turganiga qaramay, aholisi ish haqiga 887 litr benzin sotib olishi mumkin.
Sobiq SSSR mamlakatlaridan Estoniya va Litva yetakchiga aylandi. Bizning standartlarimiz bo‘yicha Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi benzin narxi juda qimmat, lekin yevrodagi maoshlar evaziga 840 litrdan ziyod yoqilg‘ini sotib olishingiz mumkin.
Ukrainada va Moldovada bir litr uchun narx deyarli bir xil ($1,09 va $1,03) - 258 hamda 298 litr.