Samarqanddagi qurilish ishlari taqdiri nima bo‘ladi? - Madaniyat vaziri o‘rinbosari izoh berdi

O‘zbekiston 01:40 / 12.07.2019 10469

Shanxay hamkorlik tashkilotining 2022 yilgi sammitiga mezbonlik qiladigan Samarqandda rejalashtirilgan qurilish ishlari shahar tashqarisida olib borilishi ko‘zlanmoqda. Bu xususida Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2019 yil birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, Samarqanddagi qurilish jarayonini joriy yil yanvar oyida YuNeSKO mutaxassislari kelib, o‘rgangan. U yerdagi muammo hozir Shanxay sammiti uchun qurilishi rejalashtirilgan obektlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. «Har qanday qurilishda tarixiy obektga tegish mumkin emas, uning bufer zonasi, ya'ni muhofaza hududida qurilish olib borish uchun esa YuNeSKO mutaxassislari bilan kelishish kerak. Shahrisabz tarixiy markazi bilan bog‘liq holatdan keyin YuNeSKOning bizga bo‘lgan munosabati o‘zgardi, chunki bu qadimiy shahar nafaqat milliy, balki umumjahon meros hisoblanadi. Parijdagi shaharsozlik institutidan mutaxassislarni chaqirdik. Ular Samarqandga kelib, qayerda qurilish olib borilishi mumkinligini o‘rganib chiqishdi. Tavsiyalar berildi, bu tavsiyalarni YuNeSKOga jo‘natdik. Loyihalar shular asosida qilinishi kerak. Loyihalar tayyor bo‘lgandan keyin ularning tarixiy obektlarga bo‘lgan ta'siriga mutaxassislar baho beradi, uni ham YuNeSKO ko‘rib chiqadi. Hozir sammit uchun mo‘ljallangan obektlarni Samarqanddan tashqari hududda qurish masalasi ko‘rilmoqda», — deydi Kamola Oqilova.

Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, tarixiy obektlar bilan bog‘liq muammolarga restavratsiya institutining mavjud emasligi, inshootlarning kadastr hujjatlari yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.

— 90 yillargacha restavratsiya instituti bor edi. Keyin yopilib ketadi, uni qayta tiklash kerak. U tarixiy obektlarni saqlash, tiklash ishlariga ilmiy jihatdan yondashib, tadqiq qilishi lozim.

Madaniy meros departamentining hududlarda inspeksiyalari bor. Lekin ulardan samara bo‘lmayapti, biz obektlar haqidagi ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardan bilib qolyapmiz. Nega? Chunki oyliklar past, inspektorlarning mashinasi yo‘q. Ular ertalabdan kechgacha har bir obektni ko‘zdan kechirib chiqishi kerak.

Uzoq yillar davomida tarixiy inshootlarning kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagani ham hokimliklarning ular atrofida bemalol qurilish ishlarini olib borishiga sabab bo‘lgan, — deya ta'kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 2022 yilda Shanxay sammitining o‘tkazilishi munosabati bilan olib borilayotgan qurilishlarning tarixiy obektlarga ta'siri Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasida ko‘rib chiqilgani haqida xabar berilgan edi. Unda Butunjahon merosi markazi direktori Metxild Ressler Samarqand masalasida O‘zbekiston delegatsiyasiga qarata: «Biz sizning aql bilan ish ko‘rishingizga ishonamiz», — degan edi.

«Butun jahon merosi ro‘yxatida Samarqandning kartochka pasportida shunday qayd etilgan «So‘nggi yillarda, xususan, 2018 yilning iyun oyida Butunjahon merosi markaziga tashvishlantiruvchi bir necha xabar kelib tushgan: bevosita obekt yaqinida olib borilayotgan qurilish loyihalari uning bemisl universal va umumbashariy qiymatiga haqqoniy xavf tug‘diradi. Ayniqsa, bu xususiy sektorda an'anaviy uylar ommaviy ravishda buzilishi bilan bog‘liq».

2019 yilning yanvarida Butunjahon merosi markazi O‘zbekistondan maxsus doklad taqdim etishni so‘ragan, biroq Butunjahon merosi qo‘mitasi xabariga ko‘ra, u tayyorlanmagan. 2019 yilning martida O‘zbekiston boshqa dokladni taqdim etgan, unda Samarqandning yangi bosh rejasi, tarixiy markaz va bufer zonasining detallashtirilgan loyihasi, yangi harakatlanish sxemasi tayyorlanayotgani bayon qilingan. BMQ hujjatida bu ishlar haqiqatda amalga oshirilmagani qayd etilgan, hudud hamda bufer zonani kompleks kartografiyalashtirish va obodonlashtirish 2022 yilda o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan Shanxay hamkorligi tashkiloti sammitiga atab 16ta mehmonxona qurilishi uchun qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Sammitgacha shaharning markaziy ko‘chasi yonidagi uylar qayta tiklanadi, kanal, «Registon Plaza» va «Afrosiyob» mehmonxonalari modernizatsiya qilinadi. Bufer zonalar chegarasida ikkita sanoat zonasini obodonlashtirish rejalashtirilgan. Turar joy binolariga tutash uchastkalarda ko‘kalamzorlashtirish taklif etilmoqda. Aeroport yo‘li bo‘ylab turar joy binolari buziladi. Bevosita bufer zonalar chegarasidan tashqarida xususiy qurilmalar buziladi va Temuriylar uslubida qayta quriladi, «faoliyat ko‘rsatmayotgan zavod shahar ehtiyojlari uchun qayta tashkil etiladi».

O‘zbekiston «Ustuvor loyihalarni loyihalashtirishda amal qilinadigan prinsiplar» hujjatini taqdim etgan, biroq BMQ dokladida qayd etilishicha, hujjat garchi nazariy jihatdan maqbul bo‘lsa-da, uning amaliy yo‘nalganligi qay darajada ekani noma'lum.

BMQ ma'lumotiga ko‘ra, Samarqand YuNeSKOdan so‘nggi 20 yil ichida shahar landshaftini saqlab qolish uchun 130 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ olgan. Hokimiyat xatti-harakatlari tufayli natija butunlay teskari: tarixiy landshaft xavf ostida», — deb yozgan Anhor.uz kolumnisti Yuriy Chernogayev.

Ko‘proq yangiliklar: