Bugun, 12 iyul kuni Oliy Majlis Senati binosida Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining bank, moliya, soliq, bojxona tizimini isloh qilish, investitsion muhitni shakllantirish, «xufiyona iqtisodiyot»ni rag‘batlantiradigan omillarni bartaraf etish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Qo‘mita a'zosi Ulug‘bek Sotiboldiyev soliq va bojxona to‘lovlarini kamaytirish kerakligiga urg‘u berdi.
«Soliq tizimi adolatli emas, sababi ikki tomonlama soliqqa tortish holatlari bor. Foyda solig‘i to‘langandan keyin yana dividend solig‘i to‘lanishi holati, yagona ijtimoiy to‘lovni ish beruvchi to‘laydi, deb talqin qilinishi, bir soha vakillarini rag‘batlantirish evaziga boshqa soha vakillariga soliq yuki oshirilishi bunga yorqin misol. Notenglik yuzaga kelishi oqibatida ba'zi soliq to‘lovchilar o‘z daromadini yashirish holatlari kuzatilmoqda. Buning natijasida «xufiyona iqtisodiyot» rag‘batlantirilyapti va jozibasi oshirilyapti», deya Sotiboldiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Sotiboldiyevning ta'kidlashicha, soliq yuki og‘ir va turlari ko‘p.
«Iste'molchi 20 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i, 12 foiz daromad solig‘i, 12 foiz yagona ijtimoiy to‘lov, 5 foiz dividend solig‘i (tadbirkor bo‘lsa), jami 37-44 foiz daromadi va iste'molidan soliq to‘laydi. Buni yengil deb bo‘lmaydi. «Konvert» usulida haq to‘lash haliyam davom etyapti. Vaziyat shu taxlitda davom etaversa, tadbirkorlar soliq yuki yengil mamlakatlarda faoliyatini olib borishga majbur bo‘lishadi», degan u.