O‘zbekistonning bir gramm manfaati ham «Novaport»ga o‘tib ketmaydi - Transport vazirligi

O‘zbekiston 23:13 / 24.06.2019 18557

Transport vazirligi aviatsiya yo‘nalishidagi masalalarga tizimli yondashayotganligi haqida «Avia va avtomobil transporti infratuzilmasini, shu jumladan, jamoat transportini yanada rivojlantirish strategiyasi»  mavzusida o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

«Bu degani agar aeroport tomidan suv o‘tib ketsa, yugurib borib, tom yamash degani emas, chunki bunga javob beradigan o‘zining alohida mas’ul tashkiloti bor. Bizning vazifamiz kamchiliklar tizimli davom etmasligiga erishish»,  —  deydi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamov.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, tegishli hujjatlar asosida «O‘zbekiston havo yo‘llari»  milliy aviakompaniyasi negizida Uzbekistan airways va Uzbekistan airports aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.

Bu jarayonlardan oldin «O‘zbekiston havo yo‘llari»  milliy aviakompaniyasi o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi, o‘zi tartibga soluvchi, aeroportlarni boshqaruvchi yagona monopol tashkilot bo‘lgan. 

Brifingda uning bir qator vazifalari, birinchi navbatda, tartibga solish funksiyasi Transport vazirligiga o‘tkazilgani haqida ma’lumot berildi.

Ilhom Mahkamovning aytishicha, aeroport sohasiga xususiy sektor ham jalb qilinmoqda. Lekin aeroport va uning infratuzilmasi faqat davlatga tegishli. Maksimum olganda ular xususiy sektorga kelishuv asosida boshqaruv uchungina berilishi mumkin.

«Rossiyaning 14 dan ortiq aeroportlarni boshqarib kelayotgan «Novaport»  kompaniyasiga Samarqand, Urganch va Namangan shaharlari aeroportlarining foydalanishga berilishi uchun loyihaning ishlab chiqilayotgani bu boradagi ilk qadamdir. 

Loyihaga nisbatan bildirilayotgan ayrim e’tirozlarga javoban aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining bir gramm manfaati ham «Novaport» ga o‘tib ketmaydi, hamma ishlarning huquqiy asoslari yaxshilab o‘rganib chiqiladi», —   deydi vazir o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: