Saudiya Arabistonidagi Abha aeroporti yana hujumga uchradi. Bir kishi halok bo‘ldi 

Jahon 08:49 / 24.06.2019 10469

Saudiya Arabistonining Yaman bilan chegaradosh Abha shahri aeroporti 23 iyunda yamanlik husiylar tomonidan yana hujumga uchradi. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jabrlangan. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar berdi.  

Hujum dronlar yordamida amalga oshirilgan.

Ma'lum qilinishicha, halok bo‘lgan odam Suriya fuqarosi bo‘lib, u aeroport yonidagi avtoturargohda olingan jarohatlar oqibatida jon bergan. Yana 21 kishi turli og‘irlikdagi jarohatlar olgan.  

Bundan avvalroq husiylar Saudiya Arabistonining ikki aeroportiga hujum qilishganini e'lon qilishgan. “Ansor Alloh” harakatining ma'lum qilishicha, Abha va Jizan shaharlari aeroportlariga dronlar yordamida hujum qilingan. 

Bir necha kun avval esa husiylar Saudiya Arabistoni chegarasidagi Jizan shahri yaqinida joylashgan Ash-Shaqiqdagi elektr stansiyaga raketa zarbasi berishganini ma'lum qilishgan. O‘shanda husiylar rasmiy vakili Yahyo Sariya yaqin orada “Ansor Alloh” tarafdorlari qirollikning muhim obektlariga tayyorlangan “ko‘plab syurprizlarni taqdim qilishini” aytgan.

Hozircha qirollik rahbariyati tomonidan aeroportlarga hujum qilingani borasida izohlar berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: