«Davlat rejasi bilan yuritiladigan qishloq xo‘jaligi samarali bo‘lishiga ishonmayman» – Niderlandiyalik mutaxassis bilan suhbat

Iqtisodiyot 20:13 / 01.07.2019 46983

Niderlandiya qirolligi, xalq tilida – Gollandiya. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha yirik davlatlarni ortda qoldirib, dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turgan davlat. Innovatsiyalar o‘chog‘i. Yuqori texnologik qishloq xo‘jaligi. 140dan oshiq mamlakatlar Gollandiya tajribasini o‘zlashtirishyapti.

Toshkentga tashrif bilan kelgan niderlandiyalik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahatchi Meuves Brauver Kun.uz uchun bergan intervyusida ikki davlat o‘rtasida rejalashtirilgan tadbirlar bilan tanishtirish barobarida muxbir savollariga javob berdi va fermerlarning mustaqilligi bilan qishloq xo‘jaligi samarasi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirdi. E'tiboringizga mazkur videointervyu va undan olingan iqtiboslarni matn shaklida havola qilamiz.  

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Janob Brauver! Niderlandiya qirolligi bor-yo‘g‘i yarim million gektar ishlov beriladigan yeri bo‘la turib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Niderland fermerining muvaffaqiyati sabablarini tushuntirib bersangiz. Toki biz yerni to‘g‘ri istifoda etish borasida tegishli xulosalarni chiqarib olsak.

Haqiqatan Niderlandiya kichik mamlakat. O‘zbekiston bilan taqqoslaganda Niderlandiya 10 barobar kichik. Shuning uchun biz yerdan o‘ta unumli foydalanishimiz kerak. O‘ta muhim jihat – bizda fermer va ishlab chiqaruvchilar hamkorlikda ishlashadi. O‘zbekiston uchun ham aynan shu narsa muhim: fermerlar, davlat, ta'lim dargohlari – hamma o‘zaro hamkorlikda ishlashi kerak. Tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, biz niderlandiyaliklarning qishloq xo‘jaligi sohasida erishgan ulkan yutuqlarimiz o‘zaro hamkorlik natijasidir. Shu tarzda ishlash sohaga innovatsiyalar kiritish imkoni yaratadi. Innovatsiyalar yordamida katta natijalarga erishish mumkin. Yangi navlarni yuzaga keltirish, genetik tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Biz O‘zbekistonga quyidagi uch yo‘nalishda yordam berishimiz mumkin: 

meva sabzavot yetishtirish,  

sut yetishtirish,

parrandachilik.

Va biz ikki yil avval bu yo‘lda harakatlarni boshlab yuborganmiz. Endi ikkinchi bosqichga o‘tyapmiz – o‘simlikshunoslik bo‘yicha maxsus innovatsion ta'lim markazini qurishga shaylanyapmiz. Bu yerda fermer va talabalar bilimlarini oshirishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda aksar fermerlar erkin emas. Ya'ni aksar fermerlar davlat nima ekishni buyursa, o‘shani ekishadi. Asosan paxta va bug‘doyni. Nima deb o‘ylaysiz, janob Brauver, bunday holat qishloq xo‘jaligi samaradorligiga qay darajada zarar keltiradi?

Biz albatta, bozorga qaraymiz, bozor talabiga muvofiq ish tutamiz. Fermer bozor talab qiladigan, o‘ziga ko‘proq foyda keltiradigan mahsulotni yetishtirishi kerakligiga aminmiz. Ammo mahsulot xavfsizligi degan tushunchalar ham bor, ularni ham, menimcha, hisobga olish kerak. Biroq bu narsa erkin bozorga daxl qilmasligi kerak. Ba'zi davlatlar eksportni rivojlantirib, importga chegaralarini yopib qo‘yishadi. Biz unday qilmaymiz. Mahsulot almashishi, talab-taklifdan kelib chiqadigan tabiiy muvozanat joriy bo‘lishi kerak.

Niderland fermeri ozodmi?

Men o‘zimning ukamni misol keltiraman. Ukam ham fermer. 300ta sigiri bor. U qancha sut yetishtirishni o‘zi hal qiladi. Boshqa tarafdan, ba'zi cheklovlar mavjud. Masalan, u o‘zining hududida haddan tashqari ko‘p sigir boqolmaydi, chiqindi va boshqa jihatlarni hisobga olishi kerak.

Bizda fermerlar doim kuchli raqobat sharoitida faoliyat yuritishadi. Boshqacha qilib aytganda fermer raqobatbardosh bo‘lish uchun doim o‘z ustida ishlashi kerak bo‘ladi. Shu sabab ham, masalan, Niderlandiyada fermerlar texnologik yangiliklarga tashna bo‘lishadi. Bu – raqobatning yana bitta ulkan foydasi. Yashab qolish uchun fermerlar qattiq izlanishadi, rivojlanishadi. Fermer erkin bo‘lmasa izlanmaydi.  

Niderlandiyalik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahatchi Meuves Brauver

Niderland fermerining yeri uning xususiy mulkimi?

Fermerlarning bir qismi xususiy yerlarida faoliyat yuritishadi, boshqa qismi yerni ijaraga oladi.

Janob Brauver, siz bizdagi kabi davlat rejasiga muvofiq faoliyat yuritadigan, shu bilan birga yaxshi samara beradigan, rentabelli, mehnatkashlarni xushnud qiladigan qishloq xo‘jaligiga ega davlatni bilasizmi?

Men, albatta, erkin, mustaqil fermerga ishonaman. Qarorlarni o‘zi qabul qiladigan fermerga. Biz ulkan, ammo samarasiz fermer xo‘jaliklariga ega mamlakatlarni bilamiz. Shu bilan birga, biz kichkina, ammo o‘ta samarali, o‘ta sifatli mahsulot yetishtiradigan, mahsuloti bilan xalqaro bozorlarga chiqadigan oilaviy fermer xo‘jaliklarini ham bilamiz. 

Albatta, men davlat buyurtmasiga asosan faoliyat yuritadigan qishloq xo‘jaligi istiqboliga ishonmayman. Davlatning vazifasi birinchi navbatda – fermerni bilimlar bilan, yaxshi dasturlar bilan, moliyalashtirish, tadqiqot materiallari bilan ta'minlash, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash. Bu – davlat qilishi kerak bo‘lgan ishlar.

Ijozat bersangiz, bir misol keltirsam. Yuz yil avval butun dunyo qishloq xo‘jaligida inqiroz yuz berdi – dunyo bo‘ylab juda kam mahsulot yetishtirildi. Bunday paytda ko‘plab mamlakatlar o‘z chegaralarini yopib qo‘yishga qaror qildi. Faqatgina Niderlandiya «biz chegaralarimizni ochib qo‘yamiz, mahsulot almashinuv bo‘laversin» dedi.

Shu bilan birga, Niderlandiya hukumati ta'limga, ilmiy tadqiqotlar uchun sharoit yaratishga, qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsiyalarni oldinga surishga mablag‘ sarflashga qaror qildi.

Fikrimcha, Niderlandiya hukumatining aynan o‘sha paytda qabul qilgan mazkur qarorlari uzoq muddatli natijalarni keltirib chiqardi. Va aynan o‘sha qarorlar hozirgi vaziyatimiz – Niderlandiyaning o‘sha – siz aytgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi bo‘lib turganiga sabab bo‘ldi.   

O‘zbekistonda 4 million gektarga yaqin ishlov beriladigan yer bor. Shu bilan birga juda ko‘p odamlarimiz mehnat qilib pul topish uchun chet elga, masalan Rossiyaga ketishadi. Bu holat haqida nima deya olasiz?           

Buncha yerga ishlov berish uchun, albatta, ishchi qo‘llar kerak bo‘ladi. Albatta bunda O‘zbekiston o‘z aholisini – ona xalqini ish bilan ta'minlashi kerak bo‘ladi. Ammo bu uchun yangicha ishlashga o‘tish, xususan qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni kiritish kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: