Jahon bankining katta iqtisodchisi Eskander Trushinning tadqiqotlari natijasi bugungi O‘zbekiston uchun juda muhim. Biz navbatdagi marta ayro yo‘l ustida qoldik. Xo‘sh, biz qaysi yo‘ldan yurishimiz kerak: imtiyozlar taqdim etish, import uchun to‘siqlar o‘rnatish, iqtisodiyotga ommaviy ravishda davlat va yarim davlat investitsiyalarni joriy etish vositasida raqobatni cheklash hamda «milliy ishlab chiqaruvchilarni himoyalash» yo‘li bilanmi yoki xususiy tadbirkorlik yuritish xarajatlarini qisqartirishga yo‘naltirilgan raqobat oldidagi har qanday ma'murchilik, har qanday to‘siqlarni bartaraf etuvchi ijobiy biznes-iqlim yaratish yo‘limi?
Birinchi yo‘ldan ko‘p yillar va o‘n yilliklar davomida biror muvaffaqiyat nishonasisiz yurib kelgandekmiz. Bir qarashda, bu yo‘l hech qayerga olib bormasligi kundek ravshan. Lekin unday emas, deb fikrlovchilar ham topilmoqda. Garchi biroz boshqacha ko‘rinishda bo‘lsa ham, eski siyosat davom etmoqda.
Bunga ikkita sabab bor.
Birinchidan, eski tizimda o‘zini suvdagi baliqdek his qilgan, turli foydali daromadlar chiqarib olish imkoniga ega bo‘lgan insonlar va ijtimoiy guruhlar «yangi relslar»ga o‘tishga qarshi. Ular, tabiiyki, bozor islohotlariga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatishadi.
Ikkinchidan, 10 yil, 20 yil avval iqtisodiyotni boshqargan ayrim insonlar uni hamon boshqarishda davom etishmoqda. Ular shunchaki boshqachasiga boshqarishni bilishmaydi. Eski uslubdagi davlat boshqaruvchilari iqtisodiyotga ta'sir o‘tkazishning faqat ikki yo‘lini bilishadi: taqiqlash va imtiyozlar taqdim etish.
Shuning uchun yana bir karra yechimi go‘yoki avvalroq topilgan masalaga qaytishga to‘g‘ri kelmoqda. Janob Trushinning maqolasi va bojxona to‘lovlarini oshirish borasidagi so‘nggi voqealar meni uning taqdimotida aytib o‘tganim ayrim mulohazalarga undadi. Ushbu maqola — o‘sha mulohazalarning qisqacha bayoni.
Sanoat siyosati qanday usullar bilan o‘tkazildi?
Men janob Trushinning bir fikriga qo‘shilmayman — 1996 yildan 2016 yilgacha O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish yiliga 5 foiz atrofida (islohotlargacha bo‘lgan so‘nggi yillarda hattoki 8-9 foiz) bo‘lganiga. Bunday ma'lumotlarni o‘zimizning statistikamiz taqdim etgan va bularning real holat bilan o‘xshashligi yo‘q, iqtisodiy o‘sish statistikasi shunchaki osmondan olib «chizilgan», buni amaldagi prezident ham bir necha marta gapirib o‘tdi. O‘sish darajasi qanday bo‘lgani-yu, o‘zi o‘sish bo‘lgan-bo‘lmaganini hech kim bilmaydi. Kimdir hukumat «qo‘sh buxgalteriya» yuritgani, birini biz uchun (soxtasi), boshqasini o‘zi uchun (soxtalashtirilmagan statistika) yuritgan, deb o‘ylasa adashadi. Taassufki, ishlarning real ahvoli rahbariyatimizni mutlaqo tashvishlantirmagan va maxfiy «to‘g‘ri» statistikani hech kim yuritmagan.
Lekin biz aniq ayta olamizki, 1996–2016 yillar davrida hukumat tomonidan yaratilgan turli stimul va richaglar ta'siri ostida O‘zbekiston iqtisodiyotga ulkan investitsiyalar jalb qilingan: ham davlat, ham xususiy. Ba'zi yillari bu investitsiyalar hajmi YaIMning 30 foizidan ham oshgan. Bular juda zalvorli raqamlar.
Bu qadar muhim investitsiyalarning moddiy ta'minoti uchun 1996 yildan boshlab daromadlar va resurslarning faol qayta taqsimot siyosati o‘tkazilgan va u mualliflarning o‘yiga ko‘ra O‘zbekiston sanoatining shiddatli ravnaqiga hissa qo‘shishi lozim edi.
Gap avvalo siyosatning ushbu vositalari haqida bormoqda:
1. 2017 yilning sentyabriga qadar amal qilgan valuta rejimiga ko‘ra eksportchilar o‘zining valuta tushumi yoki uning bir qismini o‘zlari uchun ziyonli bo‘lgan rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha sotishlari lozim edi. Majburiy sotuv mexanizmidan tushgan valuta asosan import asbob-uskunalar xaridiga sarflanishi kerak bo‘lgan. Ya'ni, eksportchilar asbob-uskunalar importchilarini subsidiyalashtirishgan, bu esa zamonaviy texnologiyalarga investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qilishi kerak bo‘lgan. Amalda eksportchilardan olingan valutaning katta qismi «tanlangan» importchilar va korrupsiyalashgan mansabdorlarning cho‘ntagiga yo‘l olgan.
2. G‘alla va paxta ekinlariga davlat buyurtmasi. Hukumat agroishlabchiqaruvchilarni (shirkatlar va fermerlar) g‘alla va paxta ekishga majburlab, hosilni past narxlarda sotishga majburlagan. Paxta sotishdan valuta daromadlari xuddi boshqa eksportdan tushgan daromadlardek, asbob-uskunalar importchilarini subsidiyalashga ketgan. Bu qishloq xo‘jaligidan daromadlarni sanoatga qayta taqsimlashning xuddi stalincha sanoatlashtirish yillaridagi usullarni eslatib yuboruvchi muhim kanal bo‘lgan.
Sanoatlashtirish yillarining eng yuqori cho‘qqisida agroishlabchiqaruvchilar uchun g‘alla va paxta yetishtirishga haydaladigan yerlarning 80 foizi ajratilgan.
3. Davlat investitsiyalari va subsidiyalari. Davlatning o‘zi budjetdan «iqtisodiyotning strategik sohalari»ni rivojlantirishga yirik mablag‘larni investitsiya qilgan, shuningdek, sanoatda foydalaniladigan ayrim resurs turlariga past narxlarni subsidiyalagan. Bu holatda «donorlar» sifatida yuqori soliq to‘lagan aholi va mamlakat biznesi «yordam»ga kelgan.
4. Soliq imtiyozlari berilishi. «Strategik sohalar» korxonalari soliqlarning bir qismini to‘lashdan saxiylarcha ozod qilingan. Binobarin, bu ham boshqa soliq to‘lovchilarga soliq yuki oshishiga olib kelgan.
5. Imtiyozli kreditlar. Markaziy bank asosan sanoatlashtirish maqsadlariga, shuningdek, davlat buyurtmalari tufayli zaiflashgan qishloq xo‘jaligini subsidiyalash uchun kreditlarning foiz stavkalarini majburiy tarzda cheklab turgan. Sanoatlashtirish «donorlari» sifatida bu yerda moliyaviy sektor, aholi va biznes xizmat qilgan. Ular inflatsiya tufayli o‘z bank omonatlarining qadrsizlanishiga kompensatsiya ham ololmagan, chunki banklar kreditlar bo‘yicha pasaytirilgan foiz stavkalari tufayli omonatlar bo‘yicha adekvat foizlar to‘lashga qurbi yetmagan.
6. Proteksionizm siyosati. Strategik sohalar konvertatsiyani cheklash, yuqori bojxona to‘lovlari va import uchun ma'muriy to‘siqlar orqali import bilan raqobatga kirishishdan himoya qilingan. Pirovard natijada, davlat himoyasiga olingan korxonalar monopolistga aylangan va o‘z mahsulotlariga narxlarni istaganicha oshirish imkoniga ega bo‘lishgan. Monopol yuqori narxlar uchun to‘lovni yana aholi va biznes amalga oshirgan.
Shunday qilib, «o‘zbek iqtisodiy modeli» hukmron bo‘lgan yillarda sanoatning alohida sohalari va korxonalariga o‘ta yirik resurslar taqsimlab berilgan, ular g‘oyaga ko‘ra O‘zbekistonni buyuk sanaot davlatiga aylantirishi lozim edi.
Mamlakatga giperfaol sanoat siyosati nima berdi?
Biroq biz butunlay teskari natijaga ega bo‘ldik. Amalda iqtisodiyotning aksilsanoatlashtirilishi yuz berdi, chunki kiritilgan investitsiyadan qaytgan foyda juda kam (ba'zan manfiy) edi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekiston sanoati tomonidan 1 AQSh dollari 8000 so‘m kursida kishi boshiga 289 dollar qo‘shilgan qiymat ishlab chiqarilgan. Taqqoslashlar shuni ko‘rsatmoqdaki, aholi jon boshiga hisoblanganida O‘zbekiston sanoat sektori sobiq SSSR davlatlari ichida eng kam rivojlanganlaridan biridir. Go‘yoki «sanoatlashtirishdan judo etilgan» Estoniya har bir aholisi jon boshiga sanoatni rivojlantirishga ulkan mablag‘lar sarflagan O‘zbekistondan 16 barobar ko‘proq mahsulot ishlab chiqarmoqda.
2017 yilda aholi jon boshiga sanoatda yaratilgan qo‘shimcha qiymat hajmi, AQSh dollarida
Lekin bu raqamlar O‘zbekistonning 1996 yilgacha boshqa davlatlardan ortda bo‘lgani ortidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkinmi? Afsuski yo‘q. Agar sanoatda 1995 yildan 2017 yilgacha yaratilgan qo‘shimcha qiymat hajmi dollar ifodasida qanday o‘zgargani hisoblansa, O‘zbekistondagi o‘sish ko‘rsatkichi sobiq SSSRdagi ko‘plab davlatlardan ortdaligiga guvoh bo‘lamiz. Agar o‘sha Estoniya bilan taqqos davom ettirilsa, 1995 yilda O‘zbekiston bilan ko‘rsatkich farqi ancha kam — 6 barobar bo‘lgan. Ya'ni, Estoniya va sobiq SSSRning boshqa davlatlari (Ukrainadan tashqari) sanoati aholi jon boshiga O‘zbekistondagidan tezroq rivojlangan. Boz ustiga, ko‘plab davlatlarda ancha tezroq.
1995 va 2017 yillarda aholi jon boshiga sanoatda yaratilgan qo‘shimcha qiymat hajmi, AQSh dollarida
1996 yildan buyon mamlakatda amalga oshirilgan siyosat oqibatlaridan biri — O‘zbekistondagi past turmush darajasidir. Agar 1 dollar 8000 so‘mdan hisoblansa, O‘zbekistonda 2017 yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM 1000 dollardan pastroqni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bilan biz Afrikaning 25 davlati, Haiti, Afg‘oniston, Nepal va Tojikiston bilan birga jahonning eng qashshoq 30 davlati sirasiga kiramiz. Agar MDH davlatlarining aholi jon boshiga YaIMi dinamikasiga qaralsa, bizda bu ko‘rsatkich 1996 yildan buyon eng yomoni bo‘lganini ko‘rish mumkin.
1995–2017 yillarda aholi jon boshiga YaIM, AQSh dollarida
Sanoat siyosatining barbod bo‘lishi sabablari
Bu nega sodir bo‘ldi? Nega ulkan sanoatning alohida sohasi va korxonalarini rivojlantirish uchun tashlangan resurslar natija bermadi, to‘g‘rirog‘i, teskari, aslida barbod bo‘lgan natijani berdi?
- 1996 yildan so‘ng biz o‘tkazgan giperfaol sanoat siyosati:
- bozor islohotlarining oyog‘ini osmondan qilib yubordi (va hozir biz sobiq SSSRning boshqa davlatlari 1990-yillarda amalga oshirgan islohotlarni o‘tkazmoqdamiz);
- bozor mexanizmlari, eng avvalo sog‘lom raqobat ishlab ketishiga yo‘l qo‘ymadi (aynan raqobat innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanishni harakatga keltiruvchi kuch hisoblanadi);
- aksilbozor, iqtisodiyotni ma'muriy boshqarish usuli va yuqori soliq yuki tufayli erkin xususiy tadbirkorlikning rivojlanishini bo‘g‘di;
- aholi daromadlari o‘sishini chekladi (binobarin, sanoat mahsulotlariga bo‘lgan talabni ham);
- korrupsiya rivojlanishiga, kapital olib chiqib ketilishiga, monopolizm va iqtisodiyotni zaiflashtirishning boshqa shakllariga xizmat qilgan.
Aql bovar qilmaydigan hajmdagi va o‘ylanmagan imtiyozlar tezda rentali (asbob-uskunalar o‘rniga bir uyum metallolom olib kirish evaziga) foyda olish va pul kapitalini olib chiqib ketishga rag‘bat uyg‘otgan. Kapitalning sun'iy arzonlashtirilishi (asbob-uskunalar uchun rasmiy kursda konvertatsiya, arzon kreditlar va soliqlardan ozod qilish taqdim etilgan) va qimmat mehnat (mehnatga soliqlarning yuqorilishi, soliqqa tortishning soddalashtirilgan va umumiy rejimlari o‘rtasidagi soliq yukidagi ulkan farq), ko‘p mehnat talab qiladigan ishlab chiqarishlar o‘rniga ko‘p mablag‘ talab qiladiganidan foydalanishga olib keldi va buning natijasida rasmiy sektorda bandlik darajasi juda past bo‘lib qoldi.
Yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bugungi kunda rasmiy sektorda 5,4 million odam ish bilan band. Bu mamlakat mehnat resurslarining (19 million kishiga yaqin) 28,6 foizini tashkil etadi, xolos. Bularning ham yarmi budjet sohasida (ta'lim, sog‘liqni saqlash, davlat xizmati) mehnat qiladi, ya'ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlardan moliyalashtiriladi.
Shunday qilib, 1996 yildan keyin amalga oshirilgan sanoat siyosati iqtisodiyot samaradorligining tanazzuli bilan birga, bandlik darajasining potensial mumkin bo‘lganidan ham pastroq darajaga qisqarishiga ham olib kelgan.
Bundan tashqari, «sanoatlashtirish» yillarida biz samarasiz ishlab chiqaruvchi monopolistlar va mansabdor korrupsionerlar sonini ko‘paytirdik. Ular islohotlarga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilib kelishmoqda.
Biroq raqobatbardosh iqtisodiyotni biz baribir qura olmadik. Bunday usullar bilan qura olmasdik ham.
Bizga qanday sanoat siyosati kerak?
Bizga sanoat siyosati kerakmi? Ha, kerak. Lekin u biz shu paytgacha o‘tkazgan va ma'lum bir darajada hozir ham o‘tkazishda davom etayotganimiz — raqobatni cheklash uchun bojxona to‘lovlarini oshirish, import oldiga tarifga xos bo‘lmagan to‘siqlar qo‘yish, sohalar hamda hattoki ayrim korxonalar yoki korxonalar guruhiga imtiyozlar taqdim etilishi kabi siyosatdan tubdan farq qilishi kerak.
Bularning barchasi seleksion sanoat siyosati, ya'ni mansabdorlar tomonidan «g‘oliblarni tanlash» siyosati, deb ataladi. Bozor yoki raqobat emas, aynan mansabdorlar bunday yondashuvda qaysi soha rivojlanishi-yu, qaysi korxona bozorda qolishini hal qiladi. Aynan mana shu siyosat iqtisodiyotimizni boshi berk ko‘chaga boshlab kelgan.
Bizning samarasiz boshqaruv, o‘ta yuqori darajadagi korrupsiya, raqobatning rivojlanganlik darajasi o‘ta past bo‘lgan sharoitimizda har qanday holatda mansabdorlarga g‘oliblarni tanlash jarayonini ishonib topshirmaslik kerak. Sanoat siyosati eksport, innovatsiyalar, inson kapitaliga sarmoyalar va sohaga taalluqliligidan qat'i nazar (ayrim istisnolar bo‘lishi mumkin), biznes yuritish xarajatlarini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
Sanoat siyosati va ma'muriy islohot
Davlat samarali sanoat siyosatini yuritishi uchun davlatning o‘zini qayta qurish kerak: uni samarali, shaffof va ixcham qilish kerak. Davlat bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatga xos bo‘lmagan funksiyalarni bajarishni bas qilishi, boshqaruvning ma'muriy usullaridan foydalanishdan voz kechishi kerak. Biroq, buning uchun tub ma'muriy islohot o‘tkazilishi lozim.
Mening nazarimda, ma'muriy islohotlar o‘zida nimalarni jamlagan bo‘lishi lozim?
1. Davlat boshqaruvining markaziy apparati islohoti
Hukumatda idoralar va rahbarlar o‘rtasidagi vazifalar va vakolatlar o‘rtasida aniq farq yo‘q, masalan, bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar o‘rtasida. Yevropa hukumatlarida, masalan, bosh vazir o‘rinbosarlari yo‘q. Bosh vazirning faqat bir nafar o‘rinbosari bo‘lishi mumkin, u ham moliya vaziri bo‘ladi. Siyosiy jihatdan mas'ul vazirlar bo‘lib, ularga ma'lum bir sohalar topshirilgan. Har bir vazir ma'lum bir dasturga moslab jamoa yig‘adi. Biz hukumatni qaytadan qurib, har bir idora bajaradigan vazifalarni aniq belgilab olishimiz kerak: vazirlik siyosatni belgilaydi, agentlik litsenziya va ruxsatnomalar beradi, inspeksiyalar nazorat bilan shug‘ullanadi va hokazo. Buning uchun funksional tahlil o‘tkazilib, bizning vazirliklarimiz va idoralarimiz o‘zi nima bilan shug‘ullanishini tushunib olishimiz kerak, so‘ngra ularning vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va qayta taqsimlash kerak, shuningdek, rahbarlariga siyosiy mas'uliyat yuklanmog‘i lozim. Bosh vazifa — davlatning iqtisodiyotdagi vazifalarni kamaytirish va maqbullashtirish.
2. Markazning hududlar bilan, hududlarning tumanlar bilan o‘zaro munosabatini isloh qilish
O‘zbekistonda qaror qabul qilishning ulkan markazlashuvi bor, hududlar deyarli hech qanday vakolatga ega emas. Ularning budjeti tepadan aniqlashtiriladi, ular unga hech qanday o‘zgartirish kirita olishmaydi. Agar hududlar nimadir ishlab topishsa, kelgusi yilda budjet taqsimlanayotganda bu pul ulardan olib qo‘yiladi. Binobarin, mahalliy hokimiyatlarda pul ishlab topish va mahalliy hududlarning iqtisodiy rivojlanishini chog‘lantirish uchun rag‘bat bo‘lmaydi.
Hududlarga ko‘proq vakolat va resurslar berish kerak, tabiiyki, buning uchun hisobdorlikni oshirgan holda. Hokimning budjetida xalqaro telefon qo‘ng‘iroqlari uchun xarajatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa va u o‘z kuchi bilan bunday budjetni qayta taqsimlay olmasa unga qarata «xorijiy investorlarni jalb qilinglar, yo‘qsa boshlaring ketadi», deb aytish mumkin emas axir.
3. Sohalarni boshqarish darajasidagi ma'muriy islohot
Bugun sovet davridagi yengil, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati va shu kabi ko‘plab sobiq vazirliklar assotsiatsiyalar, konsernlar, aksiyadorlik jamiyatlariga o‘zgartirilgan. Bu tashkilotlar ko‘plab biri biriga muvofiq bo‘lmagan funksiyalarni bajaradi. Ular haligacha o‘zlarini vazirlik sanashadi va chindan ham qandaydir darajada ularning funksiyasini bajarishadi — u yoki bu sohada siyosatni belgilashadi, kamida ularsiz bu siyosat aniqlashtirib olinmaydi. Ular agentlik funksiyalarini bajarishmoqda va ruxsatnomalar berishi mumkin. Ular soha korxonalarining manfaatlarini namoyon qilishadi (ya'ni, biznes-assotsiatsiyalar funksiyasini bajarishadi) va ko‘pincha tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishadi. Xullas, uzluksiz manfaatlar to‘qnashuvi. Bu ko‘pgina sohalarda hamon saqlanmoqda va bu yerlarda tub islohotlar zarur.
4. Davlat sektori va tabiiy monopoliyalar islohoti
Eng yirik korxonalar hamon davlatga tegishli. Bu juda yomon, chunki davlat — eng yomon menejyer. Mulkning muayyan egasi bo‘lsa va u birinchidan foydani maksimallashtirishdan, demak, xarajatlarni kamaytirishdan manfaatdor. Ikkinchidan, u o‘g‘irlik sodir bo‘lmasligini nazorat qiladi. Yuzlab davlat korxonalarini kim kuzatadi? O‘sha amaldorlarning o‘zi. Bu yerda korrupsiya va xo‘jasizlik uchun ulkan kenglik bor. Shu sabablik strategik jihatdan xususiylashtirish uchun yo‘nalish olish kerak. Agar korxona yoki tashkilot davlat funksiyalarini bajarish (bunday korxonalar — barmoq bilan sanarli) uchun kerak bo‘lmasa, ular xususiy mulk egaligida bo‘lishi kerak.
Biroq, bundan oldin bu mulkni tartibga keltirish kerak, chunki bu holatda uni miriga sotishga majbur bo‘lamiz, bu esa yaxshi emas. Ikkinchidan, bunday korxonalar ishlayotgan sohalarda davlat tomonidan tartibga solishning bozor prinsiplarini joriy etish muhim. Davlat organlari, assotsiatsiyalar va xususiy kompaniyalar funksiyalarini ajratish hamda halol va shaffof raqobat uchun shart-sharoitlar hozirlash kerak. Aks holda, davlat monopoliyasi xususiy monopoliyaga almashadi va bundan hech kim yutmaydi. Xususiylashtirish dasturidan avval sohani tartibga solishdan voz kechish va monopoliyadan ozod qilish dasturlari ishga tushishi kerak.
Bu tabiiy monopoliyalar deb ataluvchi, masalan, energetika, temiryo‘l transporti kabilarga ham taalluqli. Elektr uzatish tarmog‘i, masalan, davlatga yoki davlat nazorati ostidagi xususiy kompaniyaga tegishli bo‘lishi kerak, elektr stansiyalarining o‘zi va elektr energiyasining chakana savdo tizimi tijorat korxonalari bo‘lishi mumkin. Ular iste'molchi uchun kurashadi, xarajatlarni kamaytiradi, zamonaviy uskunalar o‘rnatadi. Biz bu holda arzon elektr energiyasiga ega bo‘lamiz. Bunday yondashuv Margaret Tetcher va Ronald Reygan boshqaruvi chog‘ida o‘ylab topilgan. Shundan buyon tabiiy monopoliyaga bunday munosabat juda keng tarqalgan va o‘zining samarali mevalarini berib kelmoqda.
5. Davlat xizmatlari islohoti
Amaldorlar tanlov asosida tanlab olinishi kerak. Tanlab olish, rag‘batlantirish va jazolar, davlat xizmatchisining xizmat pillapoyasidan ko‘tarilishining aniq tartibi bo‘lishi kerak. Albatta, vazifalarning mas'uliyati va murakkabligiga yarasha maoshlar ham bo‘lishi kerak.
6. Davlat xizmatlarining biznes va aholi uchun taqdim etilishini takomillashtirish
Bu yerda ham qilinadigan ishlar juda ko‘p, biroq allaqachon xizmatlarni maqbullashtirishga urinish, ularni elektron formatga o‘tkazish boshlab yuborilgan. Bu yerda eng asosiysi elektronlashtirish emas, turli taqiqlar, ruxsatnomalarni maksimal darajada yo‘q qilish va qisqartirish, ma'muriy amaliyotlarni soddalashtirish, byurokratiya va korrupsiya uchun imkoniyatlarni bartaraf etishdan iborat.
7. Siyosiy-huquqiy islohotlar.
Bugun mulk huquqini himoya qilish, amaldorlarning hokimiyatini cheklash, turli lobbistlik loyihalarining oldini olish juda muhim masala bo‘lib turibdi. Tub sud islohotisiz, parlamentarizm va fuqarolik jamiyatini qamrab olgan tiyib turish va qarama-qarshi turish kabi ta'sirchan choralarsiz bu masalalarni amalda yechishning iloji yo‘q.
Shunday qilib, davlatimizning iqtisodiy siyosat sohasidagi bosh vazifasi — ijobiy biznes-iqlim yaratishdir. Buning uchun davlatning o‘zini qayta qurish kerak. O‘zbekistonning keyingi o‘n yilliklardagi iqtisodiy rivojlanish istiqbollari mana shu ishni amalga oshira olishimiz yoki olmasligimizga bog‘liq.
Yuliy YuSUPOV,
iqtisodchi, ekspert.