S&P Global Ratings O‘zbekiston iqtisodiyotining kuchli va kuchsiz tomonlarini ma'lum qildi

Iqtisodiyot 13:06 / 06.07.2019 13376

2019 yilning 14 iyunida S&P Global Ratings agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingi qayta baholanganini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, mamlakat suveren kredit reytingi “VV-” (“Barqaror” prognozi) darajasida qayd etildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Ma'lumot uchun, 2019 yilning 15-16 may kunlari S&P Global reyting agentligining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi bo‘lib o‘tgan. Tashrif doirasida bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Agentlik kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasining fiskal va tashqi pozitsiyalari kuchli bo‘lib qolishi, biroq ushbu ko‘rsatkichlar to‘lov balansi joriy hisob operatsiyasining salbiy saldosi va hukumat tomonidan qarz jalb qilinishi ortidan kamayishi mumkinligiga urg‘u bergan.

Shuningdek, agentlik O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining kuchli va kuchsiz tomonlarini sanab o‘tgan. Xususan, mamlakat iqtisodiyotining kuchli tomonlari sifatida:

I. Kuchli tashqi kreditor pozitsiyaga ega ekanligi va davlat qarzining past darajadaligi (2019 yilda likvid aktivlarning YaIMga nisbati 22 foiz va davlat qarzining YaIMga nisbati 21,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda);

II. Mamlakat aholisining asosiy qismi yoshlar ekanligi (aholining 90 foizi mehnatga layoqatli yoshda);

III. YaIMning real o‘sish sur'ati barqaror darajada bo‘lishini ta'kidlangan.

Iqtisodiyotning kuchsiz tomonlari sifatida esa:

I. Aholi jon boshiga YaIMning pastligi;

II. Mamlakat iqtisodiyotining davlat korxonalaridan bog‘liqligi (ularning YaIMdagi ulushi juda katta);

III. Hokimiyatning markazlashganligi va uning qarorlari ustidan nazoratning sustligi;

IV. Iqtisodiyotning yuqori dollarlashuvi va inflatsiya darajasining yuqoriligi sababli pul-kredit siyosati samaradorligining pastligi;

V. Xomashyo eksporti hajmining jami eksportdagi yuqori ulushiga egaligi (2019 yilning 1 may holatiga jami eksportning taxminan 50 foizi);

VI. Tovar va xizmatlar importining oshishi ortidan to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobining salbiy saldosi (2018 yilda YaIMga nisbati 7,1 foiz);

VII. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining past darajada ekanligi va ularning asosan qazib olish tarmoqlariga yo‘naltirilishi (2018 yilda YaIMga nisbati 1,2 foizni tashkil etdi).

Agentlik respublikaning global iqtisodiyotga integrallashuvi ortishi, davlat korxonalari islohoti natijasida uning yuqori o‘sish salohiyatiga erishishi, iqtisodiyotning dollarlashuv darajasi kamayishi hamda davlat budjeti daromadlari va eksport tarkibini diversifikatsiyalashuvi kelgusida O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingini oshiruvchi muhim omillar sifatida sanab o‘tilgan, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: