Konditsioner jonga oro kiradi, ammo...

Light 16:49 / 12.07.2019 103823

Jazirama kunlarida ko‘pchilikka rohat bag‘ishlayotgan vosita konditsionerlardir. Ular turli-tuman – narxi, quvvati, brendi, shakliga ko‘ra farqlanaveradi. Bugun konditsionerlarning eng ko‘p tarqalgan turi – “yoz-qish” tizimida ishlovchi mini-iqlim nazoratchilari bo‘lgan split-tizimlar haqida ma'lumotlar bilan bo‘lishamiz.

Insoniyat azaldan issiq bilan kurashib kelgan. Buning uchun yerto‘lalar, bahavo boloxonalar qurilgan. Lekin baribir quyoshning tafti butun yoz chillasida o‘z qudratini namoyon qilavergan. Hamma sohada bo‘lgani kabi fan-texnika taraqqiyoti yordamida odamzod cheklangan binolarda sovutish tizimini yo‘lga qo‘ya oldi.

Konditsionerlarning dastlabki shakli va bu so‘zning ilk bor ishlatilish tarixi uzoq 1815 yilga borib taqaladi. Shu yili fransuz ixtirochisi Jann Shabannes “turar joylar va boshqa binolarda havo haroratini mo‘'tadillashtirish” nomi ostida patent olishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo bu patent qog‘ozda qolib ketadi, uzoq yillar hayotga tatbiq etilmaydi.

Faqat 1902 yilga kelibgina amerikalik ixtirochi-muhandis Uillis Kerriyer Nyu-Yorkdagi Bruklin bosmaxonasini sovutish uchun muzlatkich mashinani bino ichida ishlashga moslashtiradi. Eng qizig‘i, bu ixtirodan maqsad ishchilarga qulay sharoit yaratish bo‘lmay, bosma sifatini yaxshilashdan iborat edi.

Zamonaviy split-tizimlarning ilk shakli 1929 yilda General Electric kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Undagi sovituvchi modda sifatida ammiakdan foydalanilgani va u juda zararliligi bois asosiy qurilma binodan tashqarida joylashtirilardi. Ammo 1931 yilda bu maqsad uchun freon kashf qilindi va hozirgi kunga qadar bu texnikaning ish uslubi o‘zgarmay, faqat takomillashtirib kelinmoqda.

1961 yilda yana bir qadam tashlandi — Yaponiyaning Toshiba kompaniyasi konditsionerlarni ikki blokka bo‘ldi va eng sershovqin qismi bo‘lgan kompressor bino tashqarisiga chiqarildi. Boshqa ishlab chiqaruvchilar ham darhol bu uslubni o‘zlashtirib olishdi va ishlab chiqarish hajmi keskin oshib ketdi.

O‘zbekistonning umumiy tarixi bog‘langan sobiq ittifoq maishiy texnikada ortda qolish an'anasidan voz kechmagan holda bu borada ham oddiy usulni qo‘lladi – “BK” nomli to‘rtburchak, bir tomoni uy ichida, bir tomoni tashqarida turuvchi sershovqin konditsionerlar millionlab ishlab chiqarilsa-da, aytarli takomillashtirilmadi.

Hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan konditsionerlar nafaqat sovutish, balki qish paytlarida isitish, havoni turli changlardan tozalash, ionlash kabi qo‘shimcha funksiyalarga ham ega.  

Ko‘pchilikni bir jihat – bu texnikaning bahosi qiziqtirishi tabiiy. Hozirgi kunda ko‘plab do‘konlar, biznes markazlar, bozorlar bu mahsulotni taklif qiladilar, o‘zimizda ishlab chiqaruvchilar ham talaygina. Biz ularning birortasini reklama qilmagan holda narxlar qaysi qiymatdan boshlanishi haqida ma'lumot beramiz.

Xonadonlar uchun eng ko‘p 9 va 12 quvvatli (9 yoki 12 BTU. BTU – Britaniya termik birligi), juda kam hollarda 7 quvvatli konditsionerlar xarid qilinadi. Lekin so‘nggi yillarda ishlab chiqaruvchilar 7 quvvatli konditsionerlar ishlab chiqarishni deyarli butunlay to‘xtatgan holda, 9 o‘lchamli mahsulotlar sonini ham ancha cheklab qo‘ydilar. 9 quvvatli konditsionerlar standart 25 kvadrat atrofida, 12 quvvatli konditsionerlar standart 35 kvadrat atrofidagi binolarni sovutib bera oladi. Bozor hozirgi kunda asosan 12 quvvatli konditsionerlar taklif qilmoqda. Narxlarga kelsak, bu mahsulotning eng arzonini taxminan 2 mln 650 ming so‘m atrofida xarid qilish mumkin. Brend nomi, qo‘shimcha funksiyalari, o‘rnatib berish xizmati kabi opsiyalar hisobiga ayni shu quvvatdagi mahsulot qiymati 4 mln so‘mdan ham oshib ketishi hech gap emas.

Darvoqe, o‘rnatish xizmati haqida alohida to‘xtalsak. O‘zbekiston bu xizmat turi eng arzon mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ko‘p davlatlarda ishlab chiqaruvchining o‘zi o‘z qo‘llanmalariga muvofiq o‘rnatib berishni ham zimmasiga oladi. Bunday imkoniyatdan foydalanilmagan hollarda bu xizmat bahosi konditsioner narxining yarmiga qadar boradi. Solishtirish uchun, bizda bu xizmat xonadondagi joylashuv, qo‘shimcha materiallarni hisobga olmaganda kamida 150-200 ming so‘mni tashkil qiladi. Bir qarashda qimmat tuyulgan, aslida, arzon bu narxlar sababi aksariyat ustalar hech qanday litsenziyasiz, soliqlar to‘lamagan holda ishlashidir.

Konditsionerlarning foydali jihatlarini hammamiz bilamiz. Eng muhimi ular jazirama kunlarda bizni issiq taftidan himoya qiladi. Ammo ularning salbiy tomonlari, zararli xususiyatlari ham bisyorki, ulardan ehtiyot bo‘lish lozim.

1. Ko‘pchilik konditsionerlarni tashqaridan havoni olib, ichkaridagiga almashtirib turadi, ya'ni muntazam toza havo olib kiradi, deb o‘ylaydi. Aslida unday emas, konditsioner xona ichidagi havoni olib, sovutib, yana qaytarib kiritaveradi, ya'ni yopiq siklda ishlaydi;

2. Konditsioner bir soatlik ishi davomida kamida bir litr havoni “isrof” qiladi. Ya'ni mutlaq germetik xona bo‘lsa, ma'lum muddatdan keyin umuman havo qolmasligi mumkin;

3. Ishlayotgan konditsioner ro‘parasida uzoq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tirish o‘pka, bo‘g‘imlar, mushaklar kasalliklarini (artrit, miozit), turli yallig‘lanishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu tizimga o‘rgangan organizm ochiq havo, quyoshga chiqqanda juda zaiflashib qoladi;

4. Yuqorida aytilganidek, yopiq siklda ishlashi tufayli konditsionerlar bemor odamdagi infeksiyani butun bino bo‘ylab tarqatib yuborishi mumkin;

5. Konditsioner ishining asosini tashkil etuvchi freon havodan og‘irroqligi tufayli chiqib ketganda toksik xususiyati bilan odamni zaharlab qo‘yishi ehtimoli bor;

6. Konditsioner har 2-3 oyda tozalab turilishi lozim, ammo bu qoidaga deyarli hech kim amal qilmaydi. Natijada konditsioner mikroblar o‘chog‘iga aylanib qoladi. Bundan tashqari, uzluksiz ishlashi oqibati havo namligini pasaytirib yuboradi, bu ham sog‘lik uchun xavfli.

Kichik maslahatlar:

– O‘rnatish jarayonida konditsioner uchun alohida elektr uzatuvchi liniya torttirishga harakat qiling;

– Havo filtrini tez-tez, yoz faslida har oy kamida bir marta tozalab turing;

– Paydo bo‘lgan har qanday shovqinga e'tibor bering, ustani chaqirib ko‘rsating;

– Bir yilda kamida bir marta mutaxassisni chaqirib, barcha qismlarni to‘liq tozalating;

– Tok uzatuvchi simlar qiziganini sezishingiz bilan ishlatishni to‘xtating va ustaga xabar bering;

– Optimal haroratni o‘zingiz tanlab oling va huda-behuda o‘zgartiravermang. Shuningdek, yoqishingiz bilan darhol o‘ta past harorat rejimini tanlamang. Har qanday maishiy texnika singari konditsioner ham ma'lum ish rejimiga tushib olishi lozim;

– Eng muhimi konditsionerdan foydalanishda ham me'yorni unutmang, u ishlayotgan xonada uzluksiz o‘tirishga o‘rganib qolmang.

Abror Zohidov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: