O‘zbekiston oltinning bir qismini xorijiy obligatsiyalar bilan almashtiradi

Iqtisodiyot 12:46 / 12.07.2019 12518

O‘zbekiston o‘z valuta zaxiralarida oltin ulushini kamaytirish va uning o‘rniga AQSh g‘aznachilik majburiyatlarini sotib olishni rejalashtirayotgani ma'lum bo‘lgandi. Bu zaxiralarni diversifikatsiya qilish uchun zarurligi xabar qilindi.

Endi ma'lum bo‘lishicha, Markaziy bank nafaqat AQSh, balki boshqa davlatlarning ham obligatsiyalarini qo‘lga kiritmoqchi. Bu haqda Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmurodov Bloomberg nashriga xabar berdi.

«Biz Amerika qimmatli qog‘ozlari va boshqa davlatlar, shu jumladan, Xitoyning qarz majburiyatlarini sotib olishni istaymiz. Oltinning ulushi taxminan 50 foizni tashkil etadi, ammo kelajakda bu ko‘rsatkich pastroq bo‘lishi mumkin», - dedi Nurmurodov Sankt-Peterburgdagi Xalqaro moliyaviy kongress davomida nashrga.

Bu boshqa mamlakatlardagi vaziyatga qarama-qarshidir, deya e'tibor qaratgan Bloomberg. Savdo urushlari va iqtisodiy o‘sishning sustligi boshqa davlatlarni oltinni ko‘paytirishga majbur qilayotgan bir paytda, o‘z iqtisodiyotini ochayotgan hamda isloh qilayotgan O‘zbekiston boshqacha yo‘l tutmoqda.

«Oltinning ulushi kamroq bo‘ladi. Birinchidan, zaxiralar o‘z-o‘zidan o‘sib boradi, ikkinchidan, biz ko‘proq oltin sotamiz», - deydi Nurmurodov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt-besh yildan keyin O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari jahon bozorida oltinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozircha esa Markaziy bank xaridor hisoblanadi, u mamlakat ichkarisida oltinni so‘mga sotib olmoqda va uni tashqi bozorda dollarga sotyapti.

«Biz so‘mning ayirboshlash kursini qo‘llab-quvvatlamayapmiz, tebranishlarni bartaraf etishga urinmayapmiz. Bizning bozordagi ishtirokimiz - valutani qo‘llab-quvvatlashga aralashish emas, balki oltin xaridi uchun kompensatsiya», - deya aniqlik kiritdi Markaziy bank rahbari. 

Ko‘proq yangiliklar: