Toshkentga qaysi mamlakatlar sarmoya kiritishga qiziqmoqda? Ortiqxo‘jayev bu haqda ma'lumot berdi: ular orasida EMAAR ham bor

Iqtisodiyot 15:20 / 30.06.2019 20965

Toshkent shahriga qaysi mamlakatlardan investorlar ko‘proq qiziqish bildirmoqda yoki amaliy harakatlarni boshlab yuborishgan? Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hokimlikda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarning shu kabi savollariga javob qaytardi. 

«Har bir davlatning iqtisodiy siyosati bo‘ladi. Amerikaliklar odatda ikkinchi bir davlatga sarmoya kiritishga shoshilmaydilar. Albatta, dunyoga ochilayotganimiz, Prezident Mirziyoyev tomonidan bir qancha davlatlarga vizalarning bekor qilinishi ham yordam beryapti. Shu hafta Marokash va Amerika elchilarini qabul qildim. Amerika O‘zbekistonga investitsiya kiritish borasida harakatga tushib qolgan.

Turkiya borasida aytishim mumkinki, turkiyaliklar qayerda imkoniyat bo‘lsa sarmoya kiritishga, tez kirib, tez moslashadigan millat. Ular birinchi kirishni boshladi va ko‘p investitsiya kiritdi. Koreyadan bor. So‘nggi ikki oyda Xitoydan investorlar kelishi jadallashdi. Rossiya, Qozog‘istondan kelishyapti. Tojikistondan takliflar bildirilyapti. Ozarboyjon, Afg‘oniston, arab davlatlari, ayniqsa, BAA bilan katta loyiha ustida ishlayapmiz. Dunyoning eng baland imoratini qurgan EMAAR kompaniyasi prezidenti keldi. Katta taassurot qoldi. Saudiya Arabistoni va Germaniya qiziqish bildiryapti. Ammo, ta'kidlash o‘rinliki, germaniyaliklar ham bu borada anchagina ehtiyotkor xalq. 

Ta'kidlash o‘rinliki, bizga qaysi davlat kirib kelayotgani yoki qiziqish bildirayotganining ahamiyati yo‘q. Yetarki, bizga kelsin, sarmoya kiritsin, ish o‘rni yaratsin, odamlar ish bilan band bo‘lsin», - dedi Ortiqxo‘jayev. 

Ko‘proq yangiliklar: