Bozor iqtisodiyotining talabi shundayki, resurs va imkoniyatlardan foydalanish imkoni, ya'ni faoliyat maydoni hammaga teng bo‘lishi kerak. Yakkahokimlikka hech kimning haqqi yo‘q. Aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar faqat ayrim guruhlar qo‘lida to‘planib, ular uchun mo‘may daromad manbaiga aylanib qolganini adolatdan deb bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Ba'zi bir korxonalarga imtiyozlar berish orqali o‘zimiz erkin raqobat muhitini bo‘g‘ib, narxlarning barqaror bo‘lishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqdamiz. Endi biz bunday amaliyotdan voz kechamiz. Imtiyozni ro‘kach qilib, eng muhim faoliyat turlarini to‘la monopoliya qilib olishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Men kelajak bilan qiziqaman, chunki qolgan umrimni unda yashayman, mendan keyin bolalarim yashaydi. Shu davlatning fuqarosi, shu elning dilbandi ekanmiz, bizdan keyin farzandlarimiz shu makonda yashar ekan, mamlakatimiz taqdiriga, uning siyosati, iqtisodi, ma'naviyati va madaniyati taqdiriga befarq bo‘lolmaymiz, befarq bo‘lmasligimiz ham kerak.
Bugungi gapimiz iqtisoddagi bir ofat haqida...
«Xalqaro valuta fondi ma'lumotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha O‘zbekiston dunyo reytingida 187 mamlakat orasida 134-o‘rinda turibdi. Vaholanki, O‘zbekiston juda boy tabiiy resurslarga, katta iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan davlat...» – bu gaplarni Shavkat Mirziyoyev aytgandir.
Nega yerosti va yerusti boyliklari yo‘q, yeri biznikining yarmicha kelmaydigan, guruchdan boshqa narsa o‘smaydigan, aholisi esa O‘zbekistonnikidan ikki barobar ko‘p bo‘lgan Koreya Respublikasi dunyoning iqtisodiyoti kuchli davlatlaridan biri bo‘lib turibdi?
Nega bir parcha yeri ham suv ostiga ketib borayotgan, yiliga 3000 marta yer qimirlaydigan Yaponiya o‘z xalqini yuksak farovonlikka erishtira oldi, yaponlarning bir yilda faqat ta'limga ajratadigan mablag‘i – 167 milliard dollar – O‘zbekiston davlati va xalqining to‘rt yillik budjetiga va yalpi ichki mahsulotiga barobar?
Hamma yerosti-yerusti boyliklariga ega, iqlimi go‘zal, yerlari hosildor, xalqi mehnatkash O‘zbekiston iqtisodi sovetlar zulmidan ozod bo‘lgach, mustaqillikning chorak asrida ham tiklanmasa, qachon o‘nglanadi?
Nima uchun o‘zimizni «asta-sekin bo‘ladi-da», «islohotlar jadal ketmoqda», «bosqichma-bosqich rivojlanmoqda» deb ovutamiz?!
Nega islohotlar amalga oshmayapti?
Nima qilish kerak?
Bu savollar hammamizni o‘ylantiradi va o‘ylantirishi kerak, axir.
Mutaxassislar o‘z yo‘liga, biz kabi kuyunchak fuqarolar ham fikrimizni aytaylik, yaxlit bir xalq bo‘lib, o‘ylaylik.
Bosh sabablardan biri bo‘lgan korrupsiyani aytdik. Unga qarshi qonunlar chiqarildi, kurash e'lon qilindi. Endi harakat kerak. So‘z ko‘p bo‘lmoqda, endi amal lozim.
Iqtisodni izdan chiqargan omillarning ikkinchisi – monopolizm (korrupsiyaning asosiy manbasi ham monopoliyadir), monopolizmga yo‘l bergan narsa proteksionizm va lobbizmdir. Oddiyroq tilga o‘tsak, buning lug‘atda ikki ma'nosi bor: biri niqob – «biror davlatning o‘z milliy iqtisodini chet el raqobatidan himoya qilishga qaratilgan iqtisodiy siyosati», ikkinchisi mohiyat – «oshna-og‘aynigarchilik, tanish-bilishni qo‘llab-quvvatlash».
Hozirgi iqtisodimizni o‘ylasam, bolalarimni ona ko‘kragidan ajratishda chekkan tashvishlarimiz keladi. Bola ona sutini uzog‘i bilan uch yil emishi kerak, keyin o‘zi ovqatlanishi, tishlari bilan suyaklarni kemirishi, jag‘lari bilan taomni yanchib, yuta olishi kerak. Ko‘krakka o‘rgangan bola o‘z barmog‘ini so‘rishga moyil bo‘ladi, shuning uchun qo‘liga qo‘lqopcha kiydirib qo‘yiladi, emchakdan ajralsin deb garmdori surtib qo‘yishadi, onasini ko‘rsa, emish esiga tushmasin deb xolasi yo ammasinikiga besh-o‘n kunga berib yuboriladi... Ona ko‘kragidan ajralish go‘dakka og‘ir. Lekin voyaga ham yetish kerak.
Bizning «O‘zbekiston havo yo‘llari», «O‘zavtosanoat», «O‘zfarmsanoat», singari o‘nlab davlat monopolistlarimiz, ulardan zeb olgan «Dori-darmon», «Artel», «Imzo», «Amilov» kabi minglab katta va kichik monopolistlarimiz ana shu ona ko‘kragidan ajralishni istamayotgan, o‘n besh-yigirma yildan beri budjetni, to‘g‘rirog‘i, soliq to‘lovchilarni, ya'ni har birimizni «emib kelayotgan» go‘daklardir. Go‘dak onadan ajratilgach, o‘zi non topib yeyishga o‘rgangani kabi, bu monopoliyalarning imtiyozlari olib tashlansa, ular bozor iqtisodiga kiradi, raqobatga o‘rganadi, raqobatchilar ko‘paysa, narx tushadi va xalqqa farovonlik keladi. Bizni o‘qiyotgan o‘quvchi har zamonda: «Buni biz ham bilamiz», deb qo‘yadi, lekin amalga oshirish yo‘q. Buni o‘quvchi va talaba ham tushunadi. Lekin amalga oshirish yillar bo‘yi paysalga solinmoqda.
Taqdirda bo‘lsa, hali monopolistlarning har biri haqida alohida maqola yozamiz.
Qisqasi, masalan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» uchoqlarida Turkiyaga, Rossiyaga, Misrga yoki Dubayga uchish narxi xuddi shu yurtlarga Qozog‘istondan yo Qirg‘izistondan uchishga qaraganda ikki barobar qimmat. Nega? Arzonga chipta sotsa, kompaniya bankrot bo‘lar emish. Axir, o‘sha, masalan, Istanbuldan Chimkentga uchayotgan xorijiy kompaniya samolyoti Istanbuldan Toshkentgacha ham shuncha masofaga uchadi, shunga yarasha yonilg‘i sarflaydi, o‘shancha odam oladi. Tabiiyki, zarar qilsa, uchmasdi. Foyda qiladi! Bizning monopolist kompaniyamiz benzin o‘rniga qaymoq solib uchmasa kerak?! Samolyotlari ham o‘sha samolyot – «Airbus» yoki «Boeing». Xuddi o‘sha xorijiy aviakompaniya ham Istanbuldan Toshkentga chiptasini qimmatga sotadi. Sababi – u arzonga sotsa, hamma arzon samolyotda uchadi, bizning «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotlariga birov chiqmay qo‘yadi. Yurtga kiradigan kompaniyalarga, bizning 28 yoshida ham «ona sutidan ajralmagan» monopolist go‘dagimiz uchoqlari narxiday qilib narxni ko‘tarishga rozi bo‘lmasa, kirishga izn berilmaydi.
Solishtiraylik, bizning bitta kompaniyamiz bor, Qozog‘istonda 21ta aviakompaniya bor, bizda barmoq bilan sanarli kompaniyalar samolyotlari kira oladi, Qozog‘istonda 33ta chet el aviakompaniyasi faoliyat olib boradi, aholi soni 17,9 million kishi bo‘lgan qozoq yurtida havo transporti orqali tashilgan yillik yo‘lovchilar soni 5,6 million, ya'ni aholimiz 33 million bo‘lgan biznikida 46 foiz ko‘proq. Qozog‘istonning YaIM 159 milliard AQSh dollari, O‘zbekistonniki – 48 milliard AQSh dollaridir.
Uzoqroqdan namuna keltirsak, masalan, Osiyoning to‘rtinchi iqtisodiyoti bo‘lgan Janubiy Koreyada milliy va xususiy aviakompaniyalar 12ta bo‘lib, bu yerga uchadigan chet el aviakompaniyalari soni 56ta, samolyotda yiliga 28 million kishi tashilgan. Bozor iqtisodi shunga olib keldiki, Koreya YaIM 1,5 trillion AQSh dollaridir.
Bu yutuqlar, jumladan, iqtisod monopoliyadan chiqarilgani sharofatidir bu. Bizda bir hovuch odam ishlaydigan «O‘zbekiston havo yo‘llari», «GM Uzbekistan» kabi kompaniyalar manfaati uchun butun bir xalq zarar ko‘radi. Mashinani uch barobar, samolyot chiptasini ikki barobar qimmatga oladi. Yana bu davlat xalqning manfaati uchun faoliyat yuritayotganiga ishongisi keladi.
Nega chiptalarini ikki-uch barobar qimmat sotayotgan kompaniya yana zarar keltiradi. Taxminlarimiz bor. 27 yil hukm surgan korrupsiya sharoitida samolyotlar o‘z narxidan qimmatga olingan, «shapka», «otkat» degan gaplar osmondan olinmagan. Endi bu samolyotlar o‘z resursidan ikki barobar ko‘p uchishi kerak yoki chipta narxi ikki barobar ko‘p bo‘lishga majbur. Bunday va shu kabi nozik tafsilotlardan xabardor bo‘lgan «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning uzoq yillik rahbari, Moskvadan soppa-sog‘ qamoqqa olinib, samolyotning mahsulot aynimaydigan muzxonasida Toshkentga keltirilgan va ko‘p o‘tmay o‘pkasi shishib vafot etgan Arslon Ro‘zmetov tirik bo‘lsa, balkim aytardi. O‘tganga salovot, lekin endi monopoliyani tugatishga kim xalaqit beradi?! Axir, Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi milliy aviatsiyasini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi va bu kompaniyani monopoliyadan chiqarish, aeroportlarni xususiylashtirish, mamlakatga kam budjetli aviakompaniyalarni (Lowcoster carriers, LCC) jalb qilish haqida qarorlar chiqardilar-ku?!
«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi raisi birinchi o‘rinbosari Umid Husanov 2018 yil boshida yil oxirigacha milliy kam budjetli aviakompaniya tashkil etish bo‘yicha ishlar yakuniga yetishini ma'lum qilgandi. Mana, 2019 yil iyuli ham keldi. Lekin kam budjetli yangi aviakompaniya tashkil etish uyoqda tursin, bu yo‘nalishda qanday ishlar qilinayotgani haqida ham hech qanday rasmiy xabar berilmayapti. Eng yomoni, «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning mutlaq monopoliyasi 27 yildan buyon davom etib kelmoqda.
Buyuk Britaniyaning barcha mamlakatlar aviakompaniyalari va aeroportlarining xizmat ko‘rsatish sifatini baholaydigan «Skytrax» sayti «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasini tahlil qilishicha, ko‘pchilik chet ellik yo‘lovchilarning aviakompaniyamiz haqidagi fikrlari o‘ta salbiy va bu uning hozirgi holatiga mosdir. Bu monopoliya iqtisodga ham, xalqqa ham zarar keltirmoqda.
Haqiqiy bozor sharoiti bo‘lganda, kompaniya raqobat ta'sirida yanada rivojlanadi, raqobatbardoshligi oshadi, mijozlar tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi, hamyonbop narxlarda aviachiptalar sotib oladi, qolaversa, turizm rivojlanadi, yana budjet foyda ko‘radi. Nahotki, barchaga ayon haqiqatlar niyatligicha qolaveradi?!
Aviatorlar va avtomobilchilarimizdan o‘rnak olib, boshqa talabgorlar ham chiqmoqda. «O‘zeltexsanoat» AK ham imtiyozlarni olish va monopolist bo‘lish harakatiga kirishdi. Hukumatga qaror loyihasini kiritdi, unga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun mahsulotni bojsiz olib kirish qoidalari kuchaytirildi. Aslida inson chet elga borsa, o‘ziga zarur ashyolarni bemalol olishi kerak. 2018 yildan boshlab fuqarolar avtomobil yo‘llari (piyodalar) o‘tkazish punkti orqali – 1 oylik interval bilan umumiy qiymati 300 dollargacha bo‘lgan, temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali – 1 oylik interval bilan umumiy qiymati 1 ming AQSh dollarigacha miqdorda bittadan maishiy texnika va oshxona idish-tovoqlari to‘plamini O‘zbekistonga to‘lovsiz olib kirish huquqiga ega. Monopolist ushbu vaqt oralig‘ini 6 oyga oshirishni rejalashtirdi.
«O‘zeltexsanoat» avtomobil sanoatidan ham surbetroq chiqdi, tayyor elektrotexnika mahsuloti importidan tushgan bojxona to‘lovlari va aksizlarning umumiy hajmidan 60 foiz miqdordagi mablag‘ni Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirishni taklif qildi.
Iqtisodimiz navbatdagi shunday monopolistga bardosh bera oladimi?
Bizning aholi uchun bunday ishlab chiqarish kerakmi?
Xo‘sh, maishiy texnika olib kirishga cheklovlar nega joriy etildi? Gap shundaki, bizda o‘zimizning televizor, gaz plitalari, muzlatgichlar, changyutarlar va hokazolar ishlab chiqaruvchi «Artel» degan monopolist korxonalarimiz tizimi bor. Uning o‘z «yaralish tarixi» bor. O‘sha davrda mamlakatga xorijdan maishiy texnika olib kirishga ham, avtomobil olib kirishga ham 50-70 foizlik to‘lovlar joriy etila boshlangandi. 200 dollarlik televizorni olib kirsang, 350 dollarga tushardi. Foyda qo‘shib sotilsa, 400 dollarga sotilardi. Holbuki, agar mahalliy ishlab chiqaruvchi chet eldan butlovchi qismlarni olib kirsa, to‘lov oz yoki umuman to‘lovdan ozod qilingandi. «Oqil» ishbilarmonlar angladiki, o‘sha 200 dollarlik televizorlar ichini qutisidan ajratib, «butlovchi qism» sifatida olib kirsa, ichkarida qaytadan «yig‘sa», «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» degan tamg‘a bilan 300-350 dollarga sotsa bo‘ladi. Albatta, davlat budjeti chegarada oladigan to‘lov tushmasligidan o‘n milliardlab zarar ko‘radi, ammo o‘n millionlab televizorlar, changyutgichlar, muzlatgichlarni ichkarida yig‘ib, sotganlar yuz-yuz ellik milliardlab dollarni cho‘ntakka ura oladi. O‘sha «Samsung» yoki «LG» olib kirilsa, bozorda 400-450 dollarga sotiladi, xuddi shuni «Artel»da yig‘ilganining narxi 300-350 dollarga teng bo‘ladi va xalq chegara yopiq holatda «arzon» olganiga shod bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, qo‘shni davlatlar bilan chegaralar ochilib, bordi-keldilar boshlandi. Xalq bilib qoldiki, shu televizorlar, changyutgichlar va boshqa maishiy texnikalar chet davlatlarda ikki-uch barobar arzon ekan. Ko‘plab olib kira boshlashdi. Ichki monopolist darrov tegishli amaldorlar va idoralar orqali maishiy texnika olib kirish yo‘lini berkitdi. O‘ttiz millionli xalq yana maishiy texnikani ikki barobariga olishga majbur.
Masalan, monopolist «GM Uzbekistan» 2017 yilda 135,5 ming dona avtomobil ishlab chiqargan. Sohadagi o‘rtacha ish haqi 300 dollar ekvivalentida ekanini hisobga olsak, kompaniyada ishga haq to‘lash fondi taxminan 100 million dollar ekvivalentga teng. Bu sohada 14 mingga yaqin kishi ish bilan ta'minlangan. Mamlakatda 6-7 million atrofida ishsiz bor, Rossiyada 2,5 million yurtdoshimiz ishlaydi. 10-15 ming kishi ishsiz qoladi deb, bankrot zavodni ushlab turish kimga kerak?!
Prezident «Shu zavodni yopib yuborsak, foyda bo‘lardi», deganda nimani nazarda tutgan? Hozir bu zavodning dunyoda 8000 dollar turadigan mashinasini biz, o‘zbeklar, 16 000 dollarga xarid qilyapmiz. Tashqaridan mashina kirmagani, «butlovchi qismlar» kirgani uchun davlat budjetiga to‘lov tushmaydi. Korxona foyda olsa, aksiyadorlari ko‘radi. U aslida bankrot holatidadir.
Deylik, shu zavodimiz bo‘lmasa, shu 130 ming mashinani chetdan 8000 dollardan olib kirsak, hozirgidek 50-70 foiz emas, 10 foiz to‘lov joriy etsak ham, budjetga 1 milliard dollardan ziyod tushum tushadi. Bundan tashqari, yengil avtomobillar importidan QQSdan davlat budjetiga tushadigan mablag‘lar 200 million dollarni tashkil etadi. Davlat budjetidan «O‘zavtosanoat» AK barcha xodimlariga ish haqini avtomobillarni ishlab chiqarmagani uchun to‘la hajmda kompensatsiya qilib berish mumkin.
Afsuski, hozircha bu monopolist hukumatga yaqin vaqt ichida chet elda ishlab chiqarilgan mashinalarni O‘zbekistonga olib kirganlik uchun boj to‘lovlari qiymatini pasaytirish, bozorni monopoliyadan chiqarib, raqobat muhitini yaratishga imkon bermayapti.
Biz mashinalarni, televizorlarni boshqa maishiy texnikalarni import qilingan butlovchi qismlardan yig‘amiz va dunyo narxidan ikki barobar qimmatga sotamiz, lekin zavod va fabrikalarimiz bankrot holatida. Dunyoda xuddi shu butlovchi qismlardan mashinalar va maishiy texnikani yig‘ishadi va bizdan ikki barobar arzon sotishadi va foyda ko‘rishadi! Dunyo aviakompaniyalari biznikiday yoqilg‘i yoqadi va shu samolyotlarni tasarruf qiladi, chiptasini biznikining yarim narxida sotadi hamda foyda ko‘radi! Bizning aviakompaniyamiz dunyodagi aviakompaniyalarniki kabi yonilg‘ida va ularniki kabi samolyotlarda uchamiz va chiptalarimiz dunyo narxlaridan ikki barobar qimmat, lekin bizning aviakompaniya bankrot holatida... Bu qanaqa iqtisod, birodarlar?!
Boshqa turli davlatlarda ham shu qismlardan mashina yig‘iladi va ular raqobatbardoshlidir, ularning mashinasi biznikidan arzon. Nega bizning avtozavodniki qimmatga tushadi?! Balkim, bizning avtozavod ishchilariga Yaponiya, Koreya yoki Turkiya zavodinikidan ko‘p maosh to‘lar? Yo‘q, ularning maoshining beshdan birini ham bermaydi! Balkim, u yerlarda elektr energiyasi, ijara haqi, yer qiymati, soliqlar biznikidan qimmatdir? Yo‘q, bizda bular besh-o‘n barobar arzon! Balkim, bizning avtozavodimiz ulardan ko‘proq soliq to‘lar? Yo‘q, bizning avtozavodimiz yillar davomida deyarli barcha soliqlardan ozod qilingan.
Unda nega shuncha xarajati bilan ularning avtomobili arzon, shuncha imtiyozlar bilan bizniki qimmatga tushadi?!
Buning bosh sababi tizimning samarasizligi va korrupsiyalashganidir. Korrupsiyaning sababi esa monopoliyaning mavjudligi va yasama proteksionizmdir. Mahsulot qiymatini pasaytirish uchun xarajatlarni kamaytirish, yangi texnologiyalar kiritish va boshqa choralar ko‘rish o‘rniga har gal narx oshiriladi, ya'ni zavodning muammolari xalq hisobidan hal etiladi. Xalq boshqa arzon mashina olaman desa, yo‘liga to‘siqlar barpo etiladi, ya'ni «mahalliy ishlab chiqaruvchi himoyalanadi».
Zavodimiz bo‘lmay, chet el avtomobillarini bemalol olsak, xalqda tanlov bo‘lardi va arzon olardi. Davlatga ham bu zavoddan foyda yo‘q, chunki chetga sotgan mashinalarining valutasiga yangi mashinalari uchun butlovchi qism oladi. Soliq ham to‘lamaydi — ozod qilingan. Moliyaviy ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun davlat dividend ham ololmaydi. Qolaversa, kiradigan avtomobillarga bojlar miqdori kamaytirilsa, xalq o‘n minglab mashina olib kirardi va ulardan budjetga yuz millionlab valuta tushgan bo‘lardi.
Agar «avtomobilsozligimiz faxri»dan biror foyda bo‘lsa, buni hali biz yorug‘likka olib chiqolmayotgan bir guruh shaxslar ko‘radi. «Ish o‘rinlari yaratildi», deyishlari mumkin. Bu zavod bo‘lmasa, keladigan foydaga bundan yuz barobar ko‘p ish o‘rinlari yaratish mumkin.
Nima qilish kerak?
Kimdir yana boshqa zavodlar qurilsa, yaponlar yo nemislar zavodlari kelsa, raqobat bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Zavodlar o‘nta bo‘lsa ham, imtiyozlar saqlansa, o‘nta zavod ham shu bitta kabi ishlayverishi mumkin. Mashina olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini mo‘'tadillashtirish kerak. Toki xaridor yoki sotuvchi olib kirish va sotishdan foyda olsin. Shunda xaridor tanlab, maqbul mashinani maqbul narxda oladi. Bu mavjud zavodlarni xarajatlarni kamaytirishga, sifatni yaxshilashga, assortimentni ko‘paytirishga, raqobatga bardoshli bo‘lishga undaydi. Davlat budjeti olib kirilayotgan avtomobillar uchun boj to‘lovlaridan yuz millionlab dollar mablag‘ga ega bo‘ladi.
Chorak asr mobaynida ko‘rsatilgan «milliy ishlab chiqaruvchiga g‘amxo‘rlik»dan monopolistlar raqobatbardosh bo‘lib qolmadi va yana yuz yil shu yo‘sinda davom etsa, o‘zgarmaydi. Faqat ashaddiy, oshkora va halol raqobat rivojlanishga majbur qiladi.
Yetar endi, deyilishiga qaramasdan, monopolist guruhlar «yana bir yil yo ikki yil onamni emib, o‘zimni tutib olay» deb tamshanadigan go‘dak kabi qolaveradi, farog‘at holini saqlanib qolishi uchun lobbistlik nolishlarini to‘xtatishmaydi.
Mana, yana bir xabar: «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Prezident Qarori loyihasini havola etibdi. Unga ko‘ra, yangi «Premium Uzbekistan» qo‘shma korxonasi quriladi va u 2024 yil 1 yanvargacha barcha soliqlardan va yagona ijtimoiy to‘lovdan ozod etilishi kerak emish.
Unutmaslik kerakki, kimdir soliqdan ozod etilar ekan, bu barchamizga yuk bo‘lib tushadi. Chunki soliqlar davlat budjetini tashkil qiladi. Shu budjetdan keksalar-u nogironlar nafaqa oladi, ta'lim va tibbiyot ta'minlanadi. Kimdir va kimlardir soliqdan ozod etilar ekan, budjet yuki ozod etilmaganlarga – hammamizga tushadi.
Nima deb o‘ylaysiz, «Premium Uzbekistan» korxonasi qanday xayrli faoliyat yuritadiki, soliqdan ozod bo‘ladi? Saraton kasaliga qarshi emlov o‘tkazadimi? Nogironlarga aravacha yasaydimi? Yo‘q! Mana, u nima bilan shug‘ullanadi: «so‘nggi avlod ilg‘or texnologiyalaridan foydalangan holda «Lyuks» toifadagi spirtdan yuksak sifatli aroq mahsulotlarini quyish» uning vazifasidir! Lobbistlarning yuksak parvozidan darak bu. Ofarin! Savollar tug‘iladi: «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning aroqqa nima aloqasi bor? Nega soha emas, alohida muayyan korxona soliq imtiyozi oladi? Uning ortida kim turibdi? Aroq shundoq ham xaridorgir bo‘lsa, uning ishlab chiqaruvchisini qo‘llab-quvvatlash nega kerak? Qolaversa, aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan yurtda davlat ichkilikbozlik qo‘llab-quvvatlanishini qanday tushunish mumkin?!
Yoki «O‘zcharmsanoat» bilan bog‘liq so‘nggi xabarlarni olaylik. Bu uyushma chet eldan keltiriladigan oyoq kiyimiga ham «davlat bojini 10 foizdan 30 foizgacha oshirish» va «mahalliy poyabzal ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari berish» taklifi bilan chiqdi-yu bloger hamkasbimiz mohiyatini ochdi: «Iqtisodni va qonunchilikni xohlagan yo‘lga solishga urinishyapti. Hammasining niyati soqqa. O‘zbekistonda soqqadan boshqa oliy maqsad yo‘q. Soqqa, soqqa, soqqa...». Boshqa bir bloger singlimizning fikri: «Sifatli tuflilar, lodochkalar, bosonojkalar – xullas, yaxshi poyabzal kiyish huquqimizga zarba berishmoqchi! Boj oshsa, sifatli poyabzal narxi yanada qimmatlashadi. Qachongacha o‘zimizning bir yilga yetmay poshnasi uzilib, og‘zi ochiladigan oyoq kiyimlarda yuramiz? Qachongacha lobbistlar foydasiga xalq pul to‘layveradi? O‘zimizda sifatli oyoq kiyim chiqarishni o‘rganishsin avval, keyin chetdan keladigan sifatli tovarning yo‘lini to‘sishsin. Har bir ayol go‘zal, sifatli poyabzal kiyishga haqli. Raqobatsiz yengishga o‘rgangan mahalliy lobbistlarga esa uyat, uyat!»
Agar imtiyozlar bo‘lishi va davom etishi kerak bo‘lsa, qaysi sohani va qaysi milliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish kerakligini, imtiyoz berish kerakligini belgilaydigan shaxslar bo‘lishi lozim bo‘ladi. Bu esa korrupsiyaga yo‘l ochadi. Kerakli odamlar zarur yo‘llar bilan qo‘lga olinadi. Erkin Vohidov satridagiday: «Tillo aytar – sotib olaman, qilich aytar – tortib olaman!»
Alal-oqibat, amalda davlatdan imtiyozlar undirishning o‘zi alohida biznesga va korrupsiya sxemasiga aylanadi. Lobbistlar davlatni shantaj qiladi: agar mahalliy ishlab chiqaruvchi himoya qilinmasa, «ishchi o‘rinlari yo‘q bo‘ladi», «ishsizlik ko‘payadi», «korxona bankrot bo‘ladi», «olgan kreditlar va kiritilgan sarmoyalar qaytarilishi kerak», «g‘alla mustaqilligi», «sanoat xavfsizligi» lozim va hokazo.
«Milliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish» niqobi ostidagi proteksionizm bozor iqtisodining asoslariga putur yetkazadi va uning ne'matlarini yo‘qqa chiqaradi: sifatli chet el mahsulotiga import tariflarini oshirish orqali xalqni «o‘zimizniki» bo‘lgan sifatsiz mahsulotni qimmatga olishga majburlash nafaqat noinsoniylik, balkim xalqni qashshoqlashtirish va bu orqali xarid qobiliyatini pasaytirishning sababidir, bu boji oshirilgan chet el mahsuloti ham, ichki mahsulot ham qimmatlashuviga olib keladi. Aholining daromadi pasayadi, import boji oshishi mahsulotni qonuniy olib kirishni norentabel qilgani uchun kontrabandani ko‘paytiradi, mahsulotiga boj oshirilgan davlatlar bilan munosabatga rahna soladi va bizga javoban shunga monand choralar ko‘rilishiga olib keladi.
Monopolistlar iqtisodni isloh qilishga qarshi turgan, real bozor iqtisodi joriy etilishiga monelik qilayotgan bir mamlakatda monopoliyaga qarshi qo‘mita va idoralar bormi, bor bo‘lsa ular nima bilan mashg‘ul ekanini bilishni istaydi inson.
Islohotlarga ishonch tuman ichiga botib bormoqda. Yana «o‘zimizga xos-o‘zimizga mos taraqqiyot yo‘li» boshlanmasin. Umidlarimiz bor.
Imtiyozlar bozor iqtisodini barham toptiradi, bozor mexanizmlari ishlashiga yo‘l bermaydi, korrupsiyani kuchaytiradi, aksariyat elni qashshoqlik domiga tashlaydi va islohotlarni samarasiz qiladi.
Jahon banki guruhiga kiradigan Xalqaro moliyaviy korporatsiya (XMK) O‘zbekistonning xususiy sektorlarini har tomonlama tahlil qilib tashxis qo‘yar ekan, monopoliyalarga barham berishni va buning barobarida «sohalardagi muayyan choralarni umumiqtisodiy islohotlar bilan qo‘shib olib borish»ni tavsiya qildi. Bu islohotlardan umidvor xalqimizning istagiga mos keladi.
Karim BAHRIYeV
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.