O‘zbekistonlik dzyudochi Budapesht Gran-prisida shohsupadan joy oldi 

Sport 23:44 / 12.07.2019 7561

Budapeshtda dzyudo bo‘yicha Gran-pri turniri birinchi kun bahslari yakuniga yetdi. 

Unda jami to‘rt vaznda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. O‘zbekistonlik Shahram Ahadov -66 kggacha vaznda 3-o‘rinni egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Erkaklar o‘rtasida -60 kg vaznda qozog‘istonlik Yeldos Smetov Gran-pri g‘olibi bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni Bolbaatar Ganbat, Y.V. Yang va T.Tornikelar egalladi. Bu vaznda bahslarda qatnashgan o‘zbekistonlik dzyudochilardan Komron Nurillayev 3-davrada bo‘lajak chempion Yeldos Smetovga yutqazib qo‘ygandi. Ikkinchi ishtirokchi Sharofuddin Lutfullayev yarimfinalgacha muvaffaqiyatli yo‘lni bosib o‘tdi, ammo final ostonasida Bolbaatar Ganbatga, uchinchi o‘rin uchun kurashda esa Y.V. Yangga imkoniyatni boy berdi va 5-o‘rinda qolib ketdi.

-66 kg vaznli polvonlar bahslarida ishtirok etgan ikki nafar o‘zbekistonlikdan biri Sardor Nurillayev ikkinchi davradanoq musobaqadan chiqib ketgani xabar qilingan edi. Ikkinchi dzyudochi Shahram Ahadov esa jamoa hisobiga turnirdagi ilk medalni yozdirib qo‘ydi. U birinchi davrada germaniyalik S.Manuyelni, ikkinchi davrada rossiyalik A.Grigoryanni, keyin Perez Romanni, guruh g‘olibligi uchun bahsda B.Shmailovni yengdi va yarimfinalga chiqdi. Bu bosqichda H.Ganboldga yutqazib qo‘ydi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan kurashda isroillik T.Flikkerdan ustun keldi. 

Bu vaznda mo‘g‘ulistonlik H.Ganbold tengsiz topildi. U finalda qozog‘istonlik Yeldos Jumakanovdan ustun keldi. Yana bir uchinchi o‘rin Mixail Puliyayevga nasib qildi.

Ayollar o‘rtasida -48 kg vaznli dzyudochilar bahslarida Tonaki Funa tengsiz bo‘lgan bo‘lsa, -52 kglilar bellashuvlarida yana bir yaponiyalik Maida Chishima g‘olib bo‘ldi. -57 kg vaznda esa braziliyalik Rafaela Silva tengsiz bo‘ldi.

Gran-prining keyingi kunida erkaklar -73, -81; qizlar -63, -70 kggacha vaznda tatamiga tushadilar.

Ko‘proq yangiliklar: