Tadbirkorlik – yo‘qotish va topishdan iborat soha. Mazkur faoliyatning issiq-sovug‘iga chiday olgan, yo‘lidan chekinmagan va sohaga qandaydir yangilik olib kira olgan inson albatta muvaffaqiyatga erishadi.
Kun.uz sayti tadbirkorlik yo‘nalishida ma'lum muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning faoliyati va muvaffaqiyat sirlarini o‘rganish va shu orqali o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatida turgan yoshlar uchun kerakli ma'lumotlarni yetkazish maqsadida «Qadam-baqadam» loyihasini yo‘lga qo‘ydi.
Mazkur loyiha Alibazar, Europol kompaniyalari va «Omadli xonadon» teleloyihasi asoschisi Alisher Avazov bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
Tadbirkor bilan biznes boshlash, kichik kompaniyalarning raqobat muhitida yashab qolishi, monopoliya, shuningdek, yosh tadbirkorlar uchun kerak bo‘ladigan boshqa tavsiyalar haqida suhbatlashdik.
- Alisher aka suhbatimiz avvalida Alibazar, Europol kompaniyalari, shuningdek, «Omadli xonadon» teleloyihasi haqida qisqacha ma'lumot bersangiz.
- Europol bu – qurilish mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniya hisoblanadi. U bundan o‘n besh yil avval tashkil qilingan. Kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi pol qoplamalarini mijozlarga yetkazib berish hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda Europol sohadagi taxminan o‘n beshta chet el kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili hisoblanadi.
Europol barcha turdagi qurilish materiallarini chet eldan o‘z savdo do‘konlariga olib keladi va mijozlarga yetkazib beradi.
Alibazar esa hali nisbatan yosh kompaniya, faoliyat boshlaganiga endi bir yarim yil bo‘ldi.
Men 2015 yil malaka oshirish maqsadida Amerika Qo‘shma Shtatlariga bordim. U yerda malaka oshirish vaqtida vaqtdan unumli foydalanib, g‘oya qidirishni boshladim. AQSh va O‘zbekiston bozorlarini o‘rgangan holda, mamlakatimizda qurilish mollari sotadigan onlayn-do‘kon yaratish g‘oyasi 2016 yilda kelgan. Shu yo‘nalishda ishlashni o‘zimga mo‘ljal qilib oldim. Va muddat kelgach, aynan shu sohada, shu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi kompaniyalarga ishga kirdim. Maqsad ulardan ish o‘rganib, ta'lim olish edi.
- 2017 yilga kelib bu borada baza shakllandi. O‘zbekistonda jamoa tuzib, shu yo‘nalishda ishlashni boshladim. Mana shu yilning yanvar oyida ishimizni boshlab yubordik.” Alibazar onlayn do‘koni nega aynan qurilish mollari sotishga mo‘ljallangan?” degan savolga javob beradigan bo‘lsam, bunga sabab, o‘zim qurilish mollari savdosi bilan 12 yildan buyon shug‘ullanaman. Bundan tashqari, bu g‘oya O‘zbekistonda yangilik, innovatsion g‘oya bo‘lganligi uchun va eng asosiysi men o‘z ishimni yaxshi ko‘raman va qurilish mollari sotish menga begona emas.
Bugungi kunda mijozlar taxminan o‘n mingga yaqin qurilish mahsulotlarini bizning do‘konimizdan xarid qilishlari mumkin.
Siz mahsulotlarimizga vebsayt, bot va telegram orqali buyurtma berishingiz mumkin va biz sizga ularni yetkazib beramiz.
«Omadli xonadon» teleloyihasini bizning erkatoy kompaniyamiz desak bo‘ladi. Bu ijtimoiy loyiha hisoblanadi va Rossiya telekanallaridagi «Shkola remonta» dasturiga ham o‘xshab ketadi. Biz aynan mazkur loyiha doirasida 2018 yilda o‘nta kam ta'minlangan oilaning uyini ta'mirlab berdik.
- Nima deb o‘ylaysiz, bugun O‘zbekistonda biznes boshlash qiyinmi?
- Aynan shu savol bilan ko‘plab yoshlar ham bizga murojaat qilishadi. Yaqinda bo‘y-basti kelishgan, oliy ma'lumotli bir yigitning taksichilik qilayotganini ko‘rib qoldim va u bilan biroz suhbatlashdim.
Undan oliy ma'lumotli, yosh bo‘la turib taksichilik qilayotganini so‘raganimda, O‘zbekistonda biznes boshlash qiyin bo‘lib ketgani, bugungi kunda biznesdagi hamma yo‘nalishlar egallab bo‘lingan, deya javob berdi.
Eng achinarlisi, bugungi kunda ko‘pchilik yoshlar mana shunday fikrga ishonadi.
Keling, tarixga nazar solamiz. Bundan o‘n to‘qqiz, yigirma yil avval dunyoda taxminan uch yuz o‘ttiz ikkita milliarder bo‘lgan. 2010 yilda dunyo milliarderlari soni olti yuz yetmishtaga yetdi, ya'ni raqamlar ikki barobar o‘sgan. Shu raqam o‘tgan 2018 yilda ikki ming ikki yuzdan ortib ketdi.
Endi millionerlar soniga e'tiboringizni qaratsam. Asrimizning boshi 2000 yilda millionerlar soni besh millionta bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2010 yilda o‘n bir va 2018 yilda o‘ttiz olti millionga yetdi. Hali tarixda millioner va milliarderlar sonining bunchalik tez darajada o‘sishi kuzatilmagan. Men nega bularni aytmoqdaman? Tahlillar millioner va milliarderlikka erishgan insonlarning yetmish foizdan ortig‘i birinchi avlod, ya'ni oddiy oilada tug‘ilib o‘z mehnatlari natijasida katta mablag‘ jamg‘ara olgani ko‘rsatmoqda. Bu o‘qituvchi, shifokor va dehqon oilasi ham bo‘lishi mumkin.
Demak, hozirgi paytda millionerlar sonini yer yuzidagi umumiy aholi soniga bo‘ladigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda taxminan ikki yuz mingtani tashkil qilish kerak. Bu degani yaqin bir ikki yil ichida siz-u bizni millioner bo‘lib ketishimizga katta imkoniyatlar mavjud. Faqat harakat qilishimiz kerak.
- Alisher aka bugun O‘zbekistonda tadbirkorlikning aksariyat katta yo‘nalishlari gigant kompaniyalar tomonidan egallab bo‘linmadimi?
- Avvalgi savolga javob berishda men millionerlar sonini tahlil qildim. Ularning aksariyati bugun AQSh va Yevropa davlatlarida yashashadi. Endi ayting-chi, Yevropa va AQShda gegemon kompaniyalar paydo bo‘lganiga yuz yildan oshmadimi? Bizdagi gegemonlarning paydo bo‘lganiga qancha bo‘ldi, atigi yigirma yil.
Biznes qilaman degan kishi sohada o‘rnatilgan gegemonlikka e'tibor berishi kerak emas.
Tadbirkor Alisher Avazov suhbat davomida shuningdek, tadbirkorlik faoliyatida duch kelinishi mumkin bo‘lgan turli ziddiyatli vaziyatlar, tadbirkorlikdagi ilk qadamlari borasida qiziqarli fikrlarini bildirdi. Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Bizga yana bir qadam yaqinrok bo‘ling.
Telegram: t.me/Alisheravazov
Mover: https://bit.ly/2TcYhHU
Youtube: https://bit.ly/2MyLXiY
Instagram: http://bit.ly/2S3xhO0