AES, elektr va gazga narxlar, yo‘qotilgan kadrlar - energetika vaziri Alisher Sultonov bilan suhbat

O‘zbekiston 13:11 / 11.07.2019 62434

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 1 fevraldagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etildi. «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi, bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Alisher Sultonov yangi vazirlikka rahbar etib tayinlandi.

Kun.uz Alisher Sultonov bilan yoqilg‘i-energetika sohasidagi hozirgi vaziyat, investitsiyalar, yevroobligatsiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari yuzasidan intervyu uyushtirdi. Suhbat davomida Alisher Sultonov AES va narxlar bo‘yicha ham qiziq ma'lumotlar berdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

- Hozirgi kunda ekspertlar, bankirlar O‘zbekiston neft-gaz sohasini investitsion jozibadorlik nuqtai nazaridan qanday baholashmoqda?

- Mening fikrimcha, investitsion jozibadorlik aslida kompaniyalarda paydo bo‘lgan qiziqishni isbotlaydi. Oddiy kompaniyalar emas, balki O‘zbekiston bozoriga kirishga tayyor turgan jahondagi yetakchi kompaniyalar. Ular bizning mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga ishonishdi. Ular davlatimizda sodir bo‘layotgan barcha jarayonlar naqadar shaffoflikka ega bo‘lganini ko‘rishdi. Bugunning o‘zidayoq O‘zbekistonda British Petroleum, SOCAR kompaniyalari mavjudligini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Total, Mubadala, «Novatek», «Zarubejneft», «Tatneft», «Lukoyl». «Zarubejneft» bilan Andijonda qo‘shma korxona tashkil etildi. «Lukoyl» Navoiy viloyatidagi uchta yangi blokda ish boshlaydi. Ko‘plab kompaniyalar bugun O‘zbekistonda nafaqat geologiya-qidiruv, uglevodorodlar qazib olish, balki uglevodorod resurslarini qayta ishlashga qiziqish bildirmoqda. Hozir Amerika kompaniyasi va «O‘zbekneftgaz», O‘zkimyosanoati bilan hamkorlikda yirik gaz-kimyo klasterini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu Buxoro viloyati, Gazli shahrida amalga oshiriladi.

- «O‘zbekneftgaz» ilk yevroobligatsiyalar chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu jarayon hozir qanday kechmoqda?

- Joriy yil bizning milliy yevroobligatsiyalarimiz juda muvaffaqiyatli chiqarildi. Menimcha, bu xalqaro bozorda juda ajoyib debyutga aylandi. Bu O‘zbekistonning reytingini ko‘tardi, kompaniyalarimizning ushbu qarz bozorlaridagi ishini yaxshilaydi. «O‘zbekneftgaz»dagi ish ikki yildan beri olib borilyapti. Bu oson emas. Bunda kompaniya hisobotlarni xalqaro standartlarga o‘tkazishi, so‘nggi 2-3 yil uchun xalqaro kompaniya auditni amalga oshirishi, bu audit birja talablariga javob berishi kerak. Ha, bu bozorlarga chiqish muddatini biroz ortga surishi mumkin, lekin bu kompaniya qiymati oshishiga turtki bo‘ladi. Sababi bugun biz normal, rentabelli hamda ishlayotgan «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga ega bo‘lmoqchimiz.

- Bugun kompaniya qanday baholanmoqda?

- Yo‘q, hozircha baholar yo‘q. Ish audit bo‘yicha Ernst & Young kompaniyasi bilan olib borilmoqda. Tayyorgarlik ishlarini olib borayotgan konsorsium bor, ularda yuridik maslahatchilar, moliyaviy-iqtisodiy maslahatchilar ham mavjud.

- U yil oxirigacha tugaydimi?

- Menimcha, bu kelasi yil amalga oshiriladi. Bu «O‘zbekneftgaz» bo‘yicha. Albatta, biz kimyo sanoati korxonalari ham bunga qo‘shilishini xohlaymiz. Kimyo sanoatida hozir katta islohotlar ketmoqda. Xususan, kimyo sanoatidagi eng yirik korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bor. Biz elektr energiyasi sohasi ham shu bozorga chiqishini xohlaymiz.

- «O‘zbekneftgaz»dan boshqa yana qaysi kompaniyalarni ayta olasiz?

- Shuni aytishim mumkinki, barcha kompaniyalar bunga intilishi lozim. Lekin hozirgi kunda faqat «O‘zbekneftgaz» bo‘yicha ish boshlandi.

- «O‘zbekneftgaz»ning xorijiy loyihalari borasida ishlar qanday holatda?

- Biz bir narsani aniq tushunishimiz kerak: yer qa'ri bilan bog‘liq loyihalar amalga oshirilishi bo‘yicha juda ham uzoq muddatli bo‘lgan loyihalardir. Ko‘plab hamkorlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Bu ham «O‘zbekneftgaz»ning Kaspiyga, ham «O‘zbekneftgaz»ning qo‘shni davlatlar xalqaro bozorlariga chiqishi bo‘yicha. Kuni kecha afg‘on hamkorlarimiz bilan Afg‘onistondagi ishlar bo‘yicha muloqot qildik. «O‘zbekneftgaz» xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha ishlamoqda.

- Aniq qarorlar yo‘qmi?

- Turkmanistonlik hamkorlar bilan Kaspiy shelfida konlarni birgalikda o‘zlashtirish yuzasidan o‘rganish olib borilmoqda. Bu ma'lum bir moliyaviy resurslar kiritishni talab qiladi. Biz hamkorlarimiz taklif qilayotgan bloklarni jiddiy o‘rganib chiqishimiz lozim. Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasi bilan ham ish olib borilyapti. Bunda ham Kaspiydagi loyihalarda ishtirok etish masalasi mavjud.

- Qayta tiklanuvchi energiya manbalari borasida qanday rivojlanish strategiyasi bor?

- Narx shakllanishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha eng asosiy masala. Sababi, investor kelib, o‘z pulini kiritganda, u o‘zida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi kafolatlangan holda olinishiga ishonch hosil qilishi kerak. Bu tariflarga aloqador masala. Tariflar yakuniy iste'molchi uchun hamyonbop bo‘lishi, tariflar ishlab chiqaruvchilar rentabelligini ta'minlashi lozim. Hozirga kelib yaratilgan tizim - elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilardan markazlashgan holda xarid qilish - siz va biz tomonidan yaratilmagan, u xalqaro jihatdan mavjud. Yaxshi bilamizki, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiya an'anaviy yo‘nalishdan ancha qimmat. Kim eng yaxshi tarif bersa, biz o‘sha bilan ishlaymiz. Bu O‘zbekiston hozir ketayotgan yo‘l. Bizda 2030 yilgacha mamlakat energetika sohasini rivojlantirish strategiyasi mavjud. U xalqaro maslahatchilar bilan birga ishlab chiqilmoqda. Unda qayta tiklanuvchi energiya manbalari generatsiyasini yaratish nazarda tutiladi, bu esa, 2030 yilda mamlakat umumiy generatsiyasidan 25 foizni tashkil etadi.

- Bu katta siljish bo‘ladi. Hozir bizda 1 foizgacha ham yetmaydi, shekilli?

- Ha. Bu texnologiyalar hozirda rivojlanayotgani bilan ham bog‘liq. So‘nggi 10 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha energiyaga tariflar quyosh bo‘yicha 69 foizga, shamol bo‘yicha 87 foizga tushib ketdi. Agar 2017 yilda biz bilan quyosh stansiyalari qurish borasida gaplashgan kompaniyalar 19 sent taklif qilgan bo‘lsa, hozir bu 4 sent darajasida. O‘tkaziladigan tender natijalari bo‘yicha yanada pastroq narxlar bo‘lishi mumkin. Bu real narxga aylanadi.

- Qayta tiklanuvchi energiya manbalari keskin rivojlangani hisobga olinsa, sizning fikrcha, AESda yana qo‘shimcha energobloklar qurish ehtiyoji yuzaga keladimi?

- AES qurish bo‘yicha biz kechikdik. 15-20 yilga kechikdik. Buni prezident ham bir necha bor aytdi. Biz o‘tgan vaqt davomida juda ko‘p kadrlarni ham yo‘qotdik, ilm-fanni, yadro fizikasini butunlay yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin edi. Tadqiqot reaktorimiz yopilish arafasida edi. Prezidentimiz sa'y-harakati bilan bu saqlab qolindi. Albatta, yadro qurilmalari uchun tabiiy resurslar - uranga ega bo‘lgan holda, mamlakatda AES qurish masalasini ko‘rib chiqmaslik xato bo‘lgan bo‘lardi. Bu masala juda chuqur o‘ylandi, bir lahzada qabul qilinmadi. Uni xalq muhokamasiga chiqarishdan avval juda chuqur tahlil qilindi. Biz bir yarim - ikki yil davomida maslahatlashdik. Ularda atom energetikasini rivojlantirish strategiyasi belgilandi.

- Bloklar bitta hududda bo‘ladimi?

- Ha, maydoncha u yerda to‘rtta blokni joylashtirish hisobidan kelib chiqib tanlanmoqda. Nega? Chunki keyingi ikki blokka kamroq vaqt ketadi hamda nisbatan ozroq xarajatlarni talab qiladi. Sababi infratuzilma yo‘lga qo‘yilib, mexanizm ishga tushgan bo‘ladi. Eng qiyini: qonunchilik bazasini yaratish. Bunda tartibga soluvchining o‘rni juda katta. Prezident bu yo‘nalishda bizning texnik nazorat bo‘yicha davlat organlari, sanoat xavfsizligi bo‘yicha qo‘mitani qayta tashkil etish yuzasidan farmon qabul qildi. Ya'ni, qo‘mita maqomi ko‘tarilib, unda atom energetikasi bilan shug‘ullanuvchi alohida departament tuzildi. Katta ish kutilmoqda, lekin u olib borilmoqda. Bu stansiyalarni qurish masalasi hozirgi kunda juda dolzarb. Bu bizda ishlab chiqariladigan eng arzon energiya va uzoq muddatli kafolatlangani bo‘ladi. Bunday loyihalar kamida 100 yilga qilinadi. Qurilishning o‘zi 10 yilgacha. Bu bizning farzandlar va nabiralar ham shug‘ullanadigan loyiha.

- Demak, qolganlari ham shunday blok bo‘ladi?

- Bu 3+ sinfidagi, hozirgi kunda eng zamonaviy bo‘lgan bloklar. Xavfsizlik masalalari bo‘yicha eng yuqori darajani ta'minlab beradi. Aholi bilan ham katta tushuntirish ishlari o‘tkazmoqda, qo‘shni davlatlar bilan ham bu borada ishlar amalga oshirilmoqda. Bu O‘zbekiston energetik sohasida revolyutsion o‘zgarish. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ham rivojlantirish, AESni ham qurish bir-biriga xalaqit bermaydi. Hozir mutaxassislar ushbu masala yuzasidan fikri turlicha.

- Tariflar siyosatida moratoriy uch yilga bo‘ladimi?

- Bu moratoriy emas, bu xalqaro amaliyot. So‘nggi 2 yildagi asosiy o‘zgarishlar nimadan: bu chuqur tahlil, xalqaro tajriba natijasi. Iqtisodiyotimiz kuchli rivojlanmoqda, biz ish o‘rinlarini yaratishimiz kerak. Bu esa energotashuvchilar ishlab chiqarishni oshirishsiz imkonsiz. Yoki o‘zimiz ishlab chiqarishimiz, yoki sotib olishimiz kerak. Moratoriy esa xalqaro tajriba. Kelajakda tariflar bozor tomonidan tartibga olinadi, tariflar uch yilga o‘rnatilishi normal hisoblanadi. Bu iqtisodiy sektor qisqa muddatli istiqbolda nimalar qilishi, nimalar ishlab chiqarishi mumkinligini belgilab olishda qo‘l keladi. Oddiy biznes reja.

- Vazirlik vakillari tariflar boshqa davlatlarda yanada balandroq ekanini aytadi. Lekin ularda daromad ham ko‘p ekanini aytishmaydi.

- Ha, ularda daromad ko‘p. Lekin xarajatlari ham katta. Budjetga to‘lovlarini bir ko‘ring. Germaniyada elektr energiyasi narxi bizdan 10 barobar katta ekani bo‘yicha: biz o‘z energoresurslarimizni qadrlashimiz kerak. Hozir bizdagi narx juda past darajada o‘rnatilgan. Davlat tomonidan ta'minlanib berilayotgan resurslar uchun o‘z narxini to‘lamagunimizga qadar, biz bu resurslarni qadrlamaymiz. Bozorga kelib nonni tekinga olishingiz normal emas, deb hisoblanadi. Lekin elektr energiyasi, gaz, suvga to‘lamaslik normal sanaladi. Shuning uchun ham mentalitet o‘zgarishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: