Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi tugatiladi - Prezident farmoni

O‘zbekiston 00:34 / 12.07.2019 55069

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy va o‘rta maxsus ta'lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi.

Farmonga ko‘ra oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirish, tizimdagi muassasalarning sifatli faoliyat yuritishini ta'minlash orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq, quyidagilar oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

·       oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi sohasida zamonaviy va mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega, bilimli hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash;

·       oliy ta'lim muassasalarida kasbiy faoliyat yo‘nalishida zamonaviy bilim va malakaga ega, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda chet tillarini o‘zlashtirgan kadrlar tayyorlash sifatini ta'minlash;

·       barcha oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarini o‘quv-pedagogik va ilmiy-uslubiy, shuningdek, ularda mutaxassislar tayyorlash sifati, ta'lim mazmuni va darajasining davlat ta'lim standartlari hamda malaka talablariga muvofiqligini ta'minlash;

·       zamonaviy pedagogik texnologiyalar va o‘qitish uslublaridan keng foydalanish asosida o‘quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, ta'lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda o‘qitishning ilg‘or shakllari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

·       ta'limda ma'naviy-axloqiy mazmunni kuchaytirish, yoshlarni, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik va yuksak ma'naviy g‘oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tashkil etish;

·       oliy ta'lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy ta'lim, fan va ishlab chiqarishning o‘zaro mustahkam integratsiyasini ta'minlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni jalb qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

·       zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlarni tanlash hamda oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarini bunday mutaxassislar bilan ta'minlash, tizimli rag‘batlantirish ishlarini olib borish;

·       rahbar va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini tashkil etish, takomillashtirib borish, ularning kasbiy mahorati sifati va darajasini oshirish uchun sharoitlar yaratish, jumladan, xorijiy davlatlarda malaka oshirish va stajirovka o‘tashni tashkil etish, o‘quv jarayonlariga xorijlik olimlar, o‘qituvchilar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish;

·       talabalar, o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning jahon ta'lim resurslari, ilmiy adabiyotlar elektron katalogi va ma'lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

·       ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ta'lim tizimini takomillashtirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, hamkorlikdagi qo‘shma oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi dasturlarini amalga oshirish, ta'lim sohasida erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish;

·       ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda kasb-hunar kollejlarida mehnat bozorida talab etiladigan mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘quv rejalari va dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etish.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi tugatiladi hamda Markazning bo‘shayotgan shtat birliklari vazirlikka o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Markazning barcha huquq va majburiyatlari hamda shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilab qo‘yildi. 

Ko‘proq yangiliklar: