Hukumat tashqi savdo operatsiyalari monitoringiga oid qaror qabul qiladi

Iqtisodiyot 10:26 / 04.07.2019 2699

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borishni yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan tashqi savdo kontraktlari va invoyslar bo‘yicha ma'lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritishni tubdan soddalashtirish maqsadida qabul qilinishi mumkin.

Qaror loyihasida aytilishicha, 2019 yil 1 avgustdan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq, tashqi savdo kontraktlari va invoyslar bo‘yicha ma'lumotlarni elektron shaklda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan ushbu qarorga ko‘rsatib o‘tilgan ma'lumotlar yuzasidan identifikatsiya raqamlarini shakllantirish orqali amalga oshiriladi.

Tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tashqi savdo kontraktlarida quyidagi asosiy bo‘limlar va ma'lumotlar bo‘lishi kerak:

Muqaddima. Kontraktning kirish qismida kontraktning tartib raqami, kontrakt tuzilgan joy va sana, yuridik shaxslarning to‘liq nomi, kontraktni tuzgan shaxslarning lavozimi, familiyasi va ismi. Agar shaxs kontraktni ishonchnoma asosida tuzsa, bu kontraktning muqaddimasida ko‘rsatiladi va ushbu ishonchnoma kontraktga ilova qilingan holda uning ajralmas qismi hisoblanadi.

Kontraktning mavzusi. Ushbu bo‘limda tovarlar, ishlar va xizmatlarning nomi, shuningdek bitishuv turi ko‘rsatiladi. Tovarning nomi bilan birgalikda uning tavsifi hamda miqdori va sifati bo‘yicha assortimenti ko‘rsatiladi.

Bunda tovarning umumiy qabul qilingan xalqaro standartlari, O‘zbekiston Respublikasida amal qiluvchi GOSTlari, shuningdek xususiyati bo‘yicha uning tipi, modeli, markasi, navi, turi ham ko‘rsatilishi lozim.

Tovarning miqdori qabul qilingan o‘lchovlarning metrik tizimida xalqaro birliklarda ifodalanadi. O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan o‘lchov va og‘irliklar tizimi miqdorlarini belgilash tartibiga muvofiq o‘lchov birligini aniqlash mumkin.

Tovarning sifat tavsifi tovardan foydalanish uchun uning yaroqliligini aks ettiruvchi xossalar jamini belgilaydi. Shuningdek, TIF TN bo‘yicha tovarning kodiga havola ham zarur.

Mashinalar, asbob-uskunalar va texnologik liniyalarni yetkazib berish uchun kontraktda ularning yangiligi yoki ulardan foydalanganligi holati ko‘rsatiladi (foydalanilganlari uchun – eskirish foizi yoki foydalanish muddati).

Yetkazib berishning bazis shartlari (“Inkoterms” xalqaro qoidalari bo‘yicha).

“Inkoterms”dan foydalanilganda yetkazib berish joyi (temir yo‘l stansiyasi, port, aeroport va boshqalarning nomi) ko‘rsatilishi kerak (qisqartirilgan so‘zlarning bosh harflari bilan birgalikda).

Tovarni yetkazib berish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish muddati yoki sanasi ko‘rsatiladi.

Tovarni yetkazib berish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish sanasi deyilganda sotuvchi tomonidan kontraktlarda ko‘rsatilgan tovarni yetkazib berish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish shartlariga muvofiq o‘z majburiyatlarining bajarilishi tushuniladi.

Kontraktning umumiy summasi, tovarning o‘lchov birligidagi narxi ko‘rsatiladi.

Tovarning o‘lchov birligi TIF TNdagi o‘lchov birligiga muvofiq belgilanadi. Kontraktning umumiy summasi sotilayotgan tovar, ishlar va xizmatlarning qiymatini anglatadi. Ishlarni bajarishga va xizmatlar ko‘rsatishga kontraktni tuzish paytida kontrakt summasini belgilash imkoni bo‘lmagan o‘ziga xos kontraktlar tuzilgan taqdirda kontraktning umumiy summasi ko‘rsatilmaydi.

Yetkazib beruvchilar tomonidan montaj va (yoki) ishga tushirish-sozlash ishlari amalga oshirilishini, ular tomonidan xodimlarni o‘qitish xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishini, royalti to‘lanishini nazarda tutuvchi asbob-uskunalar, qurilmalar, mexanizmlar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar xarid qilishga (sotishga) tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha kontraktlarda (spetsifikatsiyalarda) bajariladigan ishlar, ko‘rsatiladigan xizmatlar va royalti summasi alohida ko‘rsatiladi.

Bunda, mazkur ish va xizmatlarni amalga oshirilishi uchun xorijiy hamkor tomonidan yuboriladigan xodimlar (mutaxassislar)ni O‘zbekiston Respublikasi hududida yashashi bilan bog‘liq va boshqa xarajatlar kim hisobidan amalga oshirilishi ko‘rsatilishi lozim.

To‘lov shartlari. Kontraktdagi to‘lov shartlarida valuta, to‘lov shakli va muddati belgilanadi. Agar to‘lov valutasi kontrakt valutasidan farq qilsa,
u holda valutani qayta hisoblab chiqish kursi va ushbu kursni aniqlash manbai ko‘rsatiladi.

Tovarning kelib chiqishi, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish joyi. Kontraktda yetkazib berilayotgan tovar kelib chiqqan mamlakat va ishlab chiqaruvchi, shuningdek ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish joyi (mamlakati) ko‘rsatiladi.

Tomonlarning javobgarligi. Qabul qilingan majburiyatlarning tomonlar tomonidan bajarilishini ta'minlovchi shartlar sifatida kontraktda, qoidaga ko‘ra, kontrakt majburiyatlari bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun tomonlar to‘laydigan penya va/yoki jarima shaklidagi jazo nazarda tutiladi. Aybdor tomonga zarar ko‘rgan tomonning talabiga ko‘ra unga neustoyka to‘lash majburiyati yuklanadi.

Tomonlarning rekvizitlari. Kontrakt matni tomonlarning rekvizitlarini ko‘rsatish bilan tugallanadi. Pochta rekvizitlari, manzil, bank rekvizitlari va yuklab jo‘natish rekvizitlari ko‘rsatiladi. Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning imzolari kontraktda muhr bilan tasdiqlanadi.

Barter kontraktlarida import tovarlarni jadal yetkazib berishni yoki muqobil bank kafolatlari taqdim etishni nazarda tutuvchi shartlar majburiy tartibda hisobga olinadi.

Tashqi savdo kontraktining matni davlat tilida yoki rus tilida bayon qilinishi kerak. Agar kontrakt matni boshqa tilda tuzilgan bo‘lsa, kontrakt davlat tiliga yoki rus tiliga tarjima qilinishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishi kerak.

Kontrakt shartlariga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar qo‘shimcha bitim bilan qayd etilishi kerak hamda kontraktlar bilan bo‘lgani singari tartibda TSOYaEATga kiritiladi.

Respublikaga tovarlarni olib kirish nazarda tutilgan kontraktlarga qo‘shimcha bitimlar kiritilib, ularga muvofiq xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, xorijiy hamkorlar va ularning rekvizitlari o‘zgargan taqdirda, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar qo‘shimcha bitimlar haqidagi ma'lumotlar TSOYaEATga kiritilgan sanadan boshlab 10 ish kuni davomida “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalariga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish bo‘yicha davlat bojxona xizmati organlariga murojaat etishlari shart.

Kontraksiz eksport va import qilingan tovarlarga oid invoyslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Invoyslarda quyidagi asosiy ma'lumotlar bo‘lishi kerak:

xo‘jalik yurituvchi sub'yektning nomi va uning rekvizitlari;

invoys summasi;

xo‘jalik yurituvchi sub'yektning identifikatsiya raqami (STIR);

tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi;

tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning o‘lchov birligi;

tovarlar (ishlar, xizmatlar) miqdori;

tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxi;

tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish qiymati;

INKOTeRMS bo‘yicha yetkazib berish shartlari;

tashish turi.

Invoyslar xo‘jalik yurituvchi sub'yektning (mavjud bo‘lganda) imzosi va muhri bilan tasdiqlanishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: