Fan olimpiadasi g‘oliblari qaysi yo‘nalishlarga imtihonsiz kira olishi mumkinligi haqidagi ro‘yxat tasdiqlandi

O‘zbekiston 09:16 / 12.07.2019 13311

O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi fan olimpiadasi g‘oliblari joriy yilda oliy o‘quv yurtlarining qaysi yo‘nalishlarga imtihonsiz, davlat granti asosida kira olishi mumkinligi haqidagi ro‘yxatni e'lon qildi.

Davlat komissiyasi majlisining 2019 yil 4 iyuldagi 1-son bayoni bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Olimpiada fani va tanlovlar bilan oliy ta'lim yo‘nalishlari o‘rtasidagi kasbiy muvofiqlik tasdiqlandi.

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati eslatishicha, umumta'lim fanlari bo‘yicha respublika olimpiadalarida 1–3-o‘rinlarni olgan o‘rta maxsus o‘quv muassasalari bitiruvchilari va umumta'lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari test va qo‘shimcha imtihonlarsiz oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinadi.

Bunda oliy o‘quv yurti mutaxassisliklari va olimpiadalar fanlari o‘rtasidagi muvofiqlik inobatga olinadi.

Olimpiadaning respublika bosqichi 18 ta umumta'lim fanlaridan (maxsus maktab-internati o‘quvchilari uchun ona tili va adabiyot hamda matematika fanlaridan) o‘tkazildi.

Mazkur bosqichda 1059 nafar (448 nafari akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 611 nafari maktab o‘quvchilari) o‘quvchilar ishtirok etdi.

Olimpiadaning respublika bosqichi yakuniga ko‘ra, jami 18 ta fandan 53 nafar o‘quvchi g‘olib deb topildi va shundan 20 nafari 1-o‘ringa, 18 nafari 2-o‘ringa va 15 nafari 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan umumta'lim fanlari bo‘yicha respublika olimpiadasining IV bosqichi g‘oliblari ro‘yxati.

Ko‘proq yangiliklar: