Qanday kompaniyalar yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritiladi?

Iqtisodiyot 12:36 / 12.07.2019 8659

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra quyidagi mezonlarga javob beruvchi yuridik shaxslar yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritiladi:

a) aksiz osti mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar;

b) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari va qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha birja faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalar, shuningdek ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va filiallar;

v) “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ, shuningdek ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar;

g) mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar;

d) o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi 100,0 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar.

Yirik soliq to‘lovchilar toifasini belgilashda ko‘rsatib o‘tilgan mezonlar, yuridik shaxslarning o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha soliq organlariga taqdim etgan soliq va moliyaviy hisobotlaridagi ko‘rsatkichlariga asosan aniqlanadi.

Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar kalendar yil yakuni bilan ko‘rsatilgan mezonlarga javob bermasa, ushbu xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar navbatdagi uch yil mobaynida yirik soliq to‘lovchilar toifasida qoladi.

Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilgan yoki ro‘yxatidan chiqarilgan yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kundan e'tiboran besh kun ichida yozma ravishda, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: