Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, vakolatli organ tomonidan kompensatsiya taqdim etilishi uchun:
eksport qiluvchi O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan;
mahsulot O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan;
mahsulot O‘zbekiston Respublikasi bilan chegaradosh (Qirg‘iziston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi) bo‘lmagan davlatlarga eksport qilingan, bundan tuxum (TIF TN kodi 0407210000) mahsulotlari mustasno;
mahsulot o‘rnatilgan tartibda eksportga rasmiylashtirilgan;
mahsulot uchun kamida 30 foiz oldindan to‘lovlar kelib tushgan yoki bank akkreditivi ochilgan (mahsulot eksport qiluvchining tashqi savdo uylariga konsignatsiya shartnomalari asosida chiqarilgan holatlar bundan mustasno);
eksport shartnomasi (komissiya shartnomasi, invoys)da mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari eksport qiluvchi zimmasiga yuklangan va u tomonidan to‘lov amalga oshirgan;
eksport qiluvchi tugatilish bosqichida, qayta tashkil etish jarayonida bo‘lmagan yoki bankrot deb e'tirof etilmagan, uning faoliyat yuritishi uchun unda cheklovlar mavjud bo‘lmagan bo‘lishi zarur.
Transport xarajatlari bo‘yicha kompensatsiya to‘lovi taqdim etish uchun muvofiq namunadagi ariza eksport qiluvchi tomonidan vakolatli organga quyidagi hujjatlar bilan birga taqdim etiladi:
eksport shartnomasi va (yoki) komissiya shartnomasi nusxasi va (yoki) invoys nusxasi;
bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;
eksport qiluvchi bilan temir yo‘llari va (yoki) transport-ekspeditorlik kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan yukni tashish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma nusxasi;
eksport qiluvchi tomonidan temir yo‘llari va (yoki) transport-ekspeditorlik kompaniyalariga amalga oshirilgan to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
mahsulot eksport qilingan davlat bojxona organi va yukni qabul qilgan temir yo‘l stansiyasi belgisi qo‘yilgan temir yo‘l yuk xati nusxasi;
O‘zbekiston Respublikasidagi yuk yuborilayotgan temir yo‘l stansiyasidan mahsulot eksport qilingan davlatdagi yukni qabul qiluvchi so‘ngi stansiyagacha bo‘lgan temir yo‘l masofasi to‘g‘risida ma'lumot (eksport qiluvchi tomonidan temir yo‘l uchastkalari kesimida taqdim etiladi);
mahsulotning kelib chiqish sertifikati nusxasi.
Ariza eksport qiluvchi tomonidan vakolatli organga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, pochta yoki axborot tizimlari, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy ma'lumotlar portali orqali taqdim etiladi.
Bunda hujjatlari to‘liq bo‘lmagan arizani qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Pochta, axborot tizimlari, Tashqi iqtisodiy ma'lumotlar portali orqali hujjatlari to‘liq bo‘lmagan arizalar kelib tushgan taqdirda vakolatli organ besh ish kuni mobaynida ariza muallifiga hujjatlarni tegishli javob xati bilan qaytaradi.
To‘liq taqdim etilgan hujjatlar vakolatli organ tomonidan o‘n ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.
Vakolatli organ eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni shartlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan o‘rganib chiqadi.
Vakolatli organ eksport qiluvchi va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni axborot tizimlari shu jumladan, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimi orqali va tegishli organlarning internetdagi ma'lumotlar bazalari yordamida, zarur hollarda so‘rovnomalar yuborib javoblar olish orqali o‘rganib chiqishi mumkin.
Kompensatsiya ajratish bo‘yicha xulosa O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan, vakolatli organning moliyaviy qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.
Kompensatsiya to‘lovi ajratilishini rad etish to‘g‘risida xulosa berish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
eksport qiluvchi va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan shartlarga yoki ularning biriga nomuvofiqligi;
eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz, noto‘g‘ri va buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlar mavjudligi.
Boshqa asoslarga ko‘ra kompensatsiya taqdim etilishini rad etish to‘g‘risida xulosa berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eksport qiluvchi subsidiya taqdim etilishini rad etish to‘g‘risida xulosa olganda, rad etish asoslarini bartaraf etgandan so‘ng 1 oy ichida qayta ariza bilan murojaat etishga haqli.
Eksport qiluvchi subsidiya taqdim etilishini rad etish to‘g‘risidagi xulosa, shuningdek vakolatli organning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) ustidan o‘rnatilgan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.