«Atletiko» bayonot berdi: klub sud orqali «Barselona»dan katta pul undirmoqchi

Sport 20:20 / 12.07.2019 8838

«Atletiko» hujumchi Antuan Grizmann transferi yuzasidan «Barselona»ni sudga bermoqchi.

Bugun kataloniyaliklar «matraschilar»ga fransiyalik futbolchining shartnomasida belgilangan miqdordagi tovon puli – 120 mln yevroni to‘lab, uni o‘z safiga qo‘shib olishganini e'lon qildi. «Atletiko» esa sud orqali «Barsa»dan yana 80 mln yevro undirmoqchi.

Madrid klubidagilarning iddaosicha, «ko‘k-anorranglilar» Grizmann bilan shartnomadagi tovon puli 200 mln yevrodan 120 mln yevroga tushgan 1 iyul sanasidan oldinroq kelishuv tuzib bo‘lishgan.

«Bugun Grizmanning advokati Primera shtab-kvartirasida bo‘lib, futbolchi va klub o‘rtasidagi bitimni bir tomonlama bekor qildi. U «Barselona» nomidan 120 mln yevro to‘ladi.

Biz mazkur summani tovon puli to‘lash shartlarini bajarish uchun yetarli emas, deb hisoblaymiz. Shunisi ayonki, «Barselona» va Antuan tovon puli miqdori 200 mln yevrodan 120 mln yevroga tushishidan oldin kelishib olishgan.

Tomonlar futbolchi klubimizni tark etishini e'lon qilgan 14 maydan ham oldin kelishuvga erishib bo‘lishgan.

«Atletiko» o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralar ko‘rish bo‘yicha harakatlarni boshlab yuborgan», – deyiladi «Atletiko» rasmiy saytida.

Ko‘proq yangiliklar: