Shveytsariya Gulnora Karimovaning «muzlatilgan» pullaridan 133 mln dollarini O‘zbekistonga qaytaradi

O‘zbekiston 18:00 / 24.06.2019 59459

Shveytsariya bosh prokuraturasi 6 yil davom etgan tekshiruvlar yakunida O‘zbekiston bozoriga kirishga harakat qilgan xorijiy kompaniyalardan yirik miqdorlarda noqonuniy yig‘imlar sxemasi tuzilganiga dalillar topgan.

Shveytsariya bosh prokuraturasi ushbu tekshiruvlar asosida 130 million Shveytsar franki (133 million dollar) miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytaradi. Qayd etilishicha, gap «Gulnora Karimova ishi» bo‘yicha «muzlatilgan» pullar haqida ketmoqda.

«Olti yildan beri olib borilaëtgan murakkab jinoyat ishi tergovining bir qismi sifatida Bosh prokuratura O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi ëki faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lgan xorijiy kompaniyalardan yirik miqdordagi noqonuniy yig‘imlar olinishi sxemasini fosh qiluvchi dalillarga ega bo‘ldi. Bu sxema doirasida yig‘ilgan pullar xorijda, asosan Shveytsariyada yuvilgan. 

Ushbu tekshiruvlar asosida... 130 million frank qiymatdagi aktivlar O‘zbekistonga qaytariladi», deyiladi prokuratura xabarida.

Prokuratura xabarida qayd etilishicha, bu mablag‘lar O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning qarindoshiga nisbatan tergov jarayonida musodara qilingan edi.

Shveytsariya Bosh prokuraturasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2004−2013 yillarda «o‘ta faol bo‘lgan» Gulnora Karimovaning hukm qilingan qarindoshi (ismi oshkor qilinmagan erkak kishi) pul o‘tkazmalarining kelib chiqish manbalari va haqiqiy foydalanish maqsadlarini yashirgan holda ulardan bir qismini yuvish maqsadida kompaniyalar nomidan bank hisob raqamlarini ochadi. U shuningdek, mablag‘larning haqiqiy egasi Gulnora Karimova ekanini yashirish uchun soxta bank hujjatlariga imzo chekadi.

Tekshiruvlar davomida bu shaxsga 390 ming frank miqdoridagi jarima qo‘llangan. Bundan tashqari, prokuratura 130 million frankdan ortiq mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida musodara qilgan.

Ayni vaqtda Shveytsariyada bu ish doirasida yana 5 nafar gumonlanuvchi tergovda bo‘lib turibdi, ularning hisoblaridagi 650 million frankdan ortiq mablag‘ ham muzlatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shveytsariya federal prokuraturasi 2012 yil ëzida ochgan jinoiy ish doirasida Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytilgan bank hisoblaridagi 800 million frank mablag‘ muzlatib qo‘yilgan edi.

Shveytsariya prokuraturasi baënotida muzlatilgan pullarning qolgan qismi taqdiri nima bo‘lishi haqida ma'lumot berilmagan.

23 iyun kuni Gulnora Karimovaning qizi Instagramdagi sahifasida onasining navbatdagi murojaatini e'lon qildi. Unga ko‘ra, Gulnora Karimova Shveytsariyada muzlatilgan pullarni O‘zbekistonga qaytarishda hukumat bilan hamkorlik qilayotgani aytilgandi.

«Birinchi so‘rovlardanoq mablag‘larim mamlakat rivoji uchun xizmat qilishi maqsadida hamkorlik qilishni boshlaganman. Bu pullar O‘zbekiston uchun naf keltiradigan loyihalarda salmoqli o‘rin tutadi, degan umiddaman. Prokuratura davlat foydasiga musodara qilingan mol-mulk va vositalarni aniq hisoblab bo‘lmasligini da'vo qilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston hududidagi 1,2 milliard dollar miqdoridagi shaxsiy aktivlarim menga tegishlilikdan chiqqani va respublika budjeti uchun ishlayotganini bildirmoqchiman. Bu holat bir necha mahalliy tekshiruvlar davomida o‘z tasdig‘ini topgan», — deyilgan bayonotda.

Shuningdek, bayonotda Shveytsariyadagi hisob raqamlarda muzlatilgan mablag‘lar masalasiga ham aniqlik kiritilgan.

«Men va advokatlarim 131 million AQSh dollari miqdoridagi pullar qaytarilishi uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. 555 million dollarlik boshqa summa uchun ham harakatni boshlaganmiz.

Bu masala faqat menga tegishli yoki bog‘liq emas. Ularga boshqa davlatlardagi ko‘pchilik da'vogarlik qiladi. Vaholanki, ularning barchasi mening aktivlarim. Bunda men tomonimdan ishga tushirilgan yirik kompaniyalar O‘zbekistonda 15 ming kishini ish bilan ta'minlaganini ham hisobga olish lozim», — deya ta'kidlanadi bayonotda.

Avvalroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning Shveytsariyada muzlatib qo‘yilgan pullarining bir qismini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ish olib borilayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: