Jahon banki O‘zbekistonga 50 mln dollar ajratdi. U aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha yangi tizimga yo‘naltiriladi

Iqtisodiyot 10:48 / 02.07.2019 8408

Jahon banki direktorlar kengashi «Ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash» loyihasini amalga oshirish uchun Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasidan (Jahon banki guruhidagi tuzilma) 50 million dollar kredit ajratilishini ma'qulladi. Bu haqda Kun.uz’ga Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar bermoqda.

Loyihani amalga oshirish jarayonida nafaqa olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning yagona reyestri shakllantiriladi. U birinchi ehtiyoj tovarlari va kommunal xizmatlarga oshib borayotgan narxlar salbiy ta'sirini sezayotgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda kam ta'minlangan qatlamini ijtimoiy himoya dasturlari orqali qamrab olishini ta'minlaydi.

Loyiha mamlakatdagi iqtisodiy o‘zgarish jarayonlari natijasida ishini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida bandlikni ta'minlashga qaratilgan hukumatning ayrim tadbirlarini takomillashtirishga yordam beradi. Bunga, masalan, tadbirkorlik ko‘nikmalari kurslari, kasb-hunar ta'limi subsidiyalari va xususiy sektorda ish haqini subsidiyalash kiradi.

Shuningdek, loyiha bandlikka ko‘maklashish markazlarining ish qidirayotgan shaxslarga yanada yaxshiroq xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bundan tashqari, mehnat bozori holatini aks ettiradigan ma'lumotlarning mavjudligi ham yaxshilanadi. Ushbu maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqaruvida ixtisoslashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda foydalanishga topshiriladi.

«Bu O‘zbekistondagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga yordam beradigan muhim loyihadir, - dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori. - Loyihaning maqsadi - mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar davrida fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishni ta'minlash».

Jahon banki O‘zbekistonga 4,1 milliard dollarlik qiymatdan ziyod bo‘lgan 23 loyihani amalga oshirishda yordam beradi, shuningdek, mamlakat hukumatiga tahliliy va maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi.

Ko‘proq yangiliklar: