Departament valutafurushlarni qanday «fosh» etadi?

O‘zbekiston 18:45 / 02.07.2019 117414

Rasmiy manbalar orqali valutafurushlarga qarshi jiddiy kurash olib borilayotgani haqida ko‘p bora aytilmoqda. Valutaning noqonuniy oldi-berdisi bilan shug‘ullangani aytilayotgan bu kimsalar, aslida, hammasi ham valutafurushlarmi? Sarvar Otaboyev ana shu iddaolarni inkor etadi. Uning aytishicha, noma'lum qiz bilan tanishib qolganligi salbiy oqibatlarga sabab bo‘lgan.

«Soat 23lar chamasi «Odnoklassniki» saytida tanishib, 3-4 kun gaplashib yurdik. Telefondagi suhbatlarimiz orqali ancha yaqin bo‘lib qolganimizdan so‘ng, bir kuni u Toshkentga kelganini aytdi. Opasi Feruza ismli ayolning Toshkentdan 50 ming dollar atrofidagi narxda uy sotib olishi tufayli mendan 87 million so‘m pulini 10 ming dollar qilib berishimni iltimos qildi», — deya voqealarni hikoya qilib berdi Sarvar.

Uning ta'kidlashicha, shaxsiy yozishmalar orqali ancha yaqin bo‘lib qolgan qiz bilan munosabatlari chuqurlashgan sari, uning valuta bo‘yicha iltimosini ham bajo keltirmoqchi bo‘lgan. Sarvar bankka murojaat qilish taklifini bildirgan, qiz esa naqd xorijiy valuta zarurligini aytadi.

«Uyda dadamning mashina uchun to‘plagan pullari borligini bilardim. Keyin u qizga telefon qilib, pul borligini aytdim», — deydi yigit.

Otaboyevning ta'kidlashicha, qiz pulni birdan olmay, turli vajlar bilan uchrashuvni qoldiravergan, so‘ngra ular Nurafshon shahrida ko‘rishishga kelishib olishadi.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

Ijtimoiy tarmoqqa yuklangan suratlaridan farqli ayolga duch kelganini aytgan Sarvar pulni berish chog‘ida prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan uyushtirilgan tadbir nishoni bo‘lganini anglagan.

«Pulning egasini so‘rashganda «meniki», deb javob bersam, «Sen qamalasan, tamom», deb tahdid qilishdi», — deydi u.

Advokat Abdumalik Abdullayev mana shu masalaning huquqiy tomonlariga e'tibor qaratish lozimligini aytadi. Unga ko‘ra, prokuratura xodimlaridan ayrim hollarda hisobot talab qilish salbiy natijalarga ham sabab bo‘lishi mumkin. 

«Jinoyat kodeksining 177 moddasida valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish va o‘tkazish bilan bog‘liq holat nazarda tutilgan. Bu turdagi jinoyatlarni fosh etish, asosan, Bosh Prokuratura huzuridagi departament organlari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Garchi bu turdagi jinoyatlarni fosh etish olqishlansa-da, ammo fosh etish amaliyoti jarayonida salbiy holatlar uchrab turibdi», — deydi advokat.

Abdullayevning aytishicha, ushbu masaladagi salbiy holatlar shundan iboratki, fuqaro qonunga xilof ravishda valuta zaxiralarini olish va o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar yoki unga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni bilan bog‘liq holatlar yuzasidan murojaat qiladi. Amaldagi qonunlar bo‘yicha, fuqaroning o‘z burchini necha marta bajarishi mumkinligi yuzasidan aniq taqiq qo‘yilmagan.

«Lekin ba'zi hollarda ko‘rishimiz mumkinki, bir fuqaro bir necha marta fuqarolik burchini bajarib, go‘yoki departament xodimlari bilan hamkorlik o‘rnatib olgan. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak, u o‘z burchi yuzasidan murojaat qilyapti. Biroq ayrim hollarda o‘ylantiradigan jihati shundaki, bitta shaxs o‘z burchini bir-ikki marta bajardi, biroq bu davomiylik shubha ostida qolyapti. Bundan manfaat nima bo‘lishi mumkin?», — deya Abdullayev Sarvar bilan aloqaga kirishgan qiz kabi shaxslarning harakatlarini shubhaga oladi.

«O‘ylaymanki, bu borada organlarning manfaati qancha jinoyat aniqlangani hisobi bilan bog‘liq bo‘lsa, fuqaroda ham qandaydir manfaat bor. Shuning uchun ham, fikrimcha, bu turdagi jinoyatlarni sodir etishga dalolat qilgan shaxslarning ham masalasini ko‘rib chiqish kerak. Chunki bunday fuqarolar ish sodir bo‘lishiga sababchi- undovchi rolini o‘ynayapti», — deya ta'kidlagan huquqshunos.

Sarvarning otasi Kun.uz bilan suhbatda jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmay qolayotganini iddao qildi. 

«Masalan, o‘g‘rilik, qotillik. Bu vaziyatda o‘zim surishtirsam, bular departament boshchiligida shunaqa ayollarni ishga solib, o‘g‘limga o‘xshagan yosh, o‘spirin tajribasiz yoshlarni telefon orqali topib, hammasi uyushtirilarkan. Valutafurush bilan aynan shug‘ullanayotganlarning aynan o‘zlarini nega ushlashmayotgani haqida so‘rasam, ularni ushlab bo‘lmaydi, deb javob berishdi. Ko‘chadagi, bozorlardagi valutafurushlarni yonidan chiqsa, bor-yo‘g‘i 200-300 dollar chiqishi mumkin ekan.

Birinchidan, bu narsa jinoiy javobgarlikka tortmaydi. Ikkinchidan, ular tonadi. Tanishim, qarindoshim kabi turli bahonalar bilan qutulib ketishlari mumkin ekan», — deydi Sarvarning otasi Tolib Otaboyev.

Otaboyev suhbat davomida fuqaroviy burch tushunchasini o‘zicha ifodalab o‘tdi.

«Mening tushunchamda jinoyatning oldini olish, agar ko‘chada biror noqonuniy harakat sodir bo‘layotgan bo‘lsa, uni ko‘rib xabar bersa yoki biror mansabdor shaxs ishimni to‘g‘rilab berish uchun pora so‘rasa, men buning oldini olish burchim, deb o‘ylab, tegishli joyga xabar qilsam, vazifamni ado etgan bo‘laman.

Biroq bular o‘zlari o‘spirin bolalarni turli ayollar yordamida ishontirib, ishni bunaqa ahvolga olib kelishlari adolatdanmi? Meni qiynayotgan narsa shu», — deya savol bilan yuzlanadi u.

Advokat Xurshed Rustamov tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan odamning ham kimligiga e'tibor qaratish kerakligi bildirdi.

«U ijtimoiy jihatdan foydali mehnat bilan shug‘ullanadimi yoki ma'lum organ xodimi bilan birgalikda til biriktirib kimnidir jinoyatga yetaklayotgan shaxsmi, aniqlashtirish kerak.

Ariza yozib kimnidir jinoyatga undashni kasb qilib olmaganmi bilish kerak. Agar birinchi marta bo‘lsa, mayli. Biroq amaliyotda3-4 martalab valuta almashtirish ishi bo‘yicha arizachi bo‘lganlar uchrab turibdi. Ularning arizadan maqsadi jinoyatning oldini olishmi yoki bu yo‘l bilan jamiyatda yana bir jinoyatchini ko‘paytirishmi?

To‘g‘ridan to‘g‘ri savol qo‘yish kerak: agar arizachi valuta almashtirish bo‘yicha gumondor, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga «Valuta topib ber» deb murojaat qilmaganda edi, bu shaxs o‘z-o‘zidan shunga harakat qilarmidi? Yana bir tarafi taklif kimdan chiqqaniga ham e'tibor berish kerak. agar arizachi o‘zi valuta so‘rab iltimos qilgan bo‘lsa, bunda u holda bu odam jinoyatning oldini olgan emas, jinoyatga yetaklagan shaxs bo‘lib qoladi. Bunda arizachining o‘zini ham javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi», — deydi u.

Advokat Rustamovning aytishicha, jinoyatga jazoni kuchaytirish bilan uning sodir bo‘lish xavfini kamaytirib bo‘lmaydi.

«2019 yilning boshida valuta almashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga jazo tartibi kuchaytirildi. Hozirgi kundagi holatda 4-qism bo‘yicha 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi. Oddiy qilib aytsak, javobgarlik jinoyatning klassifikatsiyasiga qaraganda 2 barobar kuchaytirildi, bir bosqichga ko‘tarildi. Oldin ijtimoiy xavfi pastroq jinoyatlar sirasiga kiritilgan bo‘lsa, hozir og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi.

Fikrimcha, undan ko‘ra jinoyatga yetaklaydigan asoratlar yo‘qotilsa, to‘g‘riroq bo‘lar edi. Asosiysi, fuqarolarga to‘g‘ri tushuntirish kerak.

Oxirgi 2-3 yil ichida chet el valutasini to‘g‘ridan to‘g‘ri bankda almashtirish imkoniga erishildi. Lekin valuta sotib olish uchun avval plastik kartochkaga summani tushir, undan keyin yechtirish kerak kabi oddiy xalq tushunmaydigan holatlar bor. Agar so‘mni xorijiy valutaga almashtirish tizimini ham oddiy qilib qo‘ysa, bu jinoyatlar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi.

Yoki masalaning ikkinchi tomoni valutafurushlarga qonuniy ruxsat berib, davlatga soliq to‘lashga imkon berish kerak O‘shanda ham agar ular qonunni buzsa, keyin sanksiyani kuchaytirsa bo‘ladi. Agar Toshkent shahrida hozir 200 nafar valutafurush bo‘lsa, ularga ma'lum joylarda tadbirkor sifatida registratsiyadan o‘tib ishlashi uchun ma'lum talablar qo‘yish mumkin. O‘sha talab buzilsa, u holda javobgarlik belgilansa, menimcha, foydaliroq bo‘lardi, soliq tushumlari ham oshardi», — deydi Xurshed Rustamov.

Suhbatdoshlar ta'kidlaganidek, hisobot uchun bajarilayotgan, tashkil etilayotgan jinoyatlar va ularni «fosh etish» tadbirlari odatiy holga aylansa, qonun ijodkorlari, nazorat organlari qanday munosabat bildiradi? Biz mavzuga yana qaytamiz.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: