O‘zbekiston davlat budjeti qonun ko‘rinishida tasdiqlanadi. Bu haqda respublika moliya vaziri o‘rinbosari Shoxruh Shorahmedov ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat moliyasini boshqarish islohotlari strategiyasi tayyorlangan.
“Juda ko‘p narsani o‘zgartirish ko‘zda tutilgan. O‘ylashimcha, yaqin yillarda budjetni tayyorlash tizimi butunlay o‘zgaradi. Ilk marta budjetni qonun loyihasi ko‘rinishida tayyorlashga o‘tamiz. Ilgari u prezident qarori bilan tasdiqlangan. Bu yil budjet qonun bilan tasdiqlanishini rejalashtiryapmiz. Deputatlar u yoki bu sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni o‘zlari belgilaydilar”, - dedi Shorahmedov “Fuqarolar uchun budjet - 2019” taqdimotida.
Ikkinchi katta o‘zgarish – o‘rta muddatli budjetlashtirishga o‘tish. “Bu haqida ilgari ham aytilgan. Biroq, amalga oshira olmaganimizning muayyan sabablari bor edi. O‘tgan yildan boshlab bu masalaga asosli tarzda yondashdik va tadbirlarni amalga oshirishni boshladik” – deya qayd etdi vazir o‘rinbosari.
«Budjet haqidagi qonunni tayyorlash boshlanganida, o‘rta muddatli budjetlashtirishga to‘liq o‘tish bo‘yicha ham tadbirlar ko‘zda tutiladi. O‘ylashimcha, bu barcha vazirlik va idoralar uchun uch yillik budjet qonun bilan belgilanganidan keyin bo‘ladi” – deya qo‘shimcha qildi u.
Shorahmedov ilgari sohalar bo‘yicha jami raqamlardan foydalanilgan bo‘lsa, endilikda esa vazirliklar bo‘yicha mablag‘lar ajratilishiga o‘tilishini qayd etdi.
“Bu qonunning o‘zida aks etadi. Har bir vazirlik budjetda o‘ziga qancha mablag‘ ko‘zda tutilganini bilib boradi. Avvalgi yillarda, masalan, ta'lim sohasi bo‘yicha budjet tasdiqlanardi, keyin umumiy raqamlar doirasida uch yoki to‘rt vazirlik uni bo‘lishib olgan. Endilikda, har bir vazirlik o‘z raqamlarini ko‘radigan tizimga o‘tamiz”, - dedi Shorahmedov.
“Budjet qay darajada samarali amalga oshirilayotganini baholay olishimiz uchun uni vazirlikning o‘ziga emas, balki uning muayyan dasturlariga ajratilishiga harakat qilamiz. Har bir soha bo‘yicha (samaradorlik) indikatorlari bo‘ladi va biz ularni tahlil qilamiz”, - deya xulosa qildi u.