Eronning 5 ta kateri Britaniyaga qarashli tankerni ta'qib qildi

Jahon 07:45 / 11.07.2019 13570

Eron Islom inqilobi soqchilari korpusining 5 ta qurollangan kateri Britaniyaga qarashli neft tankerini ta'qib qilib, uni to‘xtatishga harakat qildi. Bu haqda AQSh ma'muriyatidagi manbalarga iqtibos keltirgan holda CNN telekanali xabar berdi. 

Voqea tanker Fors ko‘rfazini tark etayotganda yuz bergan. Eron kemalari kemaga yaqinlashib, uning ekipajidan yo‘nalishni o‘zgartirishni va Eron suv hududlarida to‘xtashni talab qilgan. Tankerni Britaniya qirollik flotining “Montrouz” fregati kuzatib borgan. Fregat ekipaji katerlarga qurol yo‘naltirib, tankerni o‘tkazib yuborishni buyurgan. Eronlik dengizchilar bo‘ysunishga majbur bo‘lganlar.

AQShda ushbu hodisaning samolyot bortidan olingan videoyozuvi borligi taa'kidlanmoqda. Video ta'qib vaqtida ko‘rfaz ustidan uchib o‘tayotgan samolyot bortidan olingan. Biroq AQSh tomoni ushbu videoyozuvni hali taqdim qilmagan.

AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligining rasmiy vakili, birinchi rangdagi kapitan Bill Urban Pentagon ushbu voqeadan xabardorligini tasdiqlagan.

9 iyulda Eron Gibraltarda Grace 1 kemasi qo‘lga olingani uchun Britaniyaga javob berishga va'da bergandi. Tanker 4 iyulda Erondan Suriyadagi neftni qayta ishlash zavodiga 2 mln barrel neft olib ketayotganda ushlab olingan. 

Ispaniya tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, britaniyaliklar tankerni AQSh iltimosiga ko‘ra ushlashgan.  

Ko‘proq yangiliklar: