Elektr energiyasi narxini oshirishdan maqsad nima?

Iqtisodiyot 21:30 / 08.07.2019 36309

So‘nggi kunlarning eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzusi elektr-energiyasi narxining liberalizatsiya qilinishi, ya'ni bozorga moslanishi, oddiy til bilan aytganda oshishi bilan bog‘liq. Bu mavzu «Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish» sarlavhali maqola orqali saytimizda ham atroflicha yoritildi. Xo‘sh, aksariyat aholining ko‘ngli to‘lmaydigan bu islohotdan qanday maqsad ko‘zlangan?

Mavzuga oid savollarga javob olish uchun biz O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xodjayev bilan suhbatlashdik.

– Sherzod aka, bu islohot kechiktirib bo‘lmas ekanligi eng yuqori doiralarda gapirildi. Bunday vaziyat yuzaga kelishiga sabab nima? Biz soha to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tishiga tayyor bo‘ldikmi?

– Hozir shunday bir vaziyatdamizki, yo narxlarni oshirmaymiz, hammasi boricha saqlaymiz, o‘z-o‘zidan sohaga investitsiya jalb qilmaymiz. Natijada elektr ta'minoti kundan-kunga, hozirgidan ham yomonlashaveradi. Bizdagi har qanday energetika sohasida qurilishlar ma'lum miqdorda zaxira quvvati bilan ishga tushirilgan. Biz bugungi kunda o‘sha zaxira quvvatlaridan foydalanib bo‘lganmiz yoki foydalanib bo‘lyapmiz. Rivojlanishni, talabning ortib borishini hisobga olib, endi juda katta hajmlarda investitsiya kiritmasak, sohamiz talabga javob bermay qoladi. Ikkinchi yo‘l – har tomondan investitsiya jalb qilib, yangi quvvatlarni ishga tushiramiz.

Sherzod Xodjayev

Albatta, bugun ham mavzumiz hududlardagi elektr ta'minotidagi uzilishlarga borib taqaladi, busiz iloji yo‘q. Siz jurnalistlar ham albatta bu mavzuni ko‘p ko‘taryapsizlar, bu yaxshi, xalqimizga hamma gapni ro‘y-rost aytish kerak.

Endi mavzumizga qaytsak, hammasi qiyoslashda ma'lum bo‘ladi, deydilar. Biz hozircha rivojlangan davlatlar bilan o‘zimizni solishtira olmaymiz. Ittifoqdan biz bilan bir vaqtda ajralib chiqqan qo‘shni davlatlar bilan solishtirganimizda ular endi-endi bundan 30 yil oldingi ishlab chiqarish hajmiga yetganlarining guvohi bo‘lamiz. Biz sobiq ittifoqning so‘nggi yillarida 55 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqargan bo‘lsak, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 65 kV.s.ga yetdi. Lekin bu ham kamligini hammamiz yaxshi bilamiz. Aholi soni oshib bormoqda, ishlab chiqarish hajmi ko‘tarilmoqda. Demak biz kechagi yoki bugungi kun bilan yashay olmaymiz, ertani o‘ylashimiz kerak. Ertangi kun uchun esa bugun harakat qilish shart.

Sohaga investitsiya kiritishning ikki xil yo‘li bor – barchasini davlat qiladi yoki davlat xususiy tizimga yo‘l ochib beradi, sharoit yaratadi. Davlat yaxshi menejyer emasligi butun dunyoda tan olingan, demak o‘z o‘zidan ikkinchi yo‘l qoladi – xususiy investorlar.

Ammo bu yerda ham davlat aralashuvisiz iloji yo‘q. Biz bu islohotlar natijasida investorlarga imkoniyat berish bilan birga davlat kafolatini ham beramiz. Bu nima degani? Investor keladi, elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi, davlatimiz esa undan ma'lum muddat (aytaylik 20 yil) aniq narxda va hajmda bu energiyani xarid qiladi. Savol tug‘iladi, buni hozir ham amalga oshiraverish mumkin emasmi? Islohotlarning asl mohiyati ham shunda – investor o‘zining katta hajmdagi investitsiyasidan hadiksiramasagina investitsiya kiritadi. Ya'ni bu o‘rinda uni bir narsa o‘ylantirishi mumkin, u ishlab chiqargan elektr energiyaning asl tannarxi misol uchun 300 so‘m bo‘lgani holda, davlat undan xarid qilsayu, aholiga yordam tariqasida 250 so‘mdan yetkazib bersa. Investorda tabiiy hadik paydo bo‘ladi – bu uzoq davom etishi mumkin emas, davlat qachongacha uni qo‘llab-quvvatlashi mumkin? Ana shuning uchun ham narxlarni liberallashtirish lozim.

– O‘zbekistonning energetika tizimiga qiziqqan, shunday katta ko‘lamdagi ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yishga tayyor investorlar bormi?

– Albatta bor. Biz deyarli har hafta o‘zlari qiziqib keluvchi investorlar bilan uchrashamiz va ularning aksariyati qiymati 500 mln AQSh dollaridan baland bo‘lgan loyihalar bilan kelishadi. O‘zbekistonning salohiyati juda yuqori va bu balandparvoz gaplar emas.

Endi nega bu investorlar darhol ishga kirishib ketishmayapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, yuqoridagi islohotlar bo‘yicha tugal fikrga kelib, zarur qarorlarni qabul qilishimiz kerak. Ikkinchidan dunyodagi biror bank, biror tashkilot tijoriy tuzilmalarga, bu o‘rinda investorlarga davlatlarga bergani kabi past foizlarda kredit bermaydi. Ya'ni investorning mahsuloti tannarxi shuning hisobiga oshib ketishi mumkin. Mana shunday paytda davlat aralashuvi kerak bo‘ladi, bu o‘z navbatida navbatdagi muammoni keltirib chiqaradi – bevosita bo‘lmasa ham tashqi qarzlar oshadi. Islohotlarga ehtiyoj mana shu sabablar tufayli yuzaga keladi.

– Ma'lumki, oxirgi yillarda mamlakatda inflatsiya darajasi yuqori. Bunday vaziyatda ushbu islohot bilan bog‘liq yana ikkita holatni inobatga olish kerak. Birinchidan, islohot natijasida inflatsiya yanada tezlashishi mumkin. Ikkinchidan, tariflarni oshirish kutilgan natijani bermasligi mumkin. Bu holatlar inobatga olinganmi?

– Inflatsiya yuqoriligi to‘g‘ri. Ammo ayni bu islohot inflatsiyaga keskin ta'sir qiladi deb o‘ylamayman, yanayam aniq bahoni iqtisodchilar berishar. Ishlab chiqarishda mahsulotlar bahosi faqat o‘sha oshgan energiya bahosiga mutanosib ravishda oshsa, buni tushunish mumkin va bu arzimas summa bo‘ladi. Lekin tadbirkorlarimiz buni bahona qilib, mahsulot bahosini keskin oshirib yuborishlarini oqlab bo‘lmaydi. Men ularga shunday savol bergan bo‘lardim: siz energiya qiymati tufayli mahsulot narxini shu qadar ko‘taryapsiz. Ammo elektr energiyasi bizdan ancha qimmat bo‘lgan davlatlardan ayni shu mahsulot arzonroq narxda bizga import qilinayotganini qanday izohlaysiz?

O‘rni kelganda tadbirkorlarimizga yana bir e'tiroz borki, ayni paytda bu masalaga deyarli hech kim e'tibor qaratmayapti. Ko‘plab tadbirkorlar xorijdan (asosan Xitoydan) katta uskunalar olib kelishyapti va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishyapti. Bu albatta yaxshi. Ammo ular birinchi navbatda narx arzonligiga uchib, bu uskunalarning energotejamkorligigiga deyarli e'tibor berishmayapti. Hozir rivojlangan davlatlarda uskuna xarid qilishda avvalo energiya sarfi hisobga olinadi.

Buni bir misolda tushuntiraman: hozir Xitoydan investorlar juda ko‘p kelishyapti. Avvallari ular xomashyoni olib chiqib ketishardi. Endi uskunalari bilan kelib, tayyor yoki yarim tayyor mahsulotni bizda ishlab chiqarib, olib ketishni rejalashtirishmoqda. Asosiy sabablar tushunarli – elektr energiyasi bahosi pastligi, ishchi kuchi arzonligi, yaratilayotgan imkoniyatlar. Ammo buning salbiy jihatlari ham bor. Ular eski uskunalar bilan kelib, elektr energiyamizni isrof qilmasliklari, ekologiyamizni buzmasliklari kerak.

Yana bir jihat – so‘nggi 2-3 yilga qadar bizda elektr energiyasi narxi har yili ikki marta, o‘rtacha 25 foizdan oshishi oddiy holga aylangandi. Hozir bu amaliyotdan voz kechildi.

·        Qachon doimiy uzilishlarga chek qo‘yiladi?

·        Nima uchun biz o‘zimizda tanqis bo‘lgan elektr energiyasini Afg‘onistonga sotamiz?

·        Davlat aralashuvisiz ham elektr ta'minotini yo‘lga qo‘yish mumkinmi?

Bu va boshqa savollarga javobni intervyuning davomida o‘qishingiz mumkin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: