OAV: Britaniya mudofaa vazirligi Solsberini zaharli moddadan tozalashga 23 mln dollar sarfladi

Jahon 15:10 / 24.06.2019 3123

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Solsberini GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliya zaharlangan modda izlaridan tozalash uchun 18 mln funt (23 mln dollar) sarfladi. Bu haqda The Sun gazetasi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, vazirlik Solsberidagi ehtimoliy zararlangan joylarni tozalashga 10,9 mln funt ($14 mln) sarflagan. Yana 6,7 mln funt ($8,5 mln) tozalash jarayonida foydalanilgan qurilma va ashyolarga ketgan. 286 ming funt esa transport xarajatlari, Solsberiga jo‘natilgan ekspert va harbiylarning yashash hamda yeb-ichishi uchun sarflangan.

Noyabrda Salisbury Journal gazetasi Solsberi va Eymsberidagi zaharlanishlarni o‘rganish uchun politsiya jami 11 mln funt ($14 mln) sarflaganini yozgandi. Bundan tashqari, zaharli moddalar qoldig‘i bo‘lishi ehtimoli bois 16ta politsiya va 8ta tez yordam mashinasi ko‘mib tashlangan. Ularning umumiy qiymati£892 ming funtni ($1,14 mln) tashkil etadi, deb yozadi The Sun.

Skripallar 2018 yil marti boshida Solsberidagi uylarida hushsiz topilishgan. Britaniya hukumati ularning zaharlanishida Moskvani ayblagan. Ta'kidlanishicha, Skripallarga hujum vaqtida “Novichok” turidagi modda qo‘llangan. Biroq Rossiya bu ayblovlarni inkor etib keladi.  

Ko‘proq yangiliklar: