O‘zbekistonda birinchi marta elektr stansiyalarni boshqarish xususiy sektorga topshiriladi

O‘zbekiston 14:30 / 12.07.2019 10360

O‘zbekiston Qozog‘istonning «Gornyye raboty» kompaniyasi ishonchli boshqaruviga ikkita issiqlik elektr stansiyasini topshiradi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ boshqaruvi raisi Ruslan Mubarakshin xabar berdi.

Hozirgi paytda Angren va Yangi Angren IESni uch yilga ishonchli boshqaruvga topshirish bo‘yicha kelishuv tafsilotlari ishlab chiqilmoqda. Ushbu hujjatda tabiiy gazdan foydalanishni maksimal qisqartirish va ko‘mir yoqish ulushini ko‘paytirish nazarda tutilgan.

«O‘zbekistonda birinchi marta elektr stansiyasini boshqarish xususiy shaxslarga topshiriladi. Asosiy vazifa - IESni tabiiy gazdan ozod qilish», - dedi Ruslan Mubarakshin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘istondagi yirik ko‘mir konlari egasi bo‘lgan «Gornyye raboty» kompaniyasi bilan O‘zbekistonga ko‘mir yetkazib berish masalasi muhokama qilinmoqda.

«Past narxlarga erishish uchun muzokaralar olib boramiz. Ko‘mir importi elektr energiyasi tannarxiga ta'sir qilmasligi hamda iste'molchilar uchun tariflarning oshishiga olib kelmasligi kerak. Yetkazib berish ishlari Angren ko‘mir koni to‘liq ishga tushirilgunga qadar amalga oshiriladi», - dedi kompaniya rahbari.

Shuningdek, uning qayd etishicha, O‘zbekistonda ko‘mirning juda katta zaxiralari mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: